GMAT nima? GMAT imtihoni va uning bo’limlari haqida umumiy ma’lumotlar (kirish)
Graduate Management Admission Test yoki GMAT biznes maktablariga magistratura bosqichi uchun ariza berish jarayonida talab etiladigan muhim imtihon ko’rsatkichidir.
GMAT testlari test tuzuvchi tashkilot - GMAC tomonidan ishlab chiqilib, asosan, magistraturaning biznes yo’nalishida o’qimoqchi bo’lgan talabalarning bir necha ko’nikmalarini tekshirishga mo’ljallangan. Mazkur imtihondan erishilgan yuqori ball AQSH va boshqa ko'plab mamlakatlarda MBA va boshqa iqtisodga oid magistratura dasturlarida o'qishingiz uchun eshiklar ochadi.
GMAT imtihonida sizning fundamental arifmetika, algebra, geometriya, ko’p manbaali ma’lumotlarni tahlil qilish va grammatika bo'yicha bilimlaringiz sinovdan o’tkaziladi va shu bilan birga, yozma materiallarni tahlil qilish va baholash, tanqidiy fikrlash va muammolarni hal qilish qobiliyatingiz o’lchanadi. Axborotlarni yaxshi tahlil qilish qobiliyati yuqori GMAT bal olishning kaliti hisoblanadi va bu talabaning MBA (Masters of Business Adminstration)dasturiga qabul qilinishida muhim rol o’ynaydi.
GMAT imtihoni to’rtta alohida bo’limni o’z ichiga oladi va ular quyidagilardan iborat:
- analytical writing assessment;
- integrated reasoning;
- quantitative;
- verbal;
Biz quyida o’quvchilarimizga har bir bo’lim haqida qisqacha ma’lumot berib o’tamiz.
“Analytical writing assessment” yoki “essay” qismida sizning yozish ko’nikmalaringiz tekshiriladi. Bu bo’lim bitta vazifa - argumentni tahlil qilishdan iborat. 30 daqiqalik matndan iborat AWA boʻlimi imtihon topshiruvchining muayyan yo’nalishga asoslangan, aniq xulosaga ega konstruktiv tanqidiy qobiliyatining qay darajada ekanligini tekshiradi, ya’ni bu qismni baholayotganda sizning argumentni aniqlay olishingiz, fikrlaringizni bayon qila olishingiz va ularni mantiqiy bog’lay olishingiz sinovdan o’tkaziladi. Mazkur bo’lim 0-6 ballik tizimda, yarim(0.5) ballik intervallarda baholanadi.
“Integrated reasoning” qismida sizga 4 xil tipdagi, jami 12ta savol beriladi. 30 daqiqa davomida test topshiruvchilardan bir necha manbalardan turli formatdagi ma’lumotlarni analiz va sintez qilishi so’raladi. Bu bo’limda quyidagi 4 xildagi topshiriqlar bo’ladi:
- Grafik, matn va raqamlar ko’rinishida taqdim etilgan ma’lumotlarni sintez qilish(umumiylashtirish);
- Turli manbalardan olingan tegishli ma’lumotlarni baholash;
- Ma’lumotlar o’rtasidagi bog’liqlikni topish va o’zaro bog’liq masalalarni yechish maqsadida ma’lumotlarni mos ravishda tashkil qilish;
- Bir yoki bir nechta manbalardan olingan ma’lumotlarga bog’liq bo’lgan murakkab muammolarni hal qilish uchun ma’lumotlarni birlashtirish va boshqarish;
Integrated Reasoning qismi 1-8 ballik tizimda bir ballik intervallarda baholanadi.
“Quantitative” qismi sizning boshlang’ich matematik tushunchalar, jumladan arifmetika, raqamlar va ularning xususiyatlari, algebra va geometriya bo’yicha analitik bilimlaringizni sinab ko’rish uchun mo'ljallangan. Bu qismda sizga ikki xil turdagi savollar beriladi, birinchisi – “Data sufficiency”, ikkinchisi – “Problem solving”.
“Data sufficieny”da sizga bitta savol va 2 xil ma’lumot beriladi, sizning vazifangiz esa berilgan ma’lumotlar savolga javob topish uchun yetarli yoki yetarli emasligini aniqlash.
