Umumiy maʻlumotlar
Yoshlar ishlari agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda respublikamiz boʻylab “Biznesga birinchi qadam” startap gʻoyalari tanlovi eʼlon qilindi.
Tanlovda oʻz biznes loyihasiga ega 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan barcha yoshlar ishtirok etishi mumkin.
Tanlov quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
- 1-bosqich: tanlovni eʼlon qilish. “Biznesga birinchi qadam” startap gʻoyalar tanlovi boshlanishi;
- 2-bosqich: arizalarni qabul qilish, hujjatlar toʻplami toʻliq taqdim etilganligi va rasmiylashtirilganligini koʻrib chiqish va texnik ekspertizadan oʻtkazish;
- 3-bosqich: startap gʻoya boʻyicha biznes-rejalarni koʻrib chiqish, baholash va xulosa berish, ijobiy xulosa olgan 10 ta startap loyihalar roʻyxatini tanlov komissiyasiga taqdim etish hamda ularning mualliflariga qisqa muddatli malakaviy oʻquv seminarlarini tashkil etish;
- 4-bosqich: startap loyihalar taqdimotini oʻtkazish (taqdimotda startap loyiha himoyasi va savol-javob oʻtkazish shaklida tashkil etiladi), tanlov komissiyasi qarori bilan har bir hudud kesimida gʻoliblarni aniqlash;
- 5-bosqich: tanlov komissiyasi qaroriga muvofiq tanlov gʻoliblarini grant mablagʻlari bilan taqdirlash.
Maqbullik shartlari
- Tanlovda 18 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan (shu yosh ham) yoshlar yakka tartibda yoki 5 kishidan ortiq boʻlmagan guruh shaklida ishtirok etishlari mumkin;
- Bitta ishtirokchi faqat bitta biznes gʻoya bilan ishtirok eta oladi.
Loyihaga qoʻyilgan talablar:
- Oʻz nomi, maqsadi va vazifasiga ega boʻlishi;
- Tegishli tadbirkorlik yoʻnalishida va hududda startap gʻoyaning dolzarbligi, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati;
- Amaliy natijalarga yoʻnaltirilganligi, yaratiladigan ish oʻrinlari soni;
- Koʻzda tutilayotgan tovarlar va xizmatlarga bozor ehtiyoji va talablar prognozi;
- Raqobatchilardan ustunligi;
- Tashqi moliyalashtirish zarurligini koʻrsatadigan mablagʻ miqdori mavjudligi.
Tanlov nizomi bilan batafsil ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Foydali tomonlari
- Tanlov yakunlariga koʻra, har bir tuman (shahar) kesimida eng yuqori ball toʻplagan 3 nafar ishtirokchi tanlov gʻolibi deb eʼlon qilinadi va ularning har biriga BHMning (300 ming soʻm) 200 baravarigacha (60 mln soʻm) grant mablagʻlari ajratiladi.
Batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Hujjat topshirish
Tanlovga arizalar ushbu shaklda joylanishi lozim.
Arizalar yoshlarportali.uz sayti hamda Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan qabul qilinadi.
Qoʻshimcha maʻlumotlar
Tanlovni oʻtkazish bosqichlari, startap loyihalarga qoʻyiladigan talablar, loyihalarni baholash mezonlari va boshqa zaruriy maʼlumotlar tanlov Nizomida batafsil yoritilgan.
Qoʻshimcha murojaat uchun telefon: 1093 (aloqa-markazi), +998 99 858-22-41.