Nima uchun chet elda o’qish kerak? Chet elda o’qish uchun siz o’ylab ko’rmagan 7 sabab
Mundarija
- Xorijda o’qish - bu qadimdan olim-u fuzalolar bosib o’tgan yo’l
- Chalg’imaslik va butun e’tiborni o’qishga qaratish uchun muhit
- Xarajatga qarab harakat
- Komfort zonadan chiqish
- Bag’rikenglik va ochiq fikrlash nima ekanini his qilish
- Ming chaqirim yurish mingta kitob o’qishdan yaxshiroq
- Xalqaro darajada fikrlash
Chet elda o’qish - hozirgi kunda juda ko’pchilik yoshlar va ilmi toliblarining eng katta orzularidan biri. Ulardagi xorijda o’qish motivlari har xil bo’lishi mumkin. Ba’zilar dunyodagi top universitetlaridan sifatli ta’lim olishni, boshqalar shu orqali chet davlatlarda sayohat qilishni, yangi odamlar bilan tanishishni yoki o’qish davomida ishlab o’z moliyaviy holatini yaxshilab olishni yoki shunchaki bularning barchasini bir vaqtda istaydi.
Albatta, yuqoridagi sanab o’tilgan sabablar xorijda o’qish uchun asos sifatida xizmat qilishi mumkin, ammo shu bilan birgalikda, chet elda o’qishning ko’pchilik o’ylab ko’rmagan boshqa sabablari ham mavjud. Ushbu maqolamizda aynan shu sabablar haqida gaplashamiz.
Xorijda o’qish - bu qadimdan olim-u fuzalolar bosib o’tgan yo’l
Ko’pchilik chet elda o’qish yaqin 5-10 yilda ommalashgan deb o’ylashi mumkin. Lekin, aslida, yaqin va uzoq tariximizda ham juda ko’p olim va fuzalolarimiz chet elda o’qib o’z bilimlarini oshirib kelishgan.
Ayniqsa, o’tgan asrning jadidchilik harakati yetakchilari Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo’jayev va boshqa ko’plab jadidlar o’zga yurtlarga sayohat qilib, bilim orttirib qaytishgan. Ular, shuningdek, o’z davri yoshlari ham chet elda o’qishini orzu qilishgan hamda bu maqsadni amalga oshirish uchun o’z mablag’lari hisobidan “Ko’mak” fondini tashkil etishgan.
Rasm manbasi: https://t.me/jadidlar
Chalg’imaslik va butun e’tiborni o’qishga qaratish uchun muhit
Bu sabab haqida deyarli hech qayerda eslanmasligi mumkin. Lekin chetga o’qishga chiqqan odam atrofida to’y, maraka, choyxona yoki do’stlar bilan bunday haftalik yoki oylik yig’ilishlar bo’lmaydi. Chet elda, odatda, odam do’stlari va yaqinlaridan uzoqda bo’ladi va bu narsa unga kamroq chalg’ishga va bor e’tiborini o’qishga qaratishga imkon beruvchi muhitni taqdim etadi. Albatta, odamning o’zida qat’iyat bo’lmasa, har qanday sharoitda ham o’qimaslik va rivojlanmaslik uchun sabab topa oladi. Lekin yuqorida aytilgan muhit chin dildan rivojlanishni xohlagan odam uchun juda katta yordam berishi mumkin.
Bundan tashqari, xorijda bo'lgan paytingizda odatda atrofdagilar bilan o’zingizni solishtirmaysiz, moda va trendlar ortidan quvmaysiz. Ko’p holatlarda u yerdagi odamlar sizdan farq qilishini tan olasiz va ularga katta e’tibor bermaysiz. Bu esa sizga shu kabi mayda narsalarga emas, asosiy maqsadingizga e’tibor qaratishingizga imkon beradi.
Xarajatga qarab harakat
Chet elda o’qish, ayniqsa biz kabi uchinchi dunyo mamlakatlari uchun arzon emasligini ko’pchilik yaxshi biladi. Shunday ekan bu orzuni amalga oshirish uchun odamdan yetarli darajada katta xarajat qilish talab qilinadi. Hattoki, siz chetda o’qish uchun grant yutgan taqdiringizda ham bu narsa uchun qay darajada mehnat qilganingizni va chetda o’qish sizga aslida “tekinga” tushmayotganini yaxshi tushunib turasiz.
Chet elda o’qish sizga qanchalik qimmatga tushayotganini bilganingizdan keyin esa, tabiiyki, shunga yarasha harakat qilasiz va bu narsa sizni tabiiy ravishda rivojlanishingizga sabab bo’ladi.
Rasm manbasi: https://www.unikglobalservices.com/cost-of-study-in-usa/
Komfort zonadan chiqish
Odam rivojlanishi uchun o’z komfort zonasidan chiqishi va yangi narsalarni sinab ko’rishi kerakligi haqida ko’p marta eshitgan bo’lsangiz kerak. Ammo bu narsani shunchaki uyda, oilangiz va o’zingiz tug’ilib o’sgan shahringizda amalga oshirish juda qiyin. Boshqa shaharga borish qaysidir ma’noda sizni komfort zonadan chiqarishi mumkin, lekin siz baribir ko’p hollarda o’zingiz bilgan, tanigan muhit ichida bo’lasiz.
