GMAT imtihonining boʻlimlari haqida batafsil maʼlumotlar (2-qism)
GMAT imtihoni jami 4 ta boʻlim: Analytical writing assesment, integrated reasoning, quantitative reasoning va verbal reasoningdan iborat boʻlib, oʻtgan postimizda GMAT va uning har boʻlimlari haqida umumiy maʼlumotlar bergan edik. Bugungi maqolamizda esa oʻquvchilarimizga GMAT testining har bir boʻlimi haqida batafsil maʼlumotlar bilan birgalikda test formatidagi savollardan namunalar taqdim etamiz.
Umumiy olganda, test topshiruvchi GMAT imtihonidan oʻtganda unga 5 xil ball taqdim etiladi. Analytical writing assessment uchun alohida ( 0-6), Integrated reasoning uchun alohida(1-8), quantitative uchun alohida (0-60), verbal uchun alohida (0-60) va umumiy natija (200-800) uchun alohida ball koʻrsatkichlari taqdim etiladi. GMAT testining umumiy natija balli(200-800) sizning quant va verbal qismlarini qanday ijro etishingizga bogʻliq. Oxirgi umumiy kompozitsion GMAT balli bu ikki boʻlimdagi ballaringizni birlashtirish orqali hisoblanadi. GMAT testi “computer-adaptive” boʻlgani uchun ballaringiz faqat toʻgʻri javob berilgan savollar soniga qarab aniqlanmaydi, yaʼni bu ikki boʻlimda savollar sizning ijrongizga qarab moslashtiriladi: siz savollarga toʻgʻri javob berganingizda qiyinroq savollar berila boshlaydi; bir necha savollarni notoʻgʻri topganingizda esa, osonroq savollar beriladi. Umumiy kompozitsion ballda siz javob bergan savollarning qiyinlik darajasi rol oʻynaydi.
Quantitative reasoning
“Quantitative reasoning” sizning matematik fikrlash, miqdorlar bilan bogʻliq masalalarni yechish va grafik maʼlumotlarni sharhlash qobiliyatingizni oʻlchaydi. U 31 ta savoldan iborat. Bu qismni bajarish uchun sizga 62 daqiqa vaqt beriladi. Quant boʻlimida ikki turdagi savollar mavjud — Problem sloving (masala yechish) va Data sufficiency (maʼlumotlar yetarliligini tekshirish). Ikkala turdagi savollar ham arifmetika, elementar algebra va keng tarqalgan geometriya tushunchalarini bilishni talab qiladi. Aytib oʻtish kerakki, savollarning qiyinligi asosiy matematik koʻnikmalarga emas, balki talab qilinadigan mantiq va tahliliy koʻnikmalarga bogʻliq. Siz quant qismini ishlayotganingizda kalkulyatordan foydalana olmaysiz.
Problem solving:
- Miqdorlar bilan bogʻliq masalalarni yechish uchun mantiqiy va analitik fikrlash qobiliyatingizni oʻlchaydi;
- masalani yechasiz va beshta javob variantidan eng yaxshisini tanlaysiz.
Odatda 31 ta savoldan 16-19 tasi problem solving'ga doir boʻladi.
problem solving'ga doir savollardan namuna
Aytish mumkinki, data sufficiency'ga doir savollar GMAT tomonidan biznesni boshqarish mahoratingizni eng yaxshi tekshirish usulidir. Investor, menejer yoki maslahatchi sifatida siz kamdan-kam hollarda toʻliq, mukammal maʼlumotlar toʻplamiga ega boʻlasiz va ayniqsa uni olish uchun vaqt va resurslaringiz yoʻq. Bunday vaziyatda siz qaror qabul qilishingiz kerak va bu turdagi savollar sizning aynan shu qobiliyatingizni tekshiradi.Bu savollar qaror qabul qilish (Ha/Yoʻq) yoki maʼlum bir savolga aniq javob bera olishingizni tekshiradi. Ushbu savol turi sizning fikr yuritish jarayoningizni sinovdan oʻtkazish uchun moʻljallangan. Odatda quant'ning 31tadan 14-15tasi data sufficiency'ga doir boʻladi.
data sufficiency'ga doir savollardan namuna
Verbal Reasoning
“Verbal reasoning” GMAT imtihonining sizning yozma materialni oʻqish va tushunish, argumentlarni asoslash va baholash, shuningdek, gʻoyalarni standart yozma ingliz tilida samarali ifodalash uchun berilgan materialdagi xatolarni toʻgʻrilash qobiliyatingizni oʻlchaydigan boʻlimidir. U 36 ta savoldan iborat. Uni bajarish uchun sizga 65 daqiqa vaqt beriladi.
