Tavsif
DAADning navbatdagi “Development-Related Postgraduate Courses” (EPOS) stipendiyasi 2022-2023-yillarda magistratura va PhD bosqichini Germaniyada oʻqish istagida boʻlgan talabalar talabalar uchun moʻljallangan.
Rivojlanayotgan davlatlarning fuqarosi hisoblangan, ingliz yoki nemis tilidan xabardor, sohasiga doir kamida 2 yillik ish tajribasiga ega, jamiyat rivoji uchun faol va munosib hissa qoʻshib kelayotgan barcha umidli nomzodlar irqi, jinsi, salomatlik darajasidan (sogʻlom yoki imkoniyati cheklanganlik) qatʼi nazar, stipendiya uchun ariza berishi mumkin. Nomzodlar Germaniyada joylashgan va DAAD tomonidan taklif etilayotgan yoʻnalishlar: Tibbiyot, muhandislik, aniq fanlar, tabiiy fanlar, biznes, huquqshunoslik, qishloq xoʻjaligi, oʻqitish va b. boʻyicha tegishli universitetlarga ariza topshirishlari lozim. DAAD tomonidan eng munosib deb topilgan talabgorlar dastur doirasida stipendiya imtiyozlaridan foydalanish (oylik stipendiya, bepul safar hamda sugʻurta) imkoniyatiga ega boʻladilar.
Dasturning davomiylik muddati magistratura bosqichi uchun 12-24 oy, PhD uchun 42 oyni tashkil etadi. Dastur davomiyligi tanlangan universitetning oʻquv muddatiga bogʻliq.
Oʻquv muddati davomida talabalar, eng asosiysi, sohani rivojlantirishga doir eng ilgʻor bilim va tajribalar bilan tanishadilar, dunyo boʻylab yangi doʻstlar orttiradilar va Germaniya madaniyati bilan yaqindan tanishadilar. Bu, albatta, kelajakda ularning kasbiy va shaxsiy rivojlanishlarida beqiyos rol oʻynaydi.