Xorijda o’qishga borish esa sizni, xohlaysizmi yo’qmi, komfort zonangizdan chiqishga majbur qiladi. U yerda nafaqat boshqa muhit, boshqa odamlar balki boshqacha, yuqoriroq darajadagi ta’lim bilan to’qnashasiz. Albatta, bu narsa boshida sizga juda qiyindek tuyulishi, turli muammolar va madaniy qarama-qarshiliklarga duch kelishingiz va ruhiy jihatdan toliqishingiz ehtimoli yo’q emas. Lekin vaqt o’tishi bilan siz asta-sekin shu muhitda avvalo yashab qolishni, keyin esa rivojlanishni o’rgana boshlaysiz. Shu jarayonning o’ziyoq sizni o’zingiz tasavvur qilgandan ham yuqoriroq darajaga olib chiqishda muhim rol o’ynaydi.
Bag’rikenglik va ochiq fikrlash nima ekanini his qilish
O’zga yurtlarga borgandan keyin tabiiyki faqatgina o’sha yerlik aholidan tashqari turli yurtlardan kelgan odamlar bilan tanishasiz. Ular bilan muloqot qilish orqali ularning madaniyati, hayot tarzi va tarixi haqida tushunchaga ega bo’lasiz va bu narsa sizda bag’rikenglik va ochiq fikrlashni (open-mindness) shakllantirib boradi. Siz bir vaqtning o’zida hamma odamlar va madaniyatlar bir xil emasligini va shu bilan birga juda ko’p o’xshashlik va yaqinliklar bo’lishi mumkinligini ham bilib borasiz.
Eng muhimi, siz endi turli davlatlar nomini eshitgan paytingiz ko’z oldingizga, birinchi navbatda, shunchaki u yerdagi binolar, manzaralar kabi jonsiz narsalar emas, balki aynan o’sha yerlik tanishlaringiz keladi. Bu esa kelajakda o’zga yurtlar bilan do’stona yashash va hamkorlik qilishda juda muhim omil bo’lib xizmat qiladi.
Ming chaqirim yurish, mingta kitob o’qishdan yaxshiroq
Dono xalqimiz “Ming chaqirim yurish, mingta kitob o’qishdan yaxshiroq” degan ekan. Albatta, shunchaki sayohat qilish orqali siz matematika, fizika, biologiya yoki kimyo kabi aniq va tabiiy fanlarni o’rganib qolmaysiz. Buning uchun astoydil o’tirib, diqqatni bir joyga jamlab o’qish kerak bo’ladi. Lekin sayohat qilish sizga o’zingiz o’ylamagan juda ko’p bilimlar taqdim qilishi mumkin.
Masalan, siz rivojlangan davlatlarga borib u yerdagi aholi turmush tarzini, jamoatchilik tartibini va boshqa ko’plab bizdan ko’ra yaxshiroq bo’lgan holatlarni ko’rib turib: “Shunaqa qilish ham mumkin ekan-ku”, deb o’ylab qolasiz. O’z yurtingiz va oilangiz bag’riga qaytganingizdan keyin esa (hattoki qaytmasangiz ham) siz, eng avvalo, o’z uyingizdagi va atrofdagi kamchiliklarni tez payqashni boshlaysiz. Chet eldan olgan tajribangiz esa bu kabi kamchiliklarni to’g’irlash va yaxshilashga va sizdan keyingi avlod uchun yaxshiroq sharoit yaratishingizga yordam beradi.
Xalqaro darajada fikrlash
Butun umr tug'ilib o'sgan joyidan chiqmagan kishi, ba'zan, o'zining mamlakati doirasida fikrlash bilan cheklanishi mumkin. Ya’ni u nima o’ylamasin, qanday yangi loyiha, biznes boshlamasin odatda faqat shu mamlakat odamlari talablari va ehtiyojlaridan kelib chiqib, shu davlat standardlari darajasidagina yaratiladi. Bu esa loyihani kelajakda boshqa davlatlarga olib chiqishni yoki juda qiyin yoki imkonsiz qilib qo’yishi mumkin.
Chet elda o’qib, yashab ko’rganingizdan keyin dunyo faqat sizning davlatingiz va odamlaringiz bilan cheklanib qolmaganini tushunib yetasiz va boshlaydigan loyihalaringizni ilk bosqichlardan xalqaro talab va standardlar asosida, jahon bozoriga olib chiqish uchun moslab yaratishni boshlaysiz. Bu esa chin ma’nodagi “Think Big” bo’lib xizmat qiladi.
Rasm manbasi: https://riskfail.com/what-is-open-mindedness/
Postimiz orqali chetda o'qishning siz bilmagan foydalari haqida batafsil to'xtalishga harakat qildik. Agar maqola foydali bo’lgan bo’lsa, uni do’stlaringiz bilan ulashishni ham unutmang!
©️ GrantGO saytida e’lon qilingan har bir maqola jamoa mualliflik ishi hisoblanib, ulardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va ko’chirish mumkin emas!