Tavsif
Yangi Oʻzbekiston universiteti startap loyihalarini yaratishga qiziqqan iqtidorli 8-11-sinf oʻquvchilari uchun 5 kunlik qishki oromgoh dasturini taqdim etadi. Dasturda qatnashish uchun turli maktablardan kelgan jami 20 ta jamoa saralab olinadi. Barcha darslar ingliz tilida onlayn tarzda olib boriladi va dasturning oxirgi kunida ham onlayn ham oflayn qatnashish imkoniyati beriladi.
Dastur doirasida darslarni puxta oʻzlashtirgan qatnashchilar uchun startaplar tanlovi oʻtkaziladi. Tanlov gʻoliblariga qimmatbaho sovgʻalar va Yozgi oromgoh uchun yoʻllanma beriladi. Bundan tashqari turli kompaniya va korxonalarga bir kunlik sayohat tashkilotchilar tomonidan moliyalashtiriladi.
Oromgohda quyidagi mavzular boʻyicha tadbirlar oʻtkaziladi:
- Product Development — bunda mahsulotning dizayni yaratiladi;
- Personal Development — bunda har bir ishtirokchining oʻziga xosligi va qobiliyatlari kashf qilinadi hamda mavjud qobiliyatlar yanada rivojlantiriladi;
- Computer Science — bunda AI vositalaridan foydalanish, veb-sayt yaratish (kodlashsiz) va IT boʻyicha bilimlar beriladi;
- Marketing — bunda malakali mutaxassislar ijtimoiy tarmoqlar va dizayn ustida ishlash boʻyicha treninglar oʻtadi;
- Financial Accounting — bunda loyihaning byudjetini rejalashtirish va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarni aniqlash oʻrgatiladi;
- Individual work — bunda har bir ishtirokchi yakuniy mahsulot va uning taqdimotiga tayyorgarlik koʻrishadi.
Dasturdan asosiy maqsad iqtidorli yoshlarga startap loyihalarini yaratish boʻyicha jahon tan olgan ekspertlar orqali bilim berish va oʻz startaplarini yaratishga koʻmaklashishdir.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.