Iqtisod, biznes va moliya sohasidagilar uchun bugungi kunda ommalashib borayotgan ACCA sertifikati haqida
Ayni paytda iqtisod-moliya va biznes sohasida ishlayotgan, o'qiyotgan va bu sohaga qiziqadiganlar orasida ACCA imtihoni ancha mashhurlashib ulgurdi. Buning asosiy sababi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga asosan 2021-yildan boshlab barcha korxonalarda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o'ta boshlaganligi bo'lsa, ikkinchi sababi bu qaror ortidan milliy korxona va boshqa tijoriy tashkilotlar tomonidan ACCA sertifikatiga ega kadrlarga yuqori maosh taklif qilinayotganligidir. Bugungi maqolamizda kelajakda yuqori maosh va'da qiladigan ACCA imtihoni, uning tarkibi, narxlari va sizga qiziq bo'lgan boshqa jihatlari haqida so'z yuritamiz.
ACCA nima?
ACCA buxgalterlik bo'yicha yetakchi xalqaro tashkilot bo'lib, yoyilmasi - "Association of Chartered Certified Accountants" (Sertifikatlangan Buxgalterlar Assotsiatsiya) degani. ACCA malakasiga ega bo'lish kadrda biznesning barcha jabhalarida ko'nikmalari borligini anglatadi. Bu tashkilot 1904-yilda tashkil etilgan bo'lib, xalqaro buxgalterlik malakasini taklif qiluvchi eng yirik global professional accounting tashkiloti hisoblanadi. ACCA'ning shtab-kvartirasi Londonda joylashgan bo'lib, asosiy ma'muriy ofisi Glazgo shahrida joylashgan.
ACCA malakasiga ega bo'lish uchun avval maksimum 13 turdagi imtihondan o'tish va keyin biznes yoki moliya sohalaridan birida tajribaga ega bo'lish zarur. ACCA malakasiga ega bo'lish talabaga yoki ishchiga yuqori boshqaruv rollarida ishlash va karyera qilish imkonini beradi. Albatta, bu degani siz yaxshi maoshga ham ega bo'lasiz. Shuni aytish joizki, ACCA Yevropa Ittifoqi va BMTga a'zo barcha mamlakatlar tomonidan tan olingan.
ACCA malakasi (sertifikatlari) bilan qaysi sohalarda ishlash mumkin?
Imtihonlardan o'tib, ACCA peyperlarini qo'lga kiritish orqali siz quyidagi moliya va biznesga oid soha va lavozimlarda faoliyat olib borishingiz mumkin:
- Moliyaviy hisobchi (Financial accuntant)
- Moliyaviy maslahatchi
- Boshqaruv hisobchisi (Management accountant)
- Auditor
- Bank xodimi
- Soliq bo'yicha mutaxassis
- Qonun bo'yicha mutaxassis
- Moliyaviy jinoyatlar xavfi bo'yicha tahlilchi (Financial Crime Risk Analyst)
Yuqoridagilar asosiy ish vazifalari bo'lib, har bir ishlab chiqarish yoki xizmat chiqarish korxonalari, moliyaviy tashkilotlar va boshqa turdagi kompaniyalarda bu va bundan boshqa lavozimlar ish beruvchilar tomonidan taklif etiladi.
ACCA malakasiga ega xodimlar qancha maosh oladi?
"ACCA sertifikatlari bor moliyachi endi ish boshlaganida $600 atrofida maosh oladi. 3 yillik tajribaga ega, korxonada o'zgarish qila oladigan potensialga ega xodimlarning maoshi esa $2,000 dan boshlanadi.
13 ta imtihondan o'tgan, "ACCA member" bo'lganlar esa yetarli tajriba yig'sa katta korxonalar ular uchun $2000+ berishga ham tayyor."
Mirafzal Raxmonov, Financial controller ("Edu-Action" group), FBA academy'da ACCA bo'yicha ekspert
ACCA imtihoni shartlari va tartibi
- ACCA imtihonlari ingliz tilida o'tkaziladi (shuningdek, rus tilida ham topshirish mumkin).
- ACCA dasturi imtihonlarida barcha, statusidan qat'i nazar ishtirok etishi va sertifikatlarni qo'lga kiritishi mumkin. 16 yoshdan kichik bo'lganlarning ota-onasi yoki va'siy kishisidan imzolangan ota-ona roziligi formasi so'raladi.
- Imtihondan o'tib, bitta sertifikat (paper)ni qo'lga kiritish uchun test topshiruvchi maksimal balning 50 foizini to'plashi kerak bo'ladi.
- ACCA professional imtihonlari butun dunyo bo'ylab yiliga to'rt marta mart, iyun, sentyabr va dekabr oylarida qog'oz va kompyuterga asoslangan tarzda o'tkaziladi. Har safar imtihon topshirilganda 2 ta fandan topshirilsa 1 yilda 8 ta imtihondan o'tib, peyperlarni qo'lga kiritish mumkin.
- Barcha ACCA fanlaridan imtihon topshirib, 13 ta sertifikatni qo'lga kiritish uchun 10 yil vaqt beriladi. Lekin, ko'pchilik test topshiruvchilar uchun 3-4 yil muddat kifoya qiladi.
