Chexiyaning Charlz universitetida bakalavriat va magistratura bosqichida oʻqish uchun grantlar — Computer Science Tuition Fee Scholarships 2025

Chexiyaning Charlz universitetida bakalavriat va magistratura bosqichida oʻqish uchun grantlar — Computer Science Tuition Fee Scholarships 2025

  • 20/12/2024 Qabul boshlanishi
  • Grant Moliyalash turi
  • Chexiya Davlat
  • 30/04/2025 03:00 Oxirgi muddat
GrantGO

Muhim tafsilotlar

  • Kimlar uchun
    O'rta ma'lumotli (maktab/kollej bitiruvchisi), Bakalavr talabasi , Oliy ma'lumotli (bakalavr), Magistr talabasi, Oliy ma'lumotli (magistr), PhD talabasi , Falsafa fanlari doktori
  • Dastur tili
    Ingliz tili
  • Yosh chegarasi
    Chegaralanmagan
  • IELTS talabi
    minimum 6.5

Doʻstlar bilan ulashing

Umumiy maʻlumotlar

Chexiya davlati Charlz universitetining matematika va fizika fakulteti kompyuter fanlariga oid yoʻnalishlarda oʻqish niyatidagi nomzodlarga Computer Science Tuition Fee Scholarships 2025 (CSTFS) grantini eʼlon qiladi.

Grant bakalavriat va magistratura bosqichi uchun ajratilgan boʻlib, dastur ingliz tilida oʻqitiladi. Bakalavr bosqichi 3 yil, magistratura bosqichi esa 2 yil davom etadi. Dastur doirasida bakalavriat bosqichi uchun 6 ta hamda magistratura bosqichi uchun esa 2 ta oʻrin ajratilgan. Grant nomzodning akademik koʻrsatkichlariga qarab beriladi.

Dastur uchun 4,200 yevrodan 21,600 yevrogacha mablagʻ ajratilgan boʻlib, ushbu mablagʻ ishtirokchilarning kontrakt toʻlovini toʻlab berish uchun ishlatiladi.

Grantga hujjat topshirish jarayoni 2025-yil 30-aprelgacha davom etadi.

Dastur haqida ushbu havola orqali toʻliq maʼlumot olish mumkin.

Maqbullik shartlari

Dasturda ishtirok etish uchun quyidagi talablar mavjud:

  • Grant 2025-2026-oʻquv yilidan boshlab Charlz universitetining matematika va fizika fakultetida kompyuter fanlari boʻyicha bakalavriat yoki magistratura bosqichlariga ariza topshirgan va ilgari dasturda qatnashmagan nomzodlar uchun moʻljallangan;
  • Oʻqishni bitirgan yoki tamomlash arafasida turganlar ariza berishi mumkin;
  • Nomzod yuqori akademik yutuqlarga erishgan boʻlishi kerak;
  • Bakalavr hamda magistratura bosqichida oʻqish uchun IELTS 6,5 yoki shunga teng ingliz tilini bilish boʻyicha xalqaro til sertifikati talab qilinadi.

Eslatma: Talabgorlar tanlagan dasturi uchun ham kirish talablariga javob berishi kerak. Dastur vaqtida boshqa grant dasturlarida qatnashish umuman mumkin emas.

Foydali tomonlari

Dasturning quyidagi foydali jihatlari mavjud:

  • Nomzodlarning tanlagan yoʻnalishi, akademik koʻrsatkichlari va qaysi davlat fuqarosi ekanligiga qarab har yili 4,200 yevrodan 7,100 yevrogacha miqdordagi kontrakt puli toʻliq qoplab beriladi. Bu miqdor Yevropa Ittifoqi tarkibiga kiruvchi davlatlardan boʻlgan fuqarolar uchun 4,200 yevro, boshqa davlat fuqarolari uchun esa 7,100 yevroni tashkil etadi;
  • Bakalavr bosqichida grantni qoʻlga kiritganlarning 2025-2026-oʻquv yilidan boshlab 2027-2028-oʻquv yiligacha boʻlgan, yaʼni 3 yillik kontrakt xarajatlari toʻlab beriladi;
  • Magistratura bosqichida grantni qoʻlga kiritganlarning 2025-2026 hamda 2026-2027-oʻquv yillari uchun boʻlgan 2 yillik kontrakt xarajatlari toʻlab beriladi.

