Amerikada grant asosida o'qish: almashinuv dasturlari, magistratura va tadqiqot

AQShda ta'lim olish ko'pchilikning orzusiga aylangan, lekin kontrakt to'lovi qimmatligi yoki viza va boshqa sarf-xarajatlar mavjudligi ayrimlarni bu maqsaddan ortga qaytarmoqda. Biz ushbu maqolamiz orqali hech qanday xarajatlarsiz AQShda o'qish imkoniyatini beruvchi bir nechta grant dasturlar bilan tanishtirmoqchimiz.

Almashinuv dasturlari

FLEX - Kelajak Liderlari Almashinuv Dasturi

Ushbu dastur maktabning yuqori sinf va kollej/litsey oʻquvchilariga 1 yil davomida AQShda bepul yashash va taʼlim olish imkoniyatini taqdim etadi. Odatda dasturda 14-16 yoshli maktab o'quvchilari ishtirok etishlari mumkin. Tug'ilgan sanalar bo'yicha talablar har yili tashkilot tomonidan o'zgarib turadi.

Moliyalashtirish turi: Xalqaro va ichki safar xarajatlari, viza, tibbiy sug'urta xarajatlari to'liq qoplanadi. Yashash xarajatlari uchun oylik stipendiya beriladi.

Qabul vaqti: Ishtirok etish istagida bo'lgan nomzodlar har yili sentyabr oyining boshidan 15-oktyabrgacha ariza topshirishlari mumkin. Faqat nomzod ariza topshirish boshlagan vaqtidan 10 kun ichida jarayonni yakunlashi lozim.

Dastur haqida batafsil: FLEX - Kelajak Liderlari Almashinuv Dasturi

Rasmiy havola: Dasturda kimlar ishtirok eta olishi, talabalar va imkoniyatlar bilan batafsil ushbu rasmiy havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

Global UGRAD - talabalar almashish bo‘yicha global dastur

Ushbu dastur orqali bakalavrning 1-, 2-, 3- kursida o‘qiyotgan 18 yoshdan 24 yoshgacha bo'lgan barcha talabalar ishtirok etishi va Qo‘shma Shtatlarda bir semestr davomida o'qish imkoniyatiga ega bo'lishi mumkin.

Moliyalashtirish turi: Dastur bilan bog'liq safar, turar joy, viza va sug'urta xarajatlari tashkilot tomonidan to'liq moliyalashtiriladi. Qo'shimcha xarajatlar uchun oylik stipendiya ajratiladi.

Qabul vaqti: Global UGRAD dasturi uchun arizalar qabuli taxminan 1-noyabrda boshlanadi va 6-yanvargacha davom etadi.

Dastur haqida batafsil: Global UGRAD dasturi

Rasmiy havola: Dastur haqida batafsil ushbu rasmiy havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

TechGirls dasturi

STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) sohasiga qiziquvchi 15-17 yoshdagi qizlar uchun moʻljallangan 4 haftalik yozgi almashinuv dasturi. Dasturning asosiy qismi AQShning Virjiniya Texnologiya Universitetida bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar interaktiv kompyuter va texnologiya lagerlarida hamda ish o‘rinlarini o‘rganish va jamoat ishlarida qatnashish maqsadida bir necha shaharlarga tashrif buyuradilar.

Moliyalashtirish turi: Dastur bilan bog'liq barcha xarajatlar, jumladan, safar, viza, turar-joy xarajatlari tashkilot tomonidan to'liq qoplanadi.

Qabul vaqti: TechGilrs dasturiga arizalar har yili taxminan 18-noyabrda boshlanadi va 15-yanvargacha davom etadi.

Dastur haqida batafsil: TechGirls dasturi

Rasmiy havola: Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

TechWomen dasturi

STEM (matematika, muhandislik, texnologiya va ilmiy fanlar) yoʻnalishida tajribaga boʻlgan ayol-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni bilimini yanada mustahkamlashga yordam berish maqsadida tashkil etilgan almashinuv dastur hisoblanadi. Dasturga qabul qilingan ayol-qizlar 5 hafta davomida AQShning San Fransisko va Vashington shtatidagi nufuzli kompaniya va tashkilotlarda amaliyot oʻtaydilar va yangi gʻoya, bilim va tajriba orttirish imkoniga ega boʻladilar.

Moliyalashtirish turi: Dastur bilan bog'liq barcha xarajatlar: safar, viza, turar joy xarajatlari to'liq moliyalashtiriladi.

Qabul vaqti: Dasturga arizalar har yili noyabr-yanvar oylarida qabul qilinadi.

Dastur haqida batafsil: TechWomen dasturi

Rasmiy havola: Batafsil ushbu havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

SUSI for Young Women Leaders Program

18-25 yoshli yetakchi ayol-qizlar uchun qisqa muddatli yozgi akademik almashinuv dasturi boʻlib, turli mamlakatlarning kuchli liderlik qobiliyatiga ega ayol-qizlarni AQSh va uning madaniyati bilan yaqindan tanishtirish, shu bilan birga, ularning yetakchilik mahoratini oshirish maqsadida tashkil etilgan. Dasturda bakalavrning 1-,2-,3-bosqichida kunduzgi taʼlimda oʻqiyotgan lider qizlar ishtirok eta oladi va qabul qilinganlar 4 hafta davomida turli seminar munozaralari, mashgʻulotlar, guruh taqdimotlari va maʼruzalarda qatnashish bilan birga AQShning mashhur joylariga tashrif buyurish, yetakchilik qobiliaytini rivojlantirish, madaniy tadbirlar va jamoat xizmati kurs va oʻquv mashgʻulotlarida qatnashish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Moliyalashtirish turi: Dastur bilan bog'liq barcha xarajatlar to'liq qoplanadi.

Qabul vaqti: Arizalar taxminan noyabr-dekabr oylarida qabul qilinadi.

Dastur haqida batafsil: SUSI for Young Women Leaders dasturi

Rasmiy havola: Batafsil ushbu havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

SUSI for Secondary School Educators Program

Ushbu dastur AQSh elchixonasi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, mahalliy aholiga xizmat koʻrsatadigan maktab, kollej yoki akademik litsey oʻqituvchilari yoki tajribali maʼmurlar, jumladan, oʻquv dasturlarini ishlab chiquvchilar, darsliklar yozuvchilar, taʼlim vazirligi xodimlari uchun moʻljallangan. Dastur ishtirokchilarga 5 hafta davomida AQShda yashash bilan birga, AQSh jamiyati, madaniyati, qadriyatlari va institutlari haqidagi tushunchalarini chuqurlashtirish imkoniyatini taqdim etadi. Nomzodlar dasturda ishtirok etish uchun 7 yillik ish tajribasiga ega bo'lishi kerak.

Moliyalashtirish turi: to'liq moliyalashtiriladi. Ishtirokchilarning barcha safar, viza, sug'urta va turar joy xarajatlari to'liq qoplanadi.

Qabul vaqti: Dasturga arizalar qabuli har yili taxminan noyabr oyi boshida boshlanadi va 21-dekabrgacha davom etadi.

Dastur haqida batafsil: SUSI for Secondary School Educators dasturi

Rasmiy havola: Batafsil ushbu havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

SUSI for Scholars - tadqiqotchilar uchun almashinuv dasturi

Dastur chet el universitetlari oʻqituvchilari va boshqa olimlarga AQSh jamiyati, madaniyati, qadriyatlari va institutlari toʻgʻrisida oʻz tushunchalarini chuqurlashtirish imkoniyatini beradi. Institutlarning asosiy maqsadi oʻquv dasturlarini mustahkamlash va xorijdagi akademik muassasalarda Qoʻshma Shtatlar toʻgʻrisida oʻqitish sifatini oshirishdir. Besh haftalik davom etuvchi ushbu dastur muvozanatlashtirilgan seminarlar, oʻqish, jamoaviy taqdimotlar va maʼruzalardan iborat boʻladi. Oʻquv ishlari va sinfdagi mashgʻulotlar madaniy sayohatlar, saytga tashriflar, yetakchilikni rivojlantirish tadbirlari va mahalliy jamoatdagi koʻngillilar uchun imkoniyatlar bilan toʻldiriladi. Institutlarda toʻrt haftalik akademik rezidentlik komponenti va bir haftalik integral oʻquv safari mavjud. Akademik rezidentlik davrida ishtirokchilar o'qishdan tashqari madaniy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.

Nomzodlardan kamida 7 yillik ish tajribasi va magistrlik darajasi talab etiladi.