- ACCA imtihoni topshirishdan oldin test topshiruvchi online ro'yxatdan o'tishi va to'lov qilishi kerak bo'ladi.
ACCA'ning tarkibi va ularning umumiy mazmuni
ACCA fanlari 3 qismga bo'linadi. Bular: Applied Knowledge Exams, Applied Skills Exams, Strategic Professional Exams.
Applied Knowledge exams fanlari tarkibi
- F1 - Business and Technology (BT)
- F2- Management accounting (MA)
- F3-Financial Accounting (FA)
Applied Skills exams fanlari tarkibi
- F4 : Corporate and Business Law (LW)
- F5 : Performance Management (PM)
- F6 : Taxation (TX)
- F7 : Financial Reporting (FR)
- F8 : Audit and Assurance (AA)
- F9 : Financial Management (FM)
Strategic Professional Level
Bu bosqichda talabalar 6 ta ACCA fanidan 4 ta imtihon topshirishadi. Ya'ni 2 ta fan majburiy va qolgan 4 tasidan 2 tasi ixtiyoriy tanlanadi.
Majburiy imtihon fanlari:
- P1 : Strategic Business Leader (SBL)
- P2 : Strategic Business Reporting (SBR)
Qolgan ikkita imtihon quyidagilar ichidan ixtiyoriy tanlanadi:
- P3 :Strategic Business Leader(SBL) = P1&P3
- P4 : Advanced Performance Management (APM)
- P5 : Advanced Taxation (ATX)
- P6 : Advanced Audit and Assurance (AAA).
ACCA imtihoni uchun registratsiya qilish (ro'yxatdan o'tish) qanday amalga oshiriladi?
ACCA imtihoniga registratsiya www.accaglobal.com sayti orqali, bu linkdan amalga oshirilishi mumkin. Ro'yxatdan o'tish 4 bosqichdan iborat: Personal details - Qualifications - Document upload - Payment & Summary.
Ro'yxatdan o'tishdan avval shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatingiz yoningizda bo'lishi kerak bo'ladi. Shuningdek yuklash uchun so'raladigan ingliz tilida bo'lmagan hujjatlaringiz notarial tarzda ingliz tiliga tarjima qilingan bo'lishi kerak.
Imtihon uchun to'lovni xalqaro to'lov tizimlaridan biri (VISA yoki Mastercard) orqali amalga oshirish mumkin.
ACCA imtihon topshirish narxlari va boshqa to'lovlari
ACCA uchun qilinadigan to'lovlar quyidagicha:
- Dastlabki ro'yxatdan o'tish to'lovi - 89 funtsterling (Talabalar ACCAda ro'yxatdan o'tishda to'lashlari kerak bo'lgan bir martalik to'lov bo'lib, ayni vaqtda u Moliya vazirligi tomonidan qoplab beriladi).
- Yillik a'zolik badali - 122 funtsterling ( ACCA'da talabalik maqomingizni faol ushlab turish uchun bu yillik obuna badali har yili toʻlanadi).
- Applied skill exams uchun erta to'lov - 132 funtsterling, kech to'lov esa 339 funtsterling.
Shuningdek ma'lum talablarga javob bergan test topshiruvchilar imtihondan ozod qilinishlari mumkin. Ozod qilinsalar-da, sertifikatga ega bo'lish uchun to'lov qilishlari kerak.
Bu to'lov (exemption fees) quyidagicha:
Applied Knowledge exams - £86,
Applied Skills exams - £114.
ACCA'ga oid to'lovlar haqida batafsil bu yerda bilib olishingiz mumkin.
ACCA bo'yicha imtiyozlar
ACCA imtihoni topshirayotganda O'zbekistonning Moliya va Iqtisodiyot sohasiga ixtisoslashgan OTM'lari talabalari F1 imtihonini topshirishdan ozod etilgan. Masalan, Toshkent Moliya instituti talabasi F1 peyperini olishmoqchi bo'lsa, kerakli hujjatlarni topshirishi va yuqorida keltirilgan "exemption fee" (£86)ni to'lashi kifoya qiladi.
Eng muhim imtiyozlardan yana biri, Moliya vazirligi quyidagi ACCA imtihonlari uchun imtihon to'lovini qoplab beradi. Bular:
- ACCA'dan dastlabki ro'yxatdan o'tish to'lovi (£89) - initial registration fee
- F7 Financial Reporting (FR)
- F8 Audit and Assurance (AA)
- Diploma of International Financial Reporting (DipIFR).
ACCA imtihoni uchun tayyorgarlik ko'rish mumkin bo'lgan o'quv markazlari va muassasalar
- FBA academy - (+99833 702 5500)
- Cambridge International University (batafsil ma'lumot)
- ACCAedu (aloqa uchun: @Universal_tutor (telegram))
- ABCO AKADEMIYASI (aloqa uchun: https://t.me/abco1cbot)
- FCS Academy ( +998 71 205 82 25)
Bu maqolamiz sizga biznes, moliya va iqtisod sohasida talabgir kadr bo'lishingizda yordam beradigan ACCA imtihoni haqida edi. Foydali ma'lumotlarni do'stlaringizga ulashishni unutmang. Omad yor bo'lsin!