Verbal'da uchta turdagi savollar mavjud: reading comprehension, critical reasoning va sentence correction. Reading comprehension va critical reasoning savollari muayyan verbal koʻnikmalarni sinab koʻrish uchun moʻljallangan kichik savol turlariga ega. Mazkur savollarga javob berish uchun sizga berilgan mavzu boʻyicha maxsus bilim kerak boʻlmaydi.
Reading comprehension soʻzlar va gaplarni tushunish, muhim fikrlar orasidagi mantiqiy munosabatlarni anglash, xulosalar chiqarish va miqdorlarning oʻzgarishini kuzatish qobiliyatingizni oʻlchaydi. Matnlar ijtimoiy va gumanitar fanlar, fizika va biologiya fanlari yoki biznes bilan bogʻliq sohalarni oʻz ichiga olgan mavzularni muhokama qiladi. Odatda verbal'ning 36 tadan taxminan 12 ta savoli reading'ga oid boʻladi. Reading comprehension'ga oid savol koʻrinishi bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
Critical reasoning dalillar keltirish, dalillarni baholash va harakatlar rejasini shakllantirish yoki baholash qobiliyatingizni oʻlchaydi. Bu savollari odatda 100 dan kam soʻzdan iborat qisqa matnlarga asoslanadi. Odatda, qisqa matn beshta javob variantidan qaysi biri argumentni qoʻllab quvvatlashi yoki aksi, argument nima uchun notoʻgʻri ekanligini yoki dalilni kuchliroq asoslashi yoki dalilni zaiflashtirishi haqida soʻraladigan savol bilan birga keladi. Odatda 36 ta savoldan taxminan 10 tasi critical reasoning'ga doir boʻladi.
critical reasoning'ga doir savol
Sentence correction til bilishingizning ikkita keng jihatini oʻlchaydi. Birinchidan, gapni grammatik va strukturaviy jihatdan mustahkam boʻlgan jumlalarni ishlatgan holda toʻgʻri ifodalash. Ikkinchidan, fikr yoki munosabatni aniq, qisqa va grammatik jihatdan samarali va taʼsirli ifodalash.
Har bir savolda gapning tagiga chizilgan bir qismi yoki toʻliq qismi taqdim etiladi. Gap ostida tagiga chizilgan qismni ifodalashda beshta tanlov mavjud boʻladi. Grammatikaga, soʻz tanlashga va jumla tuzilishiga eʼtibor berib, eng samarali jumlani yaratadigan javobni tanlashingiz kerak. Odatda bu turdagi savollar verbal'ning 36 tadan taxminan 14 tasini tashkil qiladi.
sentence correction'ga oid savol
Analytical Writing Assessment
GMAT imtihonining analytical writing assessment boʻlimida sizga matn beriladi va sizdan berilgan argumentning sabablarini tahlil qilish bilan bir vaqtda, uni tanqidiy tahlil qilishingiz talab qilinadi. Bu qism orqali tanqidiy fikrlash va oʻz fikrlaringizni bayon qobiliyatingiz oʻlchanadi.
AWA boʻlimi 30 daqiqalik bitta essay'dan — argument tahlilidan iborat. Testdagi keyslar biznes bilan bogʻliq umumiy mavzular yoki boshqa turli mavzularni oʻz ichiga oladi. Insho mavzusini aniq bilish shart emas; bunda faqat analitik yozish qobiliyatingiz baholanadi. AWA test tekshiruvchi ekspert va kompyuter tomonidan baholanadi, umumiy natija esa ikkalasining oʻrtachasidan kelib chiqariladi. Agar ekspert va kompyuter qoʻygan baholar bir biridan sezilarli farq qilsa, tekshirishda yana bir ekspert yordamidan foydalaniladi.