Hujjat topshirish

Dasturda qatnashmoqchi boʻlganlar Charlz universitetining talabalarga axborot berish markazi (Student Information System) tizimida roʻyxatdan oʻtishi kerak. Tizimda roʻyxatdan oʻtilgandan soʻng kerakli bosqich va yoʻnalishni tanlab, talab qilingan hujjatlar yuklanadi.

Talab qilinadigan hujjatlar:

  • CV;
  • Motivatsion xat;
  • Chop etilgan ilmiy ishlar, maqolalar yoki tezislar roʻyxati (agar mavjud boʻlsa);
  • Akademik transkriptlar;
  • Grantga topshirilgan ariza (qatʼiy bir ariza shakli belgilanmagan, masalan, ism-familiya toʻliq yozilgan va grantga ariza topshirish yoritilgan elektron pochta xabari ham ariza sifatida qabul qilinadi);
  • Nomzodning ish joyi yoki oʻqish joyidagi oʻqituvchisi tomonidan yozilgan 2 ta tavsiyanoma.

Barcha hujjatlar ingliz tilida boʻlishi yoki ushbu tilga tarjima qilingan boʻlishi lozim;

Demak, yuqoridagi roʻyxatda keltirilgan hujjatlar talabalarga axborot berish markazi (Student Information System) tizimiga yuklanishi, ariza boʻlsa admission@matfyz.cuni.cz elektron manzili orqali joʻnatilishi kerak. Yuborilayotgan elektron xabar mavzusi quyidagi shaklda yozilishi zarur: “CSTFS application-ism familiya);

Tavsiyanomalar uni beruvchining shaxsan oʻzi tomonidan admission@matfyz.cuni.cz elektron manziliga “CSTFS recommendation- ism familiya (nomzodniki)“ mavzusi bilan joʻnatilishi lozim.

Muhim! Oʻqishning oxirgi bosqichida oʻqiyotgan va hali diplomini olmagan nomzodlar, oʻzining oxirgi bosqichda oʻqiyotganini isbotlovchi hujjat taqdim etishi, diplomni esa berilgandan soʻng yuklashi mumkin.

Dastur saralash jarayoni quyidagicha:

  • Saralash jarayoni Charlz universitetining matematika va fizika fakulteti dekani tomonidan amalga oshiriladi;
  • Nomzodlarni saralashda ularning akademik koʻrsatkichlari inobatga olinadi;
  • Grantni bekor qilish yoki gʻoliblarni tanlab olish fakultet dekani tasarrufidadir;
  • Saralash natijalari 2025-yil 31-mayga qadar eʼlon qilinadi. Gʻolib oʻqishdan bosh tortgan taqdirda grant boshqa nomzodga taklif qilinadi;
  • Grant faqatgina Charlz universitetida oʻqish uchun ajratilgan boʻlib, boshqa universitetni tanlash yoki oʻqishni koʻchirish imkoni yoʻq;
  • Bakalavriat bosqichi boʻyicha nomzod toʻliq oʻqishi va uch yil ichida dasturni yakunlashi kutiladi. Agar birinchi yil oxirida olingan kreditlar soni 60 dan kam boʻlsa yoki ikkinchi yil oxiriga kelib 120 dan kam boʻlsa yoki dastur uch yil ichida tugallanmagan boʻlsa, qolgan qismi uchun stipendiya bekor qilinadi;
  • Magistratura bosqichi boʻyicha nomzod toʻliq oʻqishi va dasturni ikki yil ichida yakunlashi kutiladi. Agar birinchi yil oxirida olingan kreditlar soni 60 dan kam boʻlsa yoki dastur ikki yil ichida tugallanmagan boʻlsa, qolgan qismi uchun stipendiya bekor qilinadi.

Eslatma! Charlz universitetiga hujjat topshirish uchun 1,500 chex krona (taxminan $62) miqdorida badal puli mavjud.

Dasturga kerakli hujjatlarni ushbu havola orqali yuklash mumkin.

Qoʻshimcha maʻlumotlar

  • Dasturga hujjat topshirish uchun oxirgi muddat: 30-aprel, 2025-yil (03:00);
  • Natijalar 2025-yil 31-mayga qadar eʼlon qilinadi;
  • E-mail: admission@matfyz.cuni.cz;
  • Manzil: Ke Karlovu 2027/3
  • 121 16 Praga 2, Chexiya Respublikasi;
  • VAT ID: CZ00216208.

Dastur boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlarni quyidagi ijtimoiy tarmoqlar orqali ham topish mumkin:

Chexiya
Chexiyaning Charlz universitetida bakalavriat va magistratura bosqichida oʻqish uchun grantlar — Computer Science Tuition Fee Scholarships 2025

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar