Umumiy maʻlumotlar
AQShdagi eng nufuzli universitetlaridan biri Stanford universiteti magistratura va PhD bosqichlari uchun toʻliq moliyalashtiriluvchi 3 yillik Knight-Hennessy Scholars grantini taqdim etadi. Dastur ishtirokchilari Knight-Hennessy Scholars (KHS) hamjamiyati aʼzosi sifatida turli fanlar va madaniyatlarni oʻrganish orqali oʻzlarining tajribasini yanada rivojlantiradilar. Bundan tashqari, ular King Global Leadership Program dasturida ham qatnashadilar hamda iqlim oʻzgarishi, sogʻliqni saqlash, hukumat, siyosat va taʼlim kabi dunyo oldida turgan muhim muammolarni oʻrganadilar va ularni hal qilish maqsadida yetakchi olimlar bilan hamkorlik qiladilar.
Maʼlumot uchun: Stanford universiteti AQShdagi yetakchi universitetlardan biri hisoblanadi. Kaliforniya shtatida joylashgan ushbu taʼlim dargohi 1885-yil xususiy mablagʻ hisobiga tashkil etilgan. Universitet geologiya, gumanitar va aniq fanlar, huquqshunoslik, tibbiyot, pedagogika, jismoniy tarbiya boʻyicha yetakchi mutaxassislar tayyorlaydi. 13 mingdan ortiq talaba taʼlim oladi. Kutubxonasi 1885-yil tashkil etilgan eng katta kutubxonalardan biri boʻlib, 3,5 milliondan ortiq asar saqlanadi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Maqbullik shartlari
- Yoshi, taʼlim sohasi va karyerasidan qatʼi nazar, barcha mamlakatlar fuqarolari va rezidentlari ariza berishi mumkin;
- Ingliz tili darajasini aniqlash uchun Test of English as a Foreign Language Internet-Based Test (TOEFL iBT) topshiriladi:
- PhD uchun minimum 100 ball;
- Magistratura uchun minimum 100 ball;
- Magistraturadagi School of Engineering yoʻnalishi uchun minimum 89 ball talab qilinadi.
- Nomzodlar 2018-yilning yanvar oyida yoki undan keyin AQShdagi universitetlardan birida yoki unga tenglashtirilgan boshqa davlat universitetida bakalavr darajasini olgan boʻlishi kerak;
- Bakalavrda oʻqiganidan soʻng harbiy xizmatni oʻtagan nomzodlar uchun muvofiqlik sanasi 2 yilga uzaytiriladi (2016-yil yanvar yoki undan keyin bakalavr darajasini olgan boʻlishi lozim).
Nomzodlar quyidagi toʻrtta shartdan kamida bittasini bajarish kerak:
- Nomzod Stanford universitetiga magistratura yoki PhD uchun ariza topshirishi lozim. Hujjat topshirish vaqtida Knight-Hennessy Scholars granti uchun ham alohida ariza beriladi. Chunki ikkala dastur bir xil vaqtda boshlanishi kerak.
- Nomzod Stanford universitetiga magistratura yoki PhD bosqichiga oʻqishga qabul qilingan boʻlishi lozim. Ayni shu vaqtda grant uchun ariza topshirish va ikkala dasturni bir xil vaqtda boshlashi mumkin.
- Agar nomzod hozirda Stanfordda magistratura talabasi boʻlsa, u ikkinchi yoʻnalish sifatida yana bitta magistratura dasturi uchun ariza topshirishi mumkin. Shunda nomzod Knight-Hennessy Scholars granti va yangi dasturni bir xil vaqtda boshlaydi.
- Agar nomzod hozirda Stanfordda birinchi kurs PhD talabasi boʻlsa, Knight-Hennessy Scholars granti uchun hujjat topshirishi mumkin. Shunda u grantni ikkinchi yildan boshlab olishni boshlaydi.
Eslatma: Kamida 2 yil Stanford universitetida taʼlim olgan nomzodlarga ustunlik beriladi.
Quyidagi dasturlardan foydalanuvchilarga grant berilmaydi:
Muhim: Stanford universitetiga qabul muddati yoʻnalishlarga qarab farqlanadi. Nomzodlar grantga ariza topshirishda buni hisobga olishlari lozim.
