SAT nima? Top universitetlarda bakalavr o'qish kaliti bo'lgan imtihon haqida batafsil
Bugungi kunga kelib SAT imtihoni yoshlar orasida ancha mashhur bo'lishga ulgurdi. AQSH,Kanada yoki Avstraliya kabi davlatlarning ko'plab universitetlarida bakalavr bosqichida o'qish uchun qabul talablaridan biri bo'lgan mazkur testni topshirish haqida ko'pchilik o'ylab ko'rgan. Mazkur maqolamizda SAT imtihoniga tayyorlanishni boshlashdan oldin siz bilishingiz kerak bo'lgan ma'lumotlar bilan o'rtoqlashamiz.
SAT - "Scholastic Assessment Test" xorijda, ayniqsa AQSh va Kanada kollejlari va universitetlarida bakalavriat kurslariga kirish istagida bo'lgan talabalar uchun muhim qabul talablaridan biridir. U yozma test bo'lib, abituriyentlarning til va matematik fikrlash qobiliyatlarini baholashga yordam beradi. Siz kirish uchun ariza topshirgan universitetlar qabul jarayonida SAT ballingizning qanchaligiga alohida e'tibor qaratadi.
Umuman olganda, siz SAT bo'yicha qancha yuqori ball to'plasangiz, universitetga kirish va ko'proq grant yutish uchun shunchalik ko'p imkoniyatlar mavjud bo'ladi.
SAT bo'limlari haqida
SAT standartlashtirilgan test bo‘lib, talabani uchta asosiy bo'lim: tanqidiy o‘qish, matematika va yozish bo'limlari bo'yicha ko‘nikmalarini o‘lchaydi. U ikki bo'limdan iborat: Evidence-Based Reading, Writing (dalillarga asoslangan o'qish va yozish) va Math (matematika).
Evidence-Based Reading and Writing (EBRW)
Evidence-Based Reading and Writing ikkita testdan iborat bo'lib, biri reading'ga, ikkinchisi esa writing'ga qaratilgan. SAT imtihonining ikkita asosiy bo'limi orasida Evidence-Based Reading and Writing (EBRW) SAT jami balli (1600)ning yarmi (800)ni tashkil qiladi.
SAT Evidence-based Reading
- Reading testi har doim siz SAT imtihonida birinchi bo'lib yuzlanadigan topshiriqdir. Ushbu qismda siz romanlar va ilmiy adabiyotlardan olingan qisqa parchalarni o'qiysiz. Keyin har bir parcha bo'yicha bir qator savollarga javob berasiz. Bu turdagi savollar talabaning o'qib tushunish va tahlil qilish qobiliyatlarini sinovdan o'tkazadi.
Reading qismida:
- vaqt - 65 daqiqa;
- savollar soni - 52 ta;
- matnlar soni - 4 ta alohida va bitta 1 juft tekst;
- Reading mavzulari: bitta adabiy parcha, ikkita tarixiy yoki ijtimoiy fanlarga oid matn, ikkita ilm-fanga oid matn parchasi
- Har bir reading matni uchun 10 yoki 11 ta savol.
Evidence based reading'ga oid savollar bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
SAT Writing and Language test (yozish va til testi) "multiple-choice" (ko'p tanlovli) test bo'lib, unda siz matn parchalarini o'qib, xatolar va kamchiliklarini topasiz hamda ularni tuzatasiz. SAT'ning ushbu qismi 35 daqiqa davom etadi, 4 ta kichik qismdan iborat va 44 ta "multiple-choice" savollarni oʻz ichiga oladi.
Bu qismda sizga quyidagi turdagi savollar beriladi:
- Command of evidence: bu turdagi savollarda sizdan berilgan matnning ma'lumotlarni taqdim qilish usulini rivojlantirish so'raladi. Siz matnga uni qo'llab-quvvatlovchi faktlar, kirish qismi yoki xulosa qo'shishingiz mumkin.
Command of evidence'ga doir savol ko'rinishi
- Words in Context: Bu tur savollar "Command of evidence" savollariga qaraganda koʻproq tafsilotlarga yoʻnaltirilgan, chunki ular maʼlum bir soʻzga ishora qiladi. Siz mantiqiy mos bo'lmagan so'zni almashtirishingiz yoki o'ziga xos kontekstda yaxshiroq ishlaydigan so'zni tanlashingiz kerak bo'ladi.
Writing bo'yicha ko'plab savollarda bo'lgani kabi, Words in context savollarida NO CHANGE varianti bo'ladi. So'zni qanday almashtirish haqida o'ylashdan oldin, siz birinchi navbatda muammo bor yoki yo'qligini ham aniqlavolishingiz kerak.
Words in Context'ga doir savol
- Expression of Ideas: Bu turdagi savollarda siz berilgan fikrdagi argumentni yaxshilash yoki kuchaytirish uchun gapni qaytadan tuzishingiz yoki gapni butkul o'chirib tashlashingiz kerak bo'ladi. Siz matnni yanada ta'sirli qilish uchun uni qayta ko'rib chiqishingiz so'raladi.
