Chetdagi universitetni qanday tanlash kerak? Professor maslahati
Bir necha oy oldin Tvitterda universitetlarning xalqaro reyting jadvallari haqida tanqidiy fikr bildirganimda, o‘quvchilardan biri "Reytinglarga ishonmasak, universitetni qanday tanlaylik?" ma’nosida savol bergan edi. Boshqalarga ham foydali bo‘lar deb, bu savolga shu yerda javob bersam. Yozuvda o‘zimning chet eldagi talaba sifatida boshimdan o‘tganlarni misol qilib keltiraman.
Universitet tanlash—nihoyatda murakkab masala. Bir qancha omillarni hisobga olish kerak. O‘zimning tajribam (uch davlatda—O‘zbekiston, Angliya, Yaponiyada—talaba bo‘lganman) va Angliyadagi ish faoliyatimga asoslanib, uch muhim omilni ajratgan bo‘lardim. Bu uchalasi hamisha eng muhim omil bo‘lmasa-da, bularni hisobga olsangiz, katta ehtimol bilan pushaymon bo‘lmaysiz.
Hozir shular haqida gaplashamiz:
O‘z qiziqishingiz
Eng muhim omil—o‘zingizga qiziq soha yoki ilmiy ish mavzusini tanlang. Hamma ham shunday qilmaydi—ba’zilar shunchaki paytdan foydalanish uchun, yana kimdir stipendiya borligi uchun o‘zlariga umuman qiziq bo‘lmagan, yoki yaxshi tasavvurga ega bo‘lmagan sohalarni tanlashadi.
Albatta, o‘quv programmasi yaxshi bo‘lsa, qiziqish uyg‘onib, tortib ketish imkoniyati bo‘ladi, ammo soha qiziq bo‘lmasa, talaba bitira olgan holda ham eng yaxshi natijalarga erisholmaydi va katta ehtimol bilan bitirgach boshqa soha yo ishga o‘tib ketadi.
Hayot falsafam—inson o‘ziga qiziq narsa bilan shug‘ullanishi kerak. O‘zi sevgan ishni inson baribir yaxshi bajaradi, katta ehtimol bilan yillar davomida shug‘ullanib, u ishning ustasi bo‘la oladi. Ishini pul topish uchun emas, uni sevgani uchun bajaradigan inson ko‘p hollarda oxir-oqibat pul va obro‘ga ham erishadi.
Shu sababdan, nima o‘qishni tanlashda ham aynan shundan boshlash kerak, farzandlarimizning qiziqishlarini hurmat qilib, ularni rivojlantirishga urinishimiz kerak. To‘g‘ri, o‘qish hamisha ham kasbni belgilamaydi, ammo o‘zi sevgan sohani tanlay olgan yosh albatta ko‘pincha o‘ziga qiziq kasbga erishish uchun keraklicha ishonchga ham ega bo‘ladi.
Shaxsan menga o‘z qiziqishimni topish uchun bir necha yil kerak bo‘lgan. Bakalavrga kirishdan oldin diplomat bo‘lishni orzu qilganman, shu sababdan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tayyorlanib, kirganman. Keyinchalik, o‘zim o‘qigan sohada (xalqaro munosabatlar) Angliya va Yaponiyada magistraturada o‘qiganman, ammo oxir-oqibat menga akademik faoliyat, universitetda ishlash yoqishiga amin bo‘lganman. Hozirda boshqa bironta kasb ham menga bunchalik qiziq emas.
Oʻquv dasturi
Ba’zi o‘quvchilar "O‘zingiz haqiqiy qiziqishimni topishimga yillar ketdi deyapsiz, yoshlar qayerdan biladi nimaga qiziqishini?" degan fikr berishibdi. Bu gapda, albatta, jon bor.
Ammo menimcha yoshlarimiz bakalavrni emas, magistraturani chetda qilganlari afzalroq. Chunki bizdagi bakalavr bilan ham yaxshi joylarga o‘qishga o‘tish mumkin. Hozirda o‘zimizda turli chet el universitetlarining filiallari ochilgan. Bularning bari talabaga yaxshi baza yaratish uchun yetarli sharoitga ega, deb hisoblayman.
Rostini aytadigan bo‘lsak, hozirgi kunda hech kimni bakalavr darajasi bilan qoyil qoldirib bo‘lmaydi. Har sohada, boshlang‘ich ishlarga kirish uchun ham deyarli hamma joyda magistrlik darajasi talab qilinadi. Buning sabablari haqida hali alohida yozaman.
Albatta, ota-onasining qurbi yetsa, o‘zi ham tortib ketishiga ishonsa, bakalavrdanoq chetga chiqqan yomon bo‘lmaydi. Lekin ko‘p hollarda busiz ham yaxshi kelajak qurish mumkin.
Sizga nima qiziqligini aniqlab oldingiz, deylik. Undan keyin qaysi omilga qarab universitet tanlaysiz? Menimcha, ikkinchi navbatda programmaga ahamiyat berishingiz kerak.
Ya’ni, o‘quv programmasi, masalan ma’lum universitetning ma’lum sohadagi magistrlik programmasi yoki PhD programmasi. Universitet va uning jahon reytingidagi o‘rnidan ko‘ra sizga qiziq sohadagi programmasi qanday yo‘lga qo‘yilgani muhimroq.