“Problem solving” klassik ko’rinishdagi test bo’lib, sizga o’rta maktab matematikasi, algebra yoki geometriyaga oid savol va beshta javob varianti beriladi va vazifangiz to’g’ri javobni topish hisoblanadi.
“Verbal” qismi sizning standart yozma ingliz tilini bilish, argumentlarni tahlil qilish va o’qish qobiliyatingizni sinab ko'rish uchun mo'ljallangan.”Verbal” bo’limi ham o’z navbatida alohida 3 qismdan iborat: critical reasoning, sentence correction va reading comprehension.
“Critical reasoning” 36ta savoldan tahminan 10tasini tashkil qilib, unda argumentlar keltirish va ularni baholash, shuningdek, bajariladigan harakatlar planini shakllantirish bilan bog’liq ko’nikmalar tekshiriladi.
“Sentence correction”da tahminan 14ta savol bo’lib, unda sizga murakkab ko’rinishdagi gap beriladi va vazifangiz gapning ma’lum belgilangan qismiga eng mos tushadigan variantni topish hisoblanadi.
Verbal’ning biz to’xtalayotgan so’nggi qismi, “Reading comprehension” tahminan 12ta savoldan iborat bo’lib, bu savollar sizning tanqidiy o’qish qobiliyatingizni, aniqrog’i, asosiy g’oyani umumlashtirish, maxsus bayon qilingan va muallif tomonidan nazarda tutilgan fikrlarni farqlash, matndagi ma’lumotlar asosida xulosalar chiqarish, parchaning mantiqiy tuzilishini tahlil qilish va xulosa chiqarish qobiliyatingizni tekshiradi.
GMAT Imtihoni paytida sizga bo’limlar ketma-ketligini tanlash imkoniyati beriladi, ya’ni siz 4ta ( AWA, IR, quant, verbal)bo’limlardan qay birini birinchi bo’lib va qay birini ikkinchi, uchinchi yoki to’rtinchi bo’lib topshirishingiz mumkinligini hal qila olasiz va bunda tartibni tanlash uchun sizga quyidagicha variantlar taqdim etiladi:
Imtihon qismlari ketma-ketligini tanlash imkoniyatlari (tanaffuslar bilan)
Umumiy olganda, GMAT “Computer-Adaptive” test bo’lib, test topshiruvchi barcha savollarga kompyuterda javob berishi davomida savollarga to’g’ri yoki noto’g’ri javob berishiga qarab ularning darajasi osonlashib yoki qiyinlashib boradi va bu, albatta, umumiy natijaga ta’sir qiladi. Ya’ni siz savolga to’g’ri javob topsangiz keyingi savol murakkabroq bo’ladi, agar javob topolmasangiz keyingi savol osonlashadi va bu o’z navbatida sizning umumiy balingizga ta’sir qiladi.
Umumiy GMAT bali 200-800 oralig’ida hisoblanib, unda sizga ballning asosiy qismini “quantative” va “verbal” bo’limlari olib beradi. AWA va IR umumiy ballda sezilarli rol o’ynamaydi, lekin topshirilayotgan yo’nalishga qarab bu bo’limlardan olingan ballar ham ba’zan alohida inobatga olinadi. Universitetlar reytingiga qarab turli GMAT ballari talab qilinadi. Masalan, top reytingdagi ko’pchilik oliygohlar 700+ GMAT ball talab qilsa, ko’pchilik o’rta reytingdagilar 600+ atrofida talab qiladi.
Yuqoridagilar GMAT imtihoni haqida umumiy ma’lumotlar edi. Keyingi blogpostlarimizda GMAT’ning baholash tizimi, har bir bo’lim va ularga qanday tayyorlanish mumkinligi, GMAT’ga tayyorlanish uchun eng yaxshi tekin va pullik manbaalar, shuningdek, GMAT va GRE testlari o’rtasidagi farqlarga batafsil to’xtalib o’tamiz.
Telegram: https://t.me/grantgouz
Facebook: https://www.facebook.com/grantgouz/
Instagram: https://instagram.com/grantgouz