Tavsif
Biotexnologiya boʻyicha intensiv yozgi maktab — Ilg'or Texnologiyalar Markazi tomonidan 3 haftalik tadqiqotga asoslangan va amaliy faoliyat dasturi boʻlib, oqsillarni ekstraksiya qilish, tozalash, DNK va/yoki RNKni ajratish va PCR va RT-PCR, IFA va boshqa usullar va metodikalarni oʻz ichiga oladi. Qabul qilingan nomzodlar mikrobiologiya, molekulyar genetika, molekulyar biologiya, gen muhandisligi, rekombinant DNK texnologiyalari sohalarida qo’llaniladigan metodikalarni o’zlashtirishadi. Eng qiziqarlisi, kichik guruhlarda o’z loyihalarini shakllantirishadi.
Loyihaning asosiy maqsadi: Biologiya va unga aloqador yoʻnalishida tahsil olayotgan bakalavriat va magistratura talabalariga, ayniqsa, hududlarda tahsil olayotgan talabalarga klinik va ilmiy laboratoriyalarda qoʻllaniladigan metodikalar yuzasidan chuqur bilim va amaliy koʻnikmalar berish.
Ushbu dasturda Biologiya, Biotexnologiya, Farmatsevtika va unga aloqador yoʻnalishlarda tahsil olayotgan bakalavriat va magistratura talabalari qatnashishlari mumkin.
Yozgi maktab Toshkent shahridagi Ilmiy Texnologiyalar Markazida boʻlib oʻtadi. Dastur bоshlanishi 2025-yil 21-iyul oyiga moʻljallangan boʻlib, asosan oʻzbek tilida olib boriladi. Ingliz va Rus tilidagi maʼlumotlardan ham keng foydalaniladi.
Dasturga ariza topshirishning oxirgi muddati: Toshkent vaqti bilan 2025-yil 4-iyul kech soat 18:00 ga qadar.
Yozgi maktab haqida batafsil maʼlumotni ushbu havola orqali olish mumkin.