Moliyalashtirish turi: to'liq moliyalashtiriladi. Dastur bilan bog'liq barcha xarajatlar to'liq moliyalashtiriladi.

Qabul vaqti: Dastur uchun arizalar qabuli har yili taxminan noyabr oylarida boshlanadi va 3-yanvargacha davom etadi.

Dastur haqida batafsil: SUSI for Scholars dasturi

Rasmiy havola: Dastur haqida batafsil ushbu rasmiy havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

Magistratura bosqichida o'qish uchun dasturlar

 

Fulbright Foreign Student Program

Ushbu dastur bakalavrni tamomlagan yosh mutaxassislar uchun AQShda 2 yillik magistratura bosqichida oʻqish imkoniyatini beradi. Dasturga talabalar butun dunyo boʻylab qabul qilinadi. Dasturda nomzodlar tibbiyotning bemorni davolash yoʻnalishidan boshqa barcha yoʻnalishlar boʻyicha magistratura bosqichida oʻqish uchun ishtirok eta oladilar. Tibbiy sohasida bakalavr darajasiga ega boʻlgan nomzodlar kimyo, biologiya, sogʻliqni saqlash yoki kasalxona boshqaruvi yoʻnalishlari boʻyicha magistratura bosqichini davom ettirish uchun ariza topshirishlari mumkin boʻladi. Nomzodlar akademik va ijtimoiy jihatdan faol bo'lish bilan birga 2 yillik ish tajribasiga ega bo'lishi ham zarur.

Moliyalashtirish turi: to'liq moliyalashtiriladi. O'qish kontrakti, safar, viza, sug'urta va turar joy xarajatlari to'liq qoplanadi hamda qo'shimcha xarajatlar uchun oylik stipendiya beriladi.

Qabul vaqti: arizalar har yili taxminan 1-apreldan 11-maygacha qabul qilinadi.

Dastur haqida batafsil: Fulbright Foreign Student dasturi

Rasmiy havola: Dastur haqida batafsil ushbu rasmiy havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

Tadqiqot va professional rivojlanish uchun dasturlar

 

Hurford Youth Fellowship

Hurford yoshlar dasturi liderlik va tashkilotchilik ko’nikmalarini shakllantirish, oshirish hamda demokratiya sohasida dunyoning yetakchi liderlaridan saboq olishga mo’ljallangan 3 oylik to’liq moliyalashtiriluvchi dasturdir. Dastur davomida ishtirokchilar demokratiya sohasidagi asosiy muommolar bo’yicha strategik uchrashuvlarga qatnashish, tadqiqot va taqdimotlar o’tkazish, ma’lumot almashinuv seanslari, onlayn muhokamalar tashkil etish imkoniyatga ega bo’lishadi.

Dasturda 30 yoshdan katta bo'lmagan demokratiya sohasiga qiziquvchi barcha faol yoshlar ishtirok etishi mumkin.

Moliyalashtirish turi: to'liq moliyalashtiriladi. Bunda AQShga borish-kelish, sug'urta xarajatlari qoplanadi, yashash xarajatlari uchun qo'shimcha oylik stipendiya beriladi.

Qabul vaqti: Arizalar har yili taxminan 1-maydan 31-iyul sanasigacha qabul qilinadi.

Dastur haqida batafsil: Hurford Youth Fellowship dasturi

Rasmiy havola: Dastur haqida batafsil ushbu rasmiy havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

Fulbright Teaching Excellence and Achievement Program dasturi

Ushbu dastur oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun  AQShning nufuzli taʼlim muassasalarida 6 hafta davomida amaliyot oʻtash imkoniyatini taqdim etadi. Dasturda oʻrta maktab, jumladan, akademik litsey va kollejda toʻliq stavkada ingliz tili, matematika, tabiiy va ijtimoiy fanlar boʻyicha dars beruvchi oʻqituvchilar ishtirok etishi mumkin.

Dastur davomida qatnashchilar oʻqitishning yangi metodologiyalari, darslarni rejalashtirish, zamonaviy taʼlim texnologiyalaridan samarali foydalanish, oʻquvchilarni taʼlim olishga yanada ruhlantirishga bagʻishlangan seminar va treninglarda ishtirok etadilar. Qolaversa, dastur ishtirokchilari AQShning tajribali oʻqituvchilari bilan birga mahalliy taʼlim muassasalarida kamida 40 soatlik amaliyot oʻtaydilar.

