Tavsif
Fransiya elchixonasi, Campus France va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi oʻrtasidagi qoʻshma grantlarni moliyalashtirish uchun 50 oʻringa moʻljallangan ochiq stipendiya tanlovlarini eʼlon qiladi. Dasturda mamlakatimizning innovatsion salohiyatini yanada rivojlantirishni maqsad qilgan, kreativ fikrlaydigan yoshlar, isteʼdodli professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, pedagoglar va barcha qiziquvchilar ishtirok etishlari mumkin.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 2022-2023-oʻquv yili uchun ushbu grantlar quyidagi tartibda taqsimlanadi:
- bakalavriat taʼlim dasturi uchun 10 nafar;
- magistratura taʼlim dasturi uchun 30 nafar;
- doktorantura taʼlim dasturi uchun 10 nafar stipendiyalar ajratishini maʼlum qiladi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi uchun eng ustuvor sohalar boʻyicha Fransiyaning nufuzli oliygohlarida taʼlim olish imkoniyatini taqdim etadi, jumladan:
- Neft va gaz, elektr energiyasi, qayta tiklanadigan energiya, geologiya va konchilik;
- Yadro muhandisligi, elektrotexnika, aerokosmik muhandislik va fuqaro aviatsiyasi;
- Аvtomobilsozlik;
- Аxborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt;
- Suv va ekologiya muhandisligi, agronomiya;
- Gumanitar fanlar, chet tillari;
- Madaniyat, turizm va sport, kinematografiya, madaniy meros va muzeyshunoslik, moda;
- Аrxitektura va dizayn;
- Iqtisodiyot va menejment, huquq, jurnalistika, davlat boshqaruvi;
- Sogʻliqni saqlash va farmatsevtika.
Dasturga qabul qilingan ishtirokchilarning barcha xarajatlari toʻliq tashkilot tomonidan moliyalashtiriladi.