Expression of Ideas'ga oid savol turi
- Standard English Conventions: SAT Writing savollarining deyarli yarmi ushbu savollar toifasiga kiradi. Bu yerda grammatika va tinish belgilarini tushunishingiz muhim rol o'ynaydi. Bu savollar jumla va bandlardagi xatolarni tuzatishingizni so'raydi. Siz fe'l zamoni, olmoshlardan foydalanish, vergul yoki apostrofdagi xatolarni tahrirlashingiz kerak bo'ladi.
Standard English Conventions'ga doir savol
SAT Writing and Language'da yuqoridagilarga qo'shimcha ravishda siz o'ziga xos tayyorgarlikni talab qiladigan boshqa savol turiga ham duch kelasiz. Bu taxminan savollarning 2% dan 4% gacha qismini tashkil qiladigan data interpretation (ma'lumotlarni sharhlash) savol turi.
- Data Interpretation: Yuqorida o'qiganingizdek, Writing and Language bo'limidagi bir yoki bir nechta matnlar grafik, jadval yoki ma'lumotlarni uzatuvchi boshqa vizual tasvir bilan birga keladi. Grafik qaysidir ma'noda parcha bilan bog'liq bo'ladi, lekin u noto'g'ri tasvirlangan bo'lishi mumkin. Savollar sizdan ma'lumotlarning noto'g'ri ko'rinishini qayta ko'rib chiqishingizni yoki dalilni kuchaytirish uchun ma'lumotlarga asoslangan jumla qo'shishingizni so'rashi mumkin.
Data Interpretation'ga oid savol turi
SAT Writing and Language'da matnlar karyera, ijtimoiy fanlar, gumanitar fanlar va ilm-fan sohalaridan olingan bo'ladi.
SAT Math (matematika) bo'limi
SAT Math bo'limlari SAT testining 3 va 4-bo'limlaridir. Bu qism ham SAT jami balli 1600 ning yarmi - 800 ballni tashkil qiladi. Bu qismda birinchi 25 daqiqalik test davomida sizga kalkulyatordan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Keyingi 55 daqiqalik bo'limda esa kalkulyatorga ruxsat beriladi. Ikkala SAT Math bo'limi ham "multiple-choice" (ko'p tanlovli) savollar bilan boshlanadi, ularning har birida to'rtta javob varianti mavjud bo'ladi.
- Jami vaqt: 80 daqiqa
25 daqiqa kalkulyatorsiz (20 ta savol);
55 daqiqa kalkulaytor bilan (38 ta savol).
- Jami savollar soni - 58 ta.
SAT Math Testi mazmunan to'rtta sohasiga bo'lingan, bular: Heart of Algebra, Problem Solving and Data Analysis, Passport to Advanced Math, and Additional Topics in Math.
- Heart of Algebra (19 ta savol): Tenglamalar va tenglamalar tizimini tahlil qilish va ravon yechish; miqdorlar orasidagi munosabatlarni ifodalash va masalalar yechish uchun ifodalar, tenglamalar va tengsizliklar yaratish; formulalarni qayta tartibga solish va izohlash.
- Problem Solving and Data Analysis (17 ta savol): Nisbatlar, foizlar va birliklar yordamida munosabatlarni yaratish va tahlil qilish; grafikda ko'rsatilgan munosabatlarni tavsiflash; sifat va miqdoriy ma'lumotlarni umumlashtirish.
- Passport to Advanced Math (16 ta savol): Tuzilishidan foydalanib ifodalarni qayta yozish; kvadratik va yuqori tartibli tenglamalarni yaratish, tahlil qilish va ravon yechish.
- Additional Topics in Math (qo'shimcha mavzular, 6 ta savol): Kontekstda maydon va hajmni hisoblash; teoremalar yordamida chiziqlar, burchaklar, uchburchaklar va aylanalarni tekshirish; va trigonometrik funktsiyalar bilan ishlash.
SAT Math'ga doir savollar
Odatda, universitetlar qabul uchun aniq bir minimum SAT ballini talab qilishmaydi, lekin yuqori ballga ega nomzodlar qabul qilinishi va ko'proq grant sohibi bo'lishi ehtimoli yuqoriroq. Universitetning reytingiga qarab yuqori SAT balli unga qabul qilinishingizda ijobiy rol o'ynaydi.
Qo'shimcha ma'lumot!
Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, 2021-yil 1-may sanasidan boshlab SAT imtihonidan 1200 va undan ziyod ball olgan o'zbekistonlik test topshiruvchilarga imtihon puli davlat tomonidan qoplab beriladi. SAT'ning amal qilish muddati 5 yilgacha bo'lib, imtihon topshirish uchun ushbu sayt orqali ro'yxatdan o'tiladi. SAT testi yiliga 5 marta: mart, may, avgust, oktyabr va dekabr oylarida o'tkaziladi. Rasmiy saytdagi ma'lumotga ko'ra, ayni vaqtda (iyul oyi) imtihon topshirish narxi O'zbekistonda 109$ ( 60$ + 49$ regional fee).
Bu maqolamiz asosan AQSH universitetlarida bakalavr bosqichida o'qish uchun “eshik ochadigan” SAT testi haqida edi. AQSH va boshqa dunyoning top universitetlarida magistratura bosqichida o'qish uchun so'raladigan GMAT (1-qism, 2-qism) va GRE testlari haqidagi maqolalarimiz bilan ham tanishishingiz mumkin.