Umumiy maʻlumotlar
AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun AQShda 6 hafta davomida amaliyot oʻtash imkoniyatini taqdim etuvchi The 2022 Fulbright Teaching Excellence and Achievement (TEA) Program dasturini eʼlon qiladi.
Ushbu dasturda oʻrta maktab, jumladan, akademik litsey va kollejda toʻliq stavkada ingliz tili, matematika, tabiiy va ijtimoiy fanlar boʻyicha dars beruvchi oʻqituvchilar ishtirok etishi mumkin.
Dastur 2024-yil yanvar yoki sentyabr oyida boshlanadi va qabul qilingan ishtirokchilar 6 hafta davomida AQShning nufuzli taʼlim muassasalarida professional oʻqituvchilar bilan birga ishlash, darslarni kuzatish va ulardan tajriba oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi. Dastur davomida qatnashchilar oʻqitishning yangi metodologiyalari, darslarni rejalashtirish, zamonaviy taʼlim texnologiyalaridan samarali foydalanish, oʻquvchilarni taʼlim olishga yanada ruhlantirishga bagʻishlangan seminar va treninglarda ishtirok etadilar. Qolaversa, dastur ishtirokchilari AQShning tajribali oʻqituvchilari bilan birga mahalliy taʼlim muassasalarida kamida 40 soatlik amaliyot oʻtaydilar. Dastur davomida qatnashchi oʻqituvchilar Amerika madaniyati bilan yaqindan tanishadi, ularga darslarda foydalanish mumkin boʻlgan amaliy manbalar boʻyicha kerakli maslahat va yordam koʻrsatiladi.
Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan oʻqituvchilar kerakli oʻquv materiallari tayyorlash, boshqa oʻqituvchilar uchun treninglar tashkillash, shu bilan birga, AQSh va Oʻzbekiston maktablari oʻrtasida hamkorlik loyihalarini yoʻlga qoʻyish uchun kichik grantlarga ariza topshirish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Dasturga qabul qilingan ishtirokchilarning barcha xarajatlari tashkilot tomonidan toʻliq moliyalashtiriladi.
Maqbullik shartlari
Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- Dasturda oʻrta maktab, jumladan, akademik litsey va kollejda toʻliq stavkada ingliz tili, matematika, tabiiy va ijtimoiy fanlar boʻyicha dars beruvchi oʻqituvchilar ishtirok etishi mumkin. Ushbu taʼlim muassasasi asosan mahalliy aholiga xizmat qilishi kerak;
- Bakalavr darajasiga va dastur boshlangunga qadar kamida toʻliq 3 yillik ish tajribasiga ega boʻlishi lozim;
- Ingliz tilini yaxshi bilishi kerak. TOEFL 45-46 talab etiladi. Lekin nomzodlar ariza topshirayotganda TOEFL sertifikatini koʻrsatishlari shart emas. Saralangan yarim finalchilar uchun maxsus TOEFL imtihoni 2023-yil may oyida tashkil etiladi;
- Dastur yakunlangandan soʻng oʻqituvchilar dars berishni davom ettirishlari shart;
- Ariza topshirayotganda Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan boʻlishi lozim;
- Soʻnggi uch yil ichida Study of the United States Institutes (SUSI) yoki International Visitor Leadership Program (IVLP) kabi almashinuv dasturlarida ishtirok etganlar Fulbrayt TEA dasturiga ariza topshira olmaydi. Lekin Onlayn Professional English Network (OPEN) onlayn kurslari yoki Massive Open Online Courses (MOOCs) kabi onlayn dasturlarda ishtirok etganlar bu dasturda ham qatnashishlari mumkin.
Muhim: ushbu dasturda boshqa AQSh tomonidan tashkil etilgan dasturlar, jumladan, Fulbright dasturlarida qatnashmagan nomzodlarga ustunlik beriladi.
Eslatma: Oʻrta taʼlim muassasasi oʻqituvchilari deyilganda, taxminan, 12 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilarga xizmat koʻrsatadigan oʻrta maktab, jumladan kollej va akademik litsey oʻqituvchilari nazarda tutilgan. Nomzod qoʻshimcha ravishda undan katta yoki kichik yoshdagi sinflarga dars bergan taqdirda oʻrta maktab oʻquvchilariga berayotgan darsi umumiy darslarning 50% idan koʻprogʻini tashkil etishi kerak.
Dastur talablari haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Foydali tomonlari
Dasturga qabul qilingan nomzodlar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:
- AQShga borish-kelish xarajatlari toʻliq qoplanadi;
- Bepul turar joy va oziq-ovqat bilan taʼminlanadi;
- Tibbiy sugʻurta xarajatlari moliyalashtiriladi;
- J-1 vizasi olishda koʻmaklashiladi;
- AQShga joʻnashdan oldin Oʻzbekistonda safar oldi kerakli maʼlumotlar beriladi;
- Ushbu akademik dasturda ishtirok etish toʻlovi moliyalashtiriladi;
- Ishtirokchilar AQShdagi mezbon muassasa tomonidan kutib olinadi;
- Agar zarur boʻlsa, pedagogik amaliyot oʻtaladigan maktabga qatnash uchun ichki transport xarajatlari qoplanadi;
- Qoʻshimcha xarajatlar uchun kunlik stipendiyaga ega boʻladi;
- Kitob, oʻquv qoʻllanmalari va kasbiy rivojlanish uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi;
- Dastur yakunida Vashingtonda oʻtkaziladigan tadbirda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi;
- Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilar kichik grantlarga ariza topshirish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin.
Dastur manfaatli jihatlari haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Hujjat topshirish
Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar quyidagi amallarni bajarishi lozim:
- Avval onlayn roʻyxatdan oʻtishlari va shaxsiy profil ochishlari kerak;
- Kerakli maʼlumotlarni toʻldirish va ariza topshirishni yakunlash lozim.
Kerakli hujjatlar:
- CV;
- Pasport nusxasi;
- Shaxsiy fotosurat;
- Tavsiyanoma;
- Dasturda ishtirok etish uchun direktor nomidan ruxsatnoma va boshqalar.
Dasturga ariza topshirish yoʻriqnomasi bilan batafsil ushbu havola orqali tanishib chiqish mumkin.
Qoʻshimcha maʻlumotlar
- Toʻliq boʻlmagan ariza shakli qabul qilinmaydi;
- Tavsiyanomalar maktab rahbari tomonidan berilishi, boshqa tilda boʻlgan taqdirda ingliz tiliga tarjima qilinishi shart;
- Dasturda ishtirok etish ruxsatnomasi maktab direktori tomonidan berilishi kerak;
- Fulbright TEA tashkiloti arizaga kiritilgan barcha maʼlumotlarni tekshirish huquqiga ega. Agar nomuvofiqlik mavjud boʻlsa yoki maʼlumotlar notoʻgʻri ekanligi aniqlansa, ariza darhol haqiqiy emas deb topiladi va arizachi nomaqbul deb topiladi.
Koʻp berilgan savollar va ularning javoblari haqida ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Qoʻshimcha savol va murojaatlar “Fulbright TEA” mavzusi bilan TashkentEnglish@state.gov manziliga yuborilishi lozim.
Tel: (+998-78) 120-5450, (+998-78) 140-2432