Startap loyihalarni qabul qilishda qoʻyiladigan shartlar:
- Talabgor professional taʼlim muassasasi oʻquvchisi boʻlgan taqdirda muassasa tomonidan taqdim etilgan maʼlumotnomaning mavjudligi;
- Professional taʼlim muassasasi oʻquvchilari tomonidan taqdim etilgan startap loyiha tanlov natijalariga koʻra moliyalashtirishga tavsiya etilgan vaqtda loyiha rahbari muassasasi oʻquvchisi boʻlishi lozim;
- Tanlovda professional taʼlim muassasasida tahsil olmayotgan fuqarolar ham ishtirok etishi mumkin (Ushbu holatda startap loyiha mazmunan professional taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan boʻlishi shart);
- 1 ta ishtirokchi 1 ta startap loyiha bilan ishtirok etadi;
- Startap loyihalar asosida dasturiy mahsulot, xizmatlar va ijtimoiy mahsulotlar yaratishning eng koʻp muddati 1 yildan oshmasligi lozim.
Maʼlumot uchun: Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar professional taʼlim muassasalari toifasiga kiradi.
Loyihaga baho berishda quyidagilar hisobga olinadi:
- Loyihaning innovatsionligi – respublikada avval qoʻllanilmagan yangi texnologiyalar va/yoki jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, bunda loyiha respublikada avval ishlab chiqarilmagan yangi mahsulot (intellektual mulk obyekti mavjud boʻlganda) ishlab chiqarish, yangi xizmat yaratishni koʻzda tutadi;
- Loyihaning texnik jihatdan mukammalligi, shu jumladan yakunlanganlik darajasi;
Muhofaza qiluvchi hujjatlar mavjudligi – patent yoki patentga ariza, va/yoki ilmiy-texnik hujjatlarning toʻliq komplekti, va/yoki koʻzda tutiladigan mahsulot (texnologiya)ning texnik reglamenti, sinov dalolatnomalari, mahsulot namunasining mavjudligi; - Loyihaning investitsion jozibadorligi – qoʻshimcha foyda keltirib, kiritilgan mablagʻlar tavakkalchiligini kamaytiradigan qulay investitsion va innovatsion shart-sharoitlar majmuidir. Loyihaning investitsion jozibadorligi uning mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli istiqbollariga muvofiqligi, loyiha,ning qiymati, tavakkalchiliklarning hisobga olinishi, oʻzini-oʻzi qoplashi va rentabelligi bilan belgilanadi;
- Loyihani moliyaviy rejalashtirish – loyiha moliyaviy taʼminotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi va xarajatlar smetasining asoslanganligidir;
- Marketing rejasi – loyihani amalga oshirish strategiyasi, bozor hajmi, maqsadli auditoriya, aloqalar/sotuvlarning asosiy kanallari, raqobat muhiti va h.k.
- Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – ajratiladigan mablagʻlardan samarali foydalanish, amalga oshiriladigan tadbirlarni bajarish sifati va muddatlari, import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan ilmiy asos talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish.
Quyidagi hollarda taqdim etilgan loyihalar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmasligi mumkin:
- Talabgor professional taʼlim muassasasi oʻquvchisi boʻlgan taqdirda muassasa tomonidan taqdim etilgan maʼlumotnomaning mavjud emasligi;
- Professional taʼlim muassasasi oʻquvchilari tomonidan taqdim etilgan startap loyiha tanlov natijalariga koʻra moliyalashtirishga tavsiya etilgan vaqtda loyiha rahbari muassasasi oʻquvchisi boʻlmasligi;
- Tanlovda professional taʼlim muassasasida tahsil olmayotgan fuqaro tomonidan taqdim etilgan startap loyiha mazmunan professional taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilmaganligi;
- Startap loyiha mazmunan innovatsion xususiyatga ega emasligi;
- Startap loyihaning maqsad va vazifalari yoritib berilmaganligi;
- Startap loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻni binolarni rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-qurilish ishlariga, shuningdek, avtotransport vositalarini xarid qilishga sarflansa.
Muhim: Taqdim etilgan startap loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan startap loyihalarning natijadorligi, tanlov dasturlarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha rahbarlari, mazkur loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari javobgar hisoblanadilar.