Tavsif
Google Summer of Code(GSoC) — bu xalqaro onlayn yozgi dastur boʻlib, yosh iqtidorli dasturchilarni va tashkilotlarni birlashtirib, jamiyatga manfaatli boʻlgan ochiq kodli dasturiy taʼminotni (open source software development) ishlab chiqish orqali ular uchun amaliy maktab vazifasini bajaradi.
Dastur maqsadlari quyidagilardan iborat:
- Dasturchilarni ochiq manbalarni ishlab chiqishda ishtirok etishga chorlash;
- Ochiq kodli loyihalar uchun yangi dasturchilarni aniqlash va jalb qilishga yordam berish;
- Jamiyat uchun manfaatli boʻlgan ochiq manba kodini yozish va chiqarish;
- Yangi dasturchilarga dasturiy taʼminotni ishlab chiqishga oid bilimlarni amaliy qoʻllash imkoniyatini berish.
GSoC Contributor/Student - bu ochiq manbalarni ishlab chiqishda (open source development) yangi boʻlgan va hamjamiyatda ishlash va u haqida koʻproq oʻrganishga ishtiyoqi baland boʻlgan ishtirokchilardir. GSoC ishtirokchilari kamida 18 yosh boʻlishi kerak va ular:
- Universitet talabasi;
- Universitet bitiruvchisi;
- Kasbini almashtirgan mutaxassislar;
- Professional faoliyatini boshlash arafasida boʻlgan dasturchilar;
- Tanaffusdan soʻng ish faoliyatiga qaytganlar va boshqalar boʻlishi mumkin.
Muhim: ishtirokchilar univeristet talabasi/bitiruvchisi boʻlishi shart emas, mustaqil oʻrganuvchilar ham ishtirok etishi mumkin.
GSoC ishtirokchilari GSoCda ishtirok etuvchi turli tashkilotlarga loyiha takliflarini(project proposal) taqdim etadilar. Tashkilotlar eng yaxshi loyiha taklifini tanlaydi va Google tomonidan moliyalashtirilgandan soʻng, qabul qilingan ishtirokchilar oʻzlariga biriktirilgan mentorlar bilan birgalikda, 12+ hafta davomida oʻz loyihasi ustida ishlaydi.
Dasturning umumiy jarayoni bilan batafsil rasmiy sayt “Timeline” boʻlimida tanishib chiqish mumkin.
Dasturda muvaffaqiyatli ishtirok etish boʻyicha video yoʻriqnoma orqali batafsil maʼlumotga ega boʻlish mumkin.
Barcha ishtirokchilar dastur haqida toʻliq maʼlumot beruvchi yoʻriqnoma bilan tanishib chiqishi lozim — GSoC Student guide.