Nomzodlarga qoʻyilgan talablar bilan batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Foydali tomonlari
- Dastur magistratura va PhD bosqichlari uchun 3 yillik grant bilan taʼminlaydi;
- Grant quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- Oʻqish va tegishli toʻlovlar qoplanadi;
- Yashash va akademik xarajatlar uchun stipendiya beriladi;
- Bir yillik chipta xarajatlari uchun mablagʻ ajratiladi (ekonom klassda);
- Yangi roʻyxatdan oʻtganlar hududga koʻchib oʻtish yoki kerakli texnologiyani xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun bir martalik stipendiya oladilar;
- Ikkinchi va uchinchi yillarda nomzodlar akademik bilimlarni yanada oshirish maqsadida qoʻshimcha mablagʻ soʻrab ariza berishlari mumkin (masalan, konferensiyalarga qatnashish uchun).
- Gʻoliblar yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytiruvchi seminar, maʼruza, loyihalarni oʻz ichiga olgan King Global Leadership Program dasturida qatnashadilar;
- Turli olimlar bilan muammolarni birgalikda oʻrganish, fikr va tajriba almashish imkoniyati;
- Tez-tez oʻtkaziladigan ijtimoiy yigʻilishlarda qatnashish va qoʻllab-quvvatlovchi jamoa bilan birgalikda ishlash.
Hujjat topshirish
- Magistratura va РhD dasturi uchun ushbu havola orqali roʻyxatdan oʻtish lozim. Shundan soʻng elektron pochta orqali maxsus kod yuboriladi. Foydalanuvchi aynan shu kod orqali akkaunt ochib onlayn ariza shaklini toʻldirishlari mumkin;
- Onlayn ariza uchun barcha materiallar ingliz tilida boʻlishi kerak;
- Google Chrome yoki Mozilla Firefox orqali ariza topshirish tavsiya qilinadi.
Stanford universitetiga magistratura yoki PhD bosqichida oʻqishga ariza topshirish uchun 2024-yil dekabr оyigacha quyidagi hujjatlar topshirish kerak:
- Onlayn ariza shakli;
- Rezyume/CV;
- Transkript va test ballari;
- Tavsiyanoma;
- Insho/Shaxsiy bayonotlar.
Eslatma: Qoʻshimcha talablar dasturga qarab farqlanadi. Shuning uchun nomzodlar magistratura va PhD dasturlari bilan tanishib chiqishlari lozim. Baʼzi bosqichlarga ariza topshirish uchun toʻlov qilish talab qilinadi.
Grant dasturi uchun qabul 2024-yil 1-iyunda оchiladi. 2024-yil 10-oktabr sоat 01:00 gacha quyidagi hujjatlarni topshirishlari kerak:
- Onlayn ariza shakli;
- Bir betli rezyume;
- Transkript va test ballari;
- Tavsiyanoma;
- Savollarga javob:
- How will your Knight-Hennessy Scholars experience prepare you to realize your immediate and long-term intentions? (250 ta soʻz);
- Please tell us when you: a) made someone particularly proud of you, b) were most challenged, and c) fell short of expectations (150 ta soʻz);
- Please tell us eight improbable facts (things that are unlikely but true) about you (150 ta soʻz).
- Insho quyidagi mavzuda yozilishi kerak: Connect the dots. How have the influences in your life shaped you? (500 ta soʻz).
Hujjat topshirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1-bosqich: Talab qilinadigan ikkita ariza shakli tayyorlanadi;
2-bosqich: Tavsiya beruvchilarning maʼlumotlarini kiritish lozim. Tavsiyanoma joʻnatish uchun yetarlicha vaqt beriladi;
3-bosqich: Talab qilingan barcha boʻlimlar toʻldiriladi. Insholar yoki shaxsiy bayonotlarni tayyorlash uchun koʻproq vaqt ajratish lozim;
4-bosqich: Onlayn arizalarni tegishli muddatlarda topshirish kerak;
5-bosqich: Arizani topshirgandan soʻng yangi ballar olinsa, maxsus sahifa orqali test ballarini yangilash mumkin.
Muhim: Elektron pochta orqali yuborilgan materiallar qabul qilinmaydi.
Eslatma: Grant uchun arizani topshirgandan soʻng test ballari, tavsiyanoma va Stanford universitetidagi daraja uchun topshirilgan maʼlumotlardan tashqari boshqa maʼlumotlarni tahrirlab boʻlmaydi.
Hujjat topshirish bilan batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.