Bu yerda AWAʼda sizga berilishi mumkin boʻlgan mavzular roʻyxati bilan tanishishingiz mumkin.
Integrated Reasoning
GMAT imtihonining Integrated Reasoning boʻlimi murakkab muammolarni hal qilish uchun maʼlumotlarni qanchalik yaxshi jamlay olish qobiliyatingizni tekshiradi. MBA dasturi uchun ariza topshirayotganingizda biznes maktablari sizning katta hajmdagi maʼlumotlarni olib, toʻgʻri qaror qila olishingizni tekshirish uchun Integrated Reasoning boʻlimiga ham eʼtibor qaratishadi. Integratsiyalashgan fikrlash boʻlimida toʻrt turdagi savollar mavjud:
- Multi-Source Reasoning (koʻp manbalarga asoslanib fikrlash);
- Table analysis (jadval tahlili);
- Graphics Interpretation (grafik talqini);
- Two-part analysis (ikki qismli tahlil).
Savollar alohida yoki kombinatsiyalangan holda quantitative va verbal tahlilni oʻz ichiga oladi. Ushbu boʻlimning ikkita oʻziga xos xususiyati mavjud: koʻp savollar bir nechta javoblarni talab qiladi va siz savollarga javob berish uchun asosiy funksiyalarga ega onlayn kalkulyatordan foydalanishingiz mumkin. Savollar murakkab muammolarni hal qilishda maʼlumotlarni integratsiya qilish qobiliyatingizni tekshirish uchun moʻljallanganligi sababli, siz savolga berilgan barcha javoblarga toʻgʻri javob berishingiz kerak; qisman javob topsangiz ball berilmaydi. Bu boʻlimda ham sizga jami 12 ta savol va 30 daqiqa vaqt beriladi.
Multi-source reasoning - bir nechta manbalardan olingan maʼlumotlarni oʻrganish qobiliyatini oʻlchaydi. Bu savol turida matndan parchalar, jadvallar, grafiklar yoki uchtasining kombinatsiyasi berilishi mumkin va bir nechta savollarga javob berish uchun har bir maʼlumot manbasini sinchkovlik bilan tahlil qilish soʻraladi. Baʼzi savollar turli maʼlumotlar manbalari oʻrtasidagi nomuvofiqlik borligini aniqlashingizni talab qilsa, boshqalari sizdan xulosa chiqarishingizni soʻrashi mumkin, boshqalari esa maʼlumotlarning aynan tegishli yoki yoʻqligini aniqlashingizni talab qilishi mumkin.
Jadval tahlili - qaysi maʼlumotlar tegishli yoki muayyan shartlarga javob berishini aniqlash uchun elektron jadvalga oʻxshash maʼlumotlar jadvalini saralash va tahlil qilish qobiliyatingizni oʻlchaydi.
Grafik talqini - munosabatlarni aniqlash va xulosalar chiqarish uchun grafik yoki boshqa grafik tasvirda taqdim etilgan maʼlumotlarni sharhlash qobiliyatingizni oʻlchaydi.
Ikki qismli tahlil — murakkab muammolarni hal qilish qobiliyatingizni oʻlchaydi. Ular quantitative, verbal yoki ikkalasining kombinatsiyasi boʻlishi mumkin. Tarkibning keng qismini qamrab olish uchun format ataylab koʻp qirrali boʻladi. Oʻzaro kelishuvlarni baholash, bir vaqtning oʻzida tenglamalarni yechish va ikki obyekt oʻrtasidagi munosabatlarni aniqlash qobiliyatingiz oʻlchanadi.
Har bir savol turida link ustiga bosib, savollar koʻrinishi bilan tanishishingiz mumkin.
Bu blogpostimiz GMAT imtihonida umumiy ballni olishda ishtirok etadigan Quant va Verbal, shuningdek, Analytical writing va Integrated reasoning qismlari haqida edi. GMAT imtihoni haqidagi seriyali maqolalarimizning kirish qismini bu yerda oʻqishingiz mumkin. Keyingi maqolalarimizda esa imtihonga tayyorgarlik jarayoni, onlayn va oflayn manbalar, shuningdek, testda yaxshi ball olishingiz uchun yordam beradigan foydali kitoblar haqida soʻz yuritamiz.