Moliyalshtirish turi: Dasturga qabul qilingan ishtirokchilarning barcha xarajatlari, jumladan, safar, viza, sug'urta, ichki transport xarajatlari tashkilot tomonidan toʻliq moliyalashtiriladi. Qolaversa, qo'shimcha xarajatlar uchun kunlik stipendiya ajratiladi. Dastur yakunida Vashingtonda oʻtkaziladigan tadbirda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilar kichik grantlarga ariza topshirish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin.

Qabul vaqti: Dasturga arizalar qabul qilish har yili taxminan 13-yanvar sanasidan 22-martga qadar davom etadi.

Dastur haqida batafsil: Fulbright Teaching Excellence and Achievement Program

Rasmiy havola: dastur haqida batafsil ushbu havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

Fulbright Teaching Excellence and Achievement Program – Media Literacy Cohort dasturi

Dasturda oʻrta maktab, jumladan, akademik litsey va kollejda toʻliq stavkada ingliz tili, matematika, tabiiy ijtimoiy fanlar, tarix, huquq, global tadqiqotlar, media tadqiqotlari, jurnalistika va kommunikatsiya kabi fanlar boʻyicha dars beruvchi oʻqituvchilar ishtirok etishi mumkin. Dasturga qabul qilingan ishtirokchilar 6 hafta davomida AQShning nufuzli taʼlim muassasalarida maxsus tashkil etiladigan seminar va darslarda ishtirok etadilar.

Oʻqituvchilar tanlov asosida tanlangan universitetga joylashtiriladi. Dasturda media savodxonligi va tanqidiy fikrlashga qaratilgan mazmunga oid kurs ishlari kiradi. Shuningdek, dastur ishtirokchilari mezbon universitet yaqinidagi AQSh oʻrta maktabida ingliz tili, ijtimoiy fanlar, tarix, fuqarolik, aloqa, jurnalistika, matematika yoki tabiiy fanlar boʻyicha amerikalik hamkor oʻqituvchi bilan kamida 40 soatlik amaliyot oʻtaydilar. Dastur davomida qatnashchi oʻqituvchilar Amerika madaniyati bilan yaqindan tanishadi, ularga darslarda foydalanish mumkin boʻlgan amaliy manbalar topish va media savodxonligi boʻyicha treninglar tashkil etishda kerakli maslahat va yordam koʻrsatiladi.

Moliyalshtirish turi: Dasturga qabul qilingan ishtirokchilarning barcha xarajatlari, jumladan, safar, viza, sug'urta, ichki transport xarajatlari tashkilot tomonidan toʻliq moliyalashtiriladi. Qolaversa, qo'shimcha xarajatlar uchun kunlik stipendiya ajratiladi.

Qabul vaqti: Dasturga arizalar qabul qilish har yili taxminan yanvar oyi boshlaridan 22-martga qadar davom etadi.

Dastur haqida batafsil: Fulbright Teaching Excellence and Achievement Program – Media Literacy Cohort 

Rasmiy havola: Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali ma'lumot olish mumkin.

 

Yuqorida berilgan barcha dasturlar orqali AQShda nafaqat bepul ta'lim olish yoki tadqiqot olib borish, balki oylik stipendiyaga ham ega bo'lish imkoni mavjud. Qolaversa, dastur ishtirokchilari Amerika madaniyati, ularning yashash tarzi bilan yaqindan tanishadi, ko'plab madaniy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'ladilar. Dastur yakunlangandan so'ng O'zbekistonda o'z sohasi bo'yicha yangiliklar kiritish, Amerikada o'rgangan bilimlarini amalda qo'llash va bu uchun dastur tashkilotchilari tomonidan beriladigan maxsus kichik grantlarni yutib olishlari ham mumkin.

Bir so'z bilan aytganda, agar maqsadingiz AQShda o'qish bo'lsa, ushbu dasturlarga ariza topshirib ko'ring va Amerikaning eng yaxshi oliygohlarida hech qanday xarajatlarsiz o'qish imkoniyatini qo'lga kiriting.

Telegram: https://t.me/grantgouz 

Facebook: https://www.facebook.com/grantgouz/ 

Instagram: https://instagram.com/grantgouz 

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar