Xorij universitetlari tomonidan taqdim etiladigan grantlarni qanday yutish mumkin?

Maʼlumki, rivojlangan davlatlarda oʻqish uchun hukumat grantlaridan tashqari universitetlarning alohida qisman va toʻliq grantlari ham mavjud boʻlib, bu grantlarni yutish oʻziga yarasha mashaqqat talab qiladi. Ayniqsa, top reytingda turuvchi universitetlarga qabul qilinish va ular taqdim etadigan grant sohibi boʻlish uchun siz oʻzingizning boshqalardan farqli va kuchli jihatlaringizni namoyish etishingiz kerak.

Xorijiy universitetlar maʼmuriyatlari taqdim etadigan qisman va toʻliq qoplanuvchi grantlar yutish jarayonini 2 bosqichga boʻlish mumkin:

1-bosqich. Universitetga qabul qilinish jarayoni

2-bosqich. Universitet grantiga ariza topshirish va yutish jarayoni

Universitet grantiga ariza topshirish uchun talaba avval universitetga qabul qilingan boʻlishi lozim, ba'zan esa grant sohibi boʻlish jarayoni qabul uchun hujjat topshirgan vaqtda avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Quyida bu bosqichlar haqida batafsil ma'lumot beramiz.

1-bosqich.

Xorijiy universitetlarga kirish uchun ariza topshirish va qabul jarayoni davlatga qarab farq qiladi. Talabaning universitetga qabul qilinishiga 100% kafolat beradigan biror mukammal formula yoʻq . Biroq siz amal qilishingiz kerak boʻlgan baʼzi umumiy qoidalar va bu borada tajribasi bor insonlarning foydali maslahatlari mavjud boʻlib, ular sizning ishingizni ancha osonlashtiradi.

Xorijiy universitetga qabul qilinishingiz uchun quyidagi ishlarni birin-ketin bajarishni tavsiya qilamiz:

  1. Oʻzingiz oʻqimoqchi boʻlgan yoʻnalishni tanlash. Bunda, albatta, oʻzingiz haqiqatdan qiziqqan sohani tanlash muhim. Dastur uchun motivatsion xat yozayotganda yoki suhbat oʻtkazilayotganda qiziqishlarni tabiiy va yaxshi bayon qila olish universitetga qabul qilinishda muhim rol oʻynaydi.
  2. Maktab, litsey yoki universitet baholarining yaxshi boʻlishi. Chet el universitetlariga qabul qilinishda IELTS yoki boshqa sertifikatlaringizdan koʻra maktab, litsey yoki universitetdagi akademik koʻrsatkichlaringiz koʻproq rol oʻynaydi. Odatda universitet qoʻygan minimum til bilish talabini bajarish yetarli, yuqori IELTS/TOEFL balga ega boʻla turib, baholaringiz yaxshi boʻlmasa bu salbiy rol oʻynashi mymkin. Bundan tashqari koʻpchilik universitetlar baholar bilan bir qatorda bundan oldingi bosqichda necha kredit o'qiganingizga ham e'tibor qaratadi. Xulosa qilib aytganda, grant yutish uchun siz IELTS/TOEFL imtihonlaridan minimum talabni bajarsangiz bas, qolgani esa maktab/litsey yoki universitet (magistratura uchun) baholaringiz, yutuqlaringiz va siz oʻqigan kreditlar soniga bogʻliq boʻladi.
  3. Universitet vebsaytidagi qabul talablari bilan tanishish. Hozirda barcha xalqaro universitetlarda online hujjat topshirish imkoniyati mavjud, shuningdek, siz qabul talablari haqida ham batafsil bilib olishingiz mumkin. Oʻzingiz tanlagan universitet veb-sahifasi bilan tanishib chiqish, universitet va uning qadriyatlari haqida maʼlumotlarga ega boʻlish hujjat jarayonlarida sizga yordam beradi.
  4. Qabul talabida koʻrsatilgan til sertifikatlari( IELTS, TOEFL) yoki SAT, GMAT, GRE koʻrsatkichlarini taqdim eting.
  5. Motivatsion xat yozish. Motivatsion xat qabul jarayoning muhim qismi hisoblanadi. Siz unda nima uchun shu yoʻnalishda oʻqimoqchiligingizni, oʻzingizning liderlik qobiliyatingiz va loyihalardagi tajribangizni koʻrsatib berishingiz kerak boʻladi.
  6. Tavsiyanoma xati olish. Sizni yaxshi bilgan, sizning qobiliyatlaringiz va darslardagi faolligingizdan yaxshi xabari boʻlgan oʻqituvchingizdan tavsiyanoma xati oling.
  7. Maktab/litsey baholarini tarjima qilish. Maktab yoki litsey baholarining “transcript”i barcha universitetlarda qabul qilinish uchun umumiy talab boʻlib, siz baholaringizni aniqlik bilan soʻralgan xorijiy tilga tarjima qilib, rasmiy tasdiqlatishingiz kerak boʻladi.
  8. Suhbat jarayoniga tayyorgarlik koʻrish. Ba'zan universitetga qabul qilinishning oxirgi bosqichi intervyu boʻlishi mumkin. Intervyuda sizga sohangiz boʻyicha va kelajakdagi maqsadlaringiz boʻyicha ayrim savollar berilishi mumkin. Intervyu jarayonida dadil boʻlish va savollarga aniq javob berish qabul qilinishingizda muhim rol oʻynaydi.

Yuqoridagilar xorijiy universitetlarga qabul qilinish jarayoni va unda siz tomoningizdan qilinishi kerak boʻlgan ishlar boʻlib, quyida keyingi bosqich universitetdan “acceptance letter”, yaʼni qabul xati olinganidan keyin grant yutishning umumiy jihatlari haqida soʻz yuritamiz.

2-bosqich

Ko'p hollarda 40, 50, 70 yoki 80 foizlik qisman grantlar va baʼzi toʻliq grantlar universitetlar tomonidan sizning qabul jarayonida taqdim etgan hujjatlaringizga qarab, qoʻshimcha bosqichlarsiz amalga oshiriladi. Ular odatda siz taqdim etgan hujjatlaringiz va koʻrsatkichlaringizga qarab universitetga qabul qilinish jarayonidayoq grant berish yoki bermasligini hal qiladi. Lekin ba'zi hollarda universitetlarning toʻliq grantlarini yutish qabul jarayonidan alohida bosqich boʻlib, koʻrsatilgan talablarni bajarish bilan bir qatorda qolgan koʻplab nomzodlardan oʻzingizning yaqqol ustunligingizni koʻrsatib berishingiz kerak, chunki bu turdagi grantlar faqatgina sanoqli nomzodlarga beriladi.

Bundan tashqari, bu bosqichda akademik koʻrsatkichlar bilan birga sport va sanʼatdagi faolligingiz va yutuqlaringizga ham eʼtibor berilishi mumkin. Ayniqsa, AQSH universitetlari oliygohlar oʻrtasida boʻladigan musobaqalarda yuqori oʻrinlar olib bera oladigan potensial sportchilarni doim qoʻllab quvvatlaydi va ularga grantlar ajratadi.

Koʻpchilikni qiziqtiradigan savol: universitet grantlarini yutish ehtimoli qanday?

Yutish ehtimoli siz topshirmoqchi boʻlgan universitet reytingiga qarab farq qiladi. Top universitetlarga kirishga nomzodlar koʻp boʻladi va raqobat kuchli bo'lgani uchun ham qabul qilinish ehtimoli sezilarli darajada past bo'ladi. Lekin universitetga qabul qilinganlarning yarmi va undan koʻprogʻi turli miqdordagi grantlarni qoʻlga kiritishi mumkin. Bunday holatlarda universitetlar 2 xil turdagi grant taqdim etadi: "merit-based" - talabaning yutuqlari va faolligiga qarab; "need-based" - moliyaviy koʻmakka muhtoj talabalar uchun.

Misol uchun, Stenford universiteti o'z talabalari uchun taqdim etadigan grantlari "need-based" bo'lib, moliyaviy ahvoli qoniqarli bo'lmagan talabalar uchun turli miqdorlarda beriladi. Stenford universitetining qabul statistikasi ma'lumotlariga ko'ra, 2021-yilda Stenfordga hujjat topshirgan nomzodlarning 4.7%i (44,073 tadan 2050 tasi) qabul qilingan. Soʻnggi yillarda mazkur universitet talabalarining 80% dan ortigʻi Stenfordda oʻqish uchun qandaydir koʻrinishdagi moliyaviy yordam olishgan. 55% dan ortiq talaba Stenford universiteti ma'muriyatidan turli miqdordagi grantlar olishgan, jumladan, bu sport stipendiyalarini o'z ichiga oladi. Talabalarning 48% esa moliyaviy ko'makka muhtojligi sabab turli miqdordagi grantlar sohibi bo'lishgan. Bu statistikalar shuni ko'rsatadiki, agar siz top universitetlar, jumladan, Stenfordning raqobatli qabul jarayonidan o'tib, 5% atrofidagi omadli talabalar safiga qo'shila olsangiz, universitetdan turli miqdordagi "merit-based" yoki "need-based" ko'rinishidagi grantlar yutishingiz ehtimoli ancha yuqori - 50% yoki undan baland bo'lishi mumkin (ya'ni har ikkita talabadan bittasi grant sohibi bo'la oladi).

Stenford talabalari olgan moliyaviy yordam turlari

Oʻrta reytingdagi universitetlarda esa jarayon ancha osonroq kechadi deyish mumkin. Raqobat sezilarli darajada past boʻlgani uchun qabul qilinish ehtimoli ham yuqori boʻladi va grant sohibi boʻlish ham nisbatan oson kechadi. Masalan, "top 200 talik" universitetlar ichida turuvchi Janubiy Kaliforniya universiteti (University of Southern California)ning qabul koʻrsatkichi taxminan 12% bo'lib, hujjat topshirgan har sakkiz kishidan bittasi universitet talabasi bo'lishga muvaffaq bo'ladi.

Janubiy Kaliforniya universiteti talabalari olgan moliyaviy yordam turlari

Janubiy Kaliforniya universitetining yangi kelgan birinchi kurs talabalarining taxminan 65 foizi moliyaviy yordam oladi, ularning aksariyati turli miqdordagi stipendiyalar va grantlarni tashkil qiladi. Stenfordga qiyoslaganda bu universitetda qabul qilinish ehtimoli ham, grant sohibi bo'lish ehtimoli ham ancha baland: qabul qilingan har uch kishidan ikkitasi grant yutishi mumkin.

Universitetlar talabaning akademik koʻrsatkichlari, yutuqlari va moliyaviy ahvoliga qarab turli (30,40,50,60, 70 yoki 80%lik) grantlar taqdim etishi mumkin, lekin 100%lik grant juda kamdan-kam yoki deyarli yoʻq boʻlib, ularni yutish oʻziga yarasha mashaqqat talab qiladi.

Boshqa dunyoning turli reytinglardagi universitetlarning oʻrtacha qabul foizlari, grant yutish imkoniyatlari haqidagi ma'lumotlarini ularning rasmiy sahifasidan topishingiz mumkin.

Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, oʻz ustingizda doimo ishlang, til sertifikatlari, SAT, GMAT, GRE imtihonlaridan yaxshi koʻrsatkichlarga ega boʻling, volontyorlik harakatlari va amaliyotlarda qatnashing, sport musobaqalarida faol boʻling va, eng muhimi, oʻz yutuq hamda qobiliyatlaringizni pozitivlik bilan koʻrsatib bering. Siz, albatta, koʻplab raqiblarni yengib chiqib, grant sohibiga aylanasiz!


 

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar