GRE nima? GRE imtihoni va uning boʻlimlari haqida batafsil maʼlumotlar
Magistratura yoki Ph.D bosqichini Amerika, Avstraliya yoki boshqa xorijiy davlatlarda davom ettirishni istovchi talabalar talaygina. Oʻz navbatida yuqori reytingdagi universitetlarning aksariyati bu bosqichda oʻqish uchun nomzodlardan GRE koʻrsatkichini taqdim qilishini soʻraydi. Bugungi maqola AQSH yoki boshqa top xorijiy davlatlarda joylashgan universitetlarning qabul talablaridan biri bo'lgan (magistratura va PhD uchun) GRE imtihoniga bagʻishlanadi.
Test haqida umumiy
GRE testi butun dunyo boʻylab oliy taʼlim muassasalari tomonidan magistratura va PhD dasturlariga oʻqishga kirish uchun qoʻyilgan umumiy qabul talabidir. Yaxshi GRE balli talabalarga yuqori reytingdagi universitetlarga oʻqishga kirishga yordam beradi va bu grantlar yutishda ham muhim rol oʻynaydi. Mazkur imtihon deyarli barcha yoʻnalishlar: biznes, taʼlim, injenering, gumanitar fanlar, tabiiy fanlar shuningdek ijtimoiy fanlar yoʻnalishlarida oʻqimoqchi boʻlgan talabalar uchun kalit vazifasini bajaradi.
GRE imtihoni umumiy 1 ta AWA (Analytical writing assessment), 2 ta Verbal reasoning va 2 ta Quantitative reasoning boʻlimlaridan iborat boʻladi. Bundan tashqari, imtihon topshiruvchiga yana bitta qoʻshimcha Verbal yoki Quantʼga oid test boʻlimi taqdim etiladi. AWA qismi doim imtihonda birinchi keladi va qolgan qismlar unga ergashadi. Maksimal GRE balli 340 ballni tashkil qilib, bu Quant va Verbal qismlaridagi ballar yigʻindisidan iborat. Bundan tashqari, Analytical writing uchun ham alohida 6 ballik tizimda ball taqdim etiladi.
Har bir boʻlim haqida batafsil
Analytical writing assessment
Analytical writing assessment — tahliliy yozishni baholash boʻlimi sizning fikringizni va murakkab gʻoyalarga javoblaringizni aniq va asosli tarzda ifoda eta olishingizni oʻlchaydi.
Tahliliy yozish boʻyicha ikkita alohida topshiriq davomida sizdan “Muammoni tahlil qilish”(Analyze an issue) va “Argumentni tahlil qilish”(Analyze an argument) soʻraladi. “Muammoni tahlil qilish” topshirigʻida siz umumiy qiziqish mavzusi boʻyicha fikrni oʻqiysiz va koʻrilayotgan masalaga qanday munosabatda boʻlish boʻyicha koʻrsatmalar berasiz. “Argumentni tahlil qilish” topshirigʻi uchun siz taklifda berilgan koʻrsatmalarga muvofiq argumentni koʻrib chiqishingiz kerak boʻladi. Topshiriqlarning har biri uchun 30 daqiqadan vaqt ajratiladi. Yuqorida aytganimizdek, AWA boʻlimi 0-6 ball oraligʻida baholanadi. Tanlangan yoʻnalishga qarab koʻpchilik universitetlar talabaning AWA natijalariga alohida eʼtibor qaratadi.
Verbal reasoning
GREʼning Verbal boʻlimi sizning yozma materialni tahlil qilish qobiliyatingizni, shuningdek, jumlalarning tarkibiy qismlari, soʻzlar va tushunchalar oʻrtasidagi munosabatlarni aniqlay olish qobiliyatingizni tekshiradi. Bu bo'lim maksimal 340 ballning yarmini, ya'ni 170 ballini tashkil qiladi. Mazkur boʻlimda Text completion (matnni toʻldirish), Sentence equivalence (gap ekvivalentligi) hamda Reading comprehension (oʻqib tushunish)ga oid savollar boʻladi.
Text completion qismida sizdan gaplardagi boʻsh joylarni mos soʻzlar bilan toʻldirishingiz soʻraladi. Toʻldirishingiz kerak boʻlgan boʻsh joylar soni bitta gapda 1 ta, 2 ta va 3 ta boʻlishi mumkin. Bu topshiriqni yaxshi bajarish uchun sizda kuchli lugʻat boyligi hamda kontekstga qarab soʻzlarni toʻgʻri qoʻya olish qobiliyati mavjud boʻlishi kerak. Har bitta savolga toʻliq javob berilgandagina javob toʻgʻri deb qabul qilinadi. Odatda Verbal'ning har bir boʻlimida 6 tadan bu tipdagi savollar mavjud boʻladi.
Sentence equivalence turidagi savollar gapdagi bitta boʻsh joyni ikki xil bir biriga oʻxshash variantdagi soʻzlar bilan toʻldirishni talab qiladi, va ular mantiqiy jihatdan oʻxshash ikkita izchil jumlalarni yaratishi kerak. Har bir verbal boʻlimida taxminan toʻrtta SE savoliga duch kelasiz. Bu turdagi har bir savolga taxminan 1 daqiqada javob berishingiz kerak boʻladi.
Reading comprehension savollari strategik oʻqish va tarjima qilish koʻnikmalarini talab qiladi. Savollar sizdan matnda keltirilgan asosiy gʻoyalarni va matn tuzilishini tushunishni, shuningdek, parchadagi tafsilotlarni oʻrganishni va undan toʻgʻri xulosalar chiqarishni talab qiladi. Har bir verbal boʻlimida siz 10 tadan bu turdagi savollarga yuzlanasiz.
Quantitative reasoning
GRE'ning Quant boʻlimi sizning asosiy matematik koʻnikmalaringizni, shuningdek, miqdoriy usullar bilan mulohaza yuritish va masalalar yechish qobiliyatingizni tekshiradi. Bu bo'lim ham jami ballning teng yarmi - 170 ballni tashkil qiladi. Quant'da sizga boshlangʻich arifmetika, algebra, geometriya va maʼlumotlar tahliliga oid oʻrta maktabda oʻtiladigan savollar beriladi. Trigonometriya, hisob-kitob yoki boshqa yuqori darajadagi matematik topshiriqlarni koʻrmaysiz. Oʻz navbatida bu boʻlim ham 2 ga boʻlinadi: Quantitative comparison(miqdoriy taqqoslash) va Problem solving( masala yechish).
Odatda Quantitative comparison turidagi savollar sizdan ikkita miqdorni — A miqdori va B miqdorini taqqoslashni soʻraydi. Quantitativeʼning har bir boʻlimida 7-8 ta shu turdagi savollarga duch kelasiz.
Problem solvingʼda esa siz berilgan masala yoki misolga 5 ta javob variantidan toʻgʻrisini tanlashingiz kerak boʻladi. Bu savol turidan yaxshi ball olish uchun siz matematik formulalarni toʻgʻri qoʻllab, hisob-kitoblarni samarali va tez amalga oshirishingiz kerak boʻladi.
Bu yerda GRE imtihonida tushadigan savollar ko'rinishi bilan tanishishingiz mumkin.
Maqolamiz chet elda, xususan, AQSHda oʻqishni va top universitetlarga grant yutishni maqsad qilgan talabalar uchun zarur boʻlgan GRE imtihoni haqida edi. Bundan avvalgi maqolalarimizda GMAT imtihoni haqida yozilgan bloglarimizning birinchi va ikkinchi qismlari bilan ham tanishishingiz mumkin.