Oʻzbekistonda qanday xorijiy diplomlar tan olinishi va nostrifikatsiya jarayoni haqida

Xorijda oʻqib kelgan yoki endi oʻqimoqchi boʻlgan yoshlarning oldida xorijiy diplom Oʻzbekistonda tan olinadimi, degan savol turadi. Bu maqolamizda diplomning “tan olinishi” (nostrifikatsiya) nima ekanligi, xorijiy universitetlar diplomi qanday nostrifikatsiya qilinishi va qaysi xorij universitetlari diplomlari hech qanday imtihonsiz nostrifikatsiyadan oʻtkazilishi haqida maʼlumot beramiz.

Nostrifikatsiya (diplomning tan olinishi) nima?

Nostrifikatsiya bu xorijiy universitet diplomining yurtimizda “tan olinishi”ni bildirib, nostrifikatsiyadan oʻtgan diplomlar bilan Oʻzbekiston hududidagi davlat korxona va tashkilotlarida ishlash mumkin boʻladi. “Nostrifikatsiya” soʻzi lotincha “noster” — “bizniki” hamda “facere” — “qilmoq” soʻzlaridan olingan boʻlib, amalda ushbu atama xorijda berilgan diplomlarni davlat darajasida tan olish, ekvivalentligini qayd etishni bildiradi. Vazirlar mahkamasi qaroriga muvofiq, xorijiy mamlakatda oʻqigan shaxsning diplomini tan olinishi haqidagi guvohnoma yoki maʼlumotnoma unga Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalarida taʼlimning keyingi bosqichini oʻqishga va kasbiy faoliyat yuritishga huquq beradi.

Xorijiy diplomlarni nostrifikatsiyadan oʻtkazishda 2 xil yoʻl bor:

  • maxsus imtihon asosida;
  • hech qanday sinovlarsiz.

Hech qanday sinovlarsiz nostrifikatsiyadan oʻtkazishning quyidagi shartlari mavjud:

  • Xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities) reytinglarida TOP-1 000 talik roʻyxatga kirgan universitetlarda taʼlim olgan;

(bu universitetlar roʻyxati bilan mazkur reytinglarning rasmiy saytlarida tanishish mumkin:

https://www.topuniversities.com/university-rankings/world-university-rankings/2022

https://www.timeshighereducation.com/world-university-rankings/2022

https://www.shanghairanking.com/rankings/arwu/2022 )

  • Xalqaro shartnomalar, Prezident va Hukumat hujjatlari asosida xorijiy davlatlarda taʼlim olgan;
  • Prezident va Hukumat hujjatlari bilan Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlarning OTM larida taʼlim olgan;
  • Xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar)ga muvofiq vazirliklarning yoʻllanmalari asosida taʼlim olgan fuqarolar uchun taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar toʻgʻridan-toʻgʻri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi.

Qolgan hollarda mutaxassislik boʻyicha maxsus sinovdan oʻtish talab etiladi.

Nostrifikatsiya qanday amalga oshiriladi?

Xorijda oʻqiganlikni tasdiqlovchi diplom va hujjatlarni tan olish — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Aytish kerakki, nizomga muvofiq, 1992-yil 1-yanvar sanasidan soʻng berilgan diplomlargina nostrifikatsiyadan oʻtkaziladi.

Diplomni tan olish toʻgʻrisidagi hujjatlar uchun arizalar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi.

Nostrifikatsiya uchun kerakli hujjatlar:

  • diplom va ilovaning asli (ariza qabul qilingandan soʻng egasiga qaytariladi);
  • diplom va ilovani aslini davlat (oʻzbek) tiliga tarjima qilib notariusdan tasdiqlangani (2 nusxada);
  • pasport va nusxasi;
  • davlat boji toʻlanganligi haqidagi kvitansiya

(bu toʻlov bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravariga teng boʻlib, unda my.gov.uz orqali ariza topshirganlarga 10% chegirma beriladi. Shuningdek, “ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslarga, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga ham mazkur yigʻimning 50 foiz miqdorida chegirma mavjud).

Onlayn my.gov.uz orqali hujjat topshirishda yuqorida keltirilgan hujjatlardan soʻralganlari skaner qilinib, pdf shaklida ariza topshirish jarayonida joylanadi.

Nostrifikatsiya qilishda maxsus imtihon qanday amalga oshiriladi?

Diplomni tan olinishi uchun ariza bergan talabgorlarning ekspertlar tomonidan ijobiy xulosa berilganlari maxsus imtihon topshirishadi. Bu imtihon test sinovlari asosida amalga oshirilib, test boʻlishidan 10 kun avval Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining sayti (tdi.uz)da eʼlon qilinadi.

Test sinovlari talabgorlarning taʼlim olgan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha mutaxassislik fanlaridan oʻtkaziladi. Test 50 ta savoldan iborat boʻlib, har bir test savoli uchun 2 daqiqadan, jami 100 daqiqa vaqt beriladi. Har bir toʻgʻri bajarilgan test savoli 2 ball bilan baholanadi. Sinov natijalariga koʻra 54 va undan kam ball toʻplagan talabgorlarning taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlari tan olinmaydi.

Yuqoridagi barcha jarayonlarni amalga oshirib, test sinovlaridan yetarli (54 dan yuqori) ballni toʻplaganlarga Davlat inspeksiyasi tomonidan diplomni tan olinganligi haqidagi guvohnoma beriladi.

Test sinovidan oʻta olmagan talabgorlar yana qaytadan ariza topshirishlari mumkin boʻladi.

Eslatib oʻtish joizki, xorij davlatlaridagi OTM larda oʻqigan fuqarolar davlat korxona va tashkilotlari, xususan, davlat ulushi 50% dan yuqori boʻlgan korxonalarda ishlamoqchi boʻlishsa yoki davlat taʼlim muassasalarida taʼlimning keyingi bosqichida oʻqimoqchi boʻlishsa diplomni nostrifikatsiyadan oʻtkazish talab qilinadi. Xususiy sektor uchun bu mutlaqo majburiy emas.

Xorijiy taʼlim muassasasida oʻqiganlik haqidagi hujjatni davlat hududida tan olinishi haqidagi nizom bilan batafsil quyida tanishishingiz mumkin: https://lex.uz/docs/4441142#4444712

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar