Tavsif
Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) hamda Oʻzbekiston hamkorligida xalqaro startap loyihalar uchun A-HUB akselerator dasturi eʼlon qilindi.
Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha xalqaro islom tashkilotining asosiy maqsadi — oʻzaro tajriba va bilim almashish orqali kelajak liderlarini shakllantirish. Shuningdek, texnologiyalar orqali insonlar hayotini ijobiy tomonga oʻzgartiruvchi innovatsion startaplarni qoʻllab-quvvatlash. Dastur 2025-yil oxirigacha 150 dan ortiq IT kompaniyalarga asos solish reja qilgan.
A-Hub akselerator dasturi oʻz faoliyatini quyidagi 7 ta davlatda amalga oshiradi:
- Oʻzbekiston
- Qozogʻiston
- Ozarbayjon
- Tojikiston
- Qirgʻiziston
- Pokiston
- Marokash
Dasturning Oʻzbekistondagi hamkori Sava Consult hisoblanadi va u ishlab chiqarishni joriy etish, biznes jarayonlarini optimallashtirish va avtomatlashtirish loyihalari boʻyicha ish olib boradi.
A-HUB Oʻzbekiston quyidagi sohalarda startap loyihalarni qabul qiladi:
Fintech & eCommerce — bunda bozorlar va elektron tijoratga oid loyihalar qabul qilinadi;
Food & Agri Tech — bunda fermerlar va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari uchun va umumiy ovqatlanish sohalari boʻyicha yechim beruvchi startaplar qabul qilinadi;
EdTech & Digital Media — bunda taʼlim loyihalari, onlayn taʼlim platformalari, ommaviy axborot vositalariga oid loyihalar qabul qilinadi;
Cleantech — bunda chiqindilar va isteʼmol qilib boʻlingan mahsulotlarni qayta ishlash boʻyicha loyihalar qabul qilinadi;
Space Tech — yer atmosferasidan tashqarida - fazoda ishlatiladigan texnologiyalar, kosmik sayohat va shunga aloqador loyihalar qabul qilinadi;
Tourism — turizm sohasiga oid startaplar, sayohatchilarni kutib olish va kuzatib qoʻyish, turar-joy topishda yordam berish va ularning boʻsh vaqtlarini maroqli oʻtkazishga qaratilgan loyihalar qabul qilinadi;
HealthTech — bunda insonlarning yashash va salomatlik darajasini yaxshilashga qaratilgan loyihalar qabul qilinadi;
Entertainment & Game industry — bunda oʻyinlar va koʻngilochar oʻyinlarning onlayn shakllariga aloqador loyihalar qabul qilinadi.
Tanlovda eng yaxshi deb topilgan 3 ta loyiha ishtirokchilari Marokashda bo‘lib o‘tadigan final bosqichida xalqaro investorlarga oʻz loyihalarini taqdim etib investitsiya jalb qilish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Dasturga qabul 2022-yil 15-iyulga qadar davom etadi.