Umumiy maʻlumotlar
Visiting Student Research Program (VSRP) dasturi talabalarga Saudiya Arabistonining KAUST oliygohida innovatsion amaliyot olib borish imkoniyatini taqdim etuvchi dasturdir. Ushbu amaliyot orqali iqtidorli talabalar turli fanlar va dasturlar boʻyicha tadqiqot oʻtkazishlari mumkin.
Dasturda dunyo boʻylab kuchli bilim va yuqori akademik koʻrsatkichga ega boʻlgan bakalavr va magistratura bosqichi talabalari KAUST oliygohi professor-oʻqituvchilari rahbarligi va qoʻllab-quvvatlashi ostida amaliyot oʻtash imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Amaliyot tanlangan dastur yoʻnalishiga qarab ingliz tilida 3 oydan 6 oygacha davom etishi mumkin. Umumiy hisobda ushbu dastur orqali 100 dan ortiq yoʻnalishda ilmiy ishlar olib imkoniyati mavjud. Dastur yiliga 100 nafar talaba ishtirok etishi mumkin. Avvalgi mavsum ishtirokchilari taassurotlari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Dastur bilan bogʻliq barcha xarajatlar tashkilot tomonidan toʻliq moliyalashtiriladi.
Maqbullik shartlari
Dasturda ishtirok etish uchun talablar:
- Dasturda bakalavriatning kamida 3-kursini tamomlaganlar yoki magistratura talabalari ishtirok etishi mumkin. PhD va KAUST talabalari hamda bitiruvchilari ushbu dastur uchun ariza topshira olmaydi;
- Nomzodlar yuqori akademik koʻrsatkichga ega boʻlishi kerak. GPA kamida 3,5 (4 ballik tizimda) yoki 14 (20 ballik tizimda) boʻlishi lozim;
- Ingliz tilida erkin ogʻzaki va yozma suhbat qila olish qobiliyatiga ega boʻlishi kerak. Kamida IELTS 6,5 yoki TOEFL iBT 79 daraja talab etiladi.
Dastur talablari bilan batafsil ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Foydali tomonlari
Ishtirokchilar quyidagi imtiyozlarga ega boʻladi:
- Safar va viza xarajatlari qoplab beriladi;
- Oylik $1000 stipendiyaga ega boʻladilar;
- Shaxsiy yotoqxona bilan taʼminlanadi;
- Sugʻurta xarajatlari moliyalashtiriladi;
- Ijtimoiy va madaniy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladilar;
- Amaliyot davomida yirik tadqiqot markazlari, asosiy laboratoriyalar va tegishli muassasalardan foydalanishlari mumkin.
Dastur imkoniyatlari bilan batafsil ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Hujjat topshirish
Dasturga butun yil davomida onlayn ariza topshirish mumkin.
Ariza topshirish uchun nomzodlar oʻzlariga tegishli yoʻnalishda amaliyot dasturini tanlashlari va “Apply” tugmasini bosib ariza shaklini toʻldirishlari lozim.
Kerakli hujjatlar:
- Avval tamomlagan va hozirda taʼlim olayotgan taʼlim muassasasi baholari va ularning tarjimasi;
- Tavsiyanoma;
- Shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
- Maqsad bayonnomasi (Statement of Purpose). Dasturda nega ishtirok etmoqchiligi tavsiflangan bayonnoma;
- CV (Tarjimayi hol).
Barcha hujjatlar ingliz tilida boʻlishi lozim.
Eslatma: KAUST oliygohiga kela olmaydigan xalqaro talabalar uchun masofaviy/Virtual amaliyotlar dasturlari mavjud. Ariza toʻldirishda vaksina sertifikati soʻralgan joy boʻsh qolishi va maqsad bayonnomasida masofaviy tarzda amaliyot oʻtamoqchi ekanligi taʼkidlanishi lozim.
Qoʻshimcha maʻlumotlar
Saralash jarayoni:
- Barcha arizalar koʻrib chiqiladi va nomzodlar akademik koʻrsatkichlari, tadqiqot rejasi haqida suhbatlashish va dasturga qiziqishi haqida koʻproq maʼlumot olish uchun fakultet aʼzosi tomonidan ZOOM suhbatiga taklif qilinadi;
- Saralangan nomzodlar qabul komissiyasi tomonidan ZOOM suhbatga taklif qilinadi. Bunda nomzodlarning dasturga oid barcha savollari muhokama qilinadi va nomzod haqida koʻproq savollar soʻraladi;
- Suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtganlarga elektron pochta orqali qabul xati keladi;
- Oxirida esa sayohat boʻyicha maslahatchi koordinator nomzodning KAUST kampusiga muammosiz koʻchib oʻtishiga yordam berish uchun u bilan aloqaga chiqadi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Koʻp berilgan savollar va ularning javobi bilan ushbu havola orqali tansihish mumkin.
Qoʻshimcha murojaatlar muloqot xizmati (yordamchi chat) va vsrp@kaust.edu.sa email manzili orqali qabul qilinadi.