To‘g‘ri, ko‘pgina "baland dor" universitetlarning aksariyat programmalari ham yaxshi bo‘ladi, ammo hamisha emas. Misollar: men ishlaydigan universitet (UEA, Sharqiy Angliya) Britaniya reytingida birinchi 20-25talikka kiradi, ammo uning Creative Writing (yozuvchilik kurslari) magistrlik programmalari nafaqat Britaniyada, balki Yevropa va dunyoda ham birinchi o‘rinlarda turadi. Ko‘pgina Buker mukofoti sovrindorlari va bir Nobel mukofoti g‘olibi (Kazuo Ishiguro) shu programmani bitirishgan.
Turli sohalarda bunday kuchli programmalar talaygina: masalan, inson huquqlariga qiziqadiganlar Angliyadagi o‘rtamiyona Esseks universitetiga kelishadi, transnatsional madaniy aloqalar mavzusi Germaniyaning Haydelbergida kuchli va hokazo.
Yaxshi tashkil qilingan programma sizni o‘zingiz kutmagan, bilmagan bir shaklda ajoyib mutaxassis qilib tayyorlaydi.
Universitet joylashgan mamlakat
Universitet tanlashda reytinglardan muhimroq omillarning uchinchisi, mening nazarimda, universitet joylashgan mamlakatdir.
O‘qish davomida bir necha yil davomida o‘zga o‘lkada, boshqa jamiyatda yashashingiz kerak. Qolaversa, u yerda ish topib, muqim qolib ketish imkoniyati ham ko‘pchilik chetga o‘qishga chiqadigan talabalar uchun qiziq. Mamlakat muhimligi sabablari va ularni tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak:
Birinchidan, turli sabablarga ko‘ra ba’zi davlatlarga o‘qishga borish va u yerda ish topib qolib ketish boshqalaridan qiyinroq. Hozirda G‘arb mamalakatlarining aksariyatida immigrantlarga qarshi kayfiyatlar kuchaygan. Yevropada fashistlar g‘imirlab qolgan bo‘lsa, azaldan immigratsiya ustiga qurilgan Kanadaga o‘xshagan jamiyatlarda ijtimoiy masalalar (uy-joy tanqisligi) ta’siri kuchliroq. Afsuski, kundan kunga bu jamiyatlarda iqtisodiy notenglik va boshqa ijtimoiy muammolarga immigrantlarni aybdor qilishga tayyor insonlar soni ortib boraveradi. Bu degani, bunday davlatlarga viza olish yildan yilga qiyinlashaveradi.
Bu davlatlarning immigratsion siyosati ularning universitetlariga jiddiy zarar yetkazayotgan holatlar ham ko‘p—misol uchun, o‘tgan yili Britaniyaning oldingi hukumati chet ellik magistrlar oilalarini olib kelish imkoniyatini cheklaganidan keyin, bu davlatga (asosan immigratsiya maqsadida Hindiston, Nigeriya vhk davlatlardan) keladigan talabalar soni keskin kamaydi. Bu esa chet ellik talabalarga muhtoj ko‘p universitetlarni inqiroz yoqasiga yanada yaqinlashtirdi. Xuddi shunday qarorlar Avstraliya, Niderlandiya va boshqa davlatlar tomonidan ham qabul qilindi.
Ba’zi davlatlarga vizadan boshqa sabablarga ko‘ra borish qiyinroq: universitetlari baland IELTS/TOEFL so‘rashi mumkin, programmalariga kirish qiyinroq bo‘lishi mumkin va eng muhimi—bunday davlatlarda stipendiya olish nihoyatda qiyin bo‘ladi.
Ayni paytda, Yaponiya yoki Janubiy Koreyaga o‘xshash davlatlarda chet ellik talabalarni jalb qilishga ishtiyoq balandroq (garchi Yaponiyada, misol uchun, chet elliklar ko‘paygani sari immigrantlarga qarshi kayfiyatlar ham kuchayib bormoqda). Men yaxshi bilgan Yaponiyani olsak, o‘sha G‘arbga qiyosan stipendiya olish imkoniyati ham nisbatan balandroq, IELTS talablari pastroq, hayot sifati va universitetlar esa boshqa ko‘p davlatlardagidan ancha yaxshi.
Shu sabab oxirgi 10-yilda Britaniya, Kanada, Avstraliyaga bora olmagan ko‘p talabalar, ayniqsa osiyoliklar, yana Yaponiyani tanlashmoqda. Ayniqsa xitoylik talabalar uchun Yaponiya G‘arb davlatlariga yaxshi muqobil bo‘lmoqda. Oxirgi yillarda xitoylik talabalar Yaponiyaga chet eldan keluvchi yoshlar orasida eng katta guruhga aylandi.
Yaponiya tarixini o‘qigan odam bu voqelikda qiziq bir takrorlanishni ko‘radi. asr oxiri- asr boshlarida Osiyoning eng rivojlangan, zamonaviylashgan davlatiga aylangan Yaponiyaga butun Sharqiy Osiyodan ilmga chanqoq yoshlar ta’lim uchun borishadi. Bular orasida, misol uchun, Xitoyning mashhur yozuvchilaridan Lu Shun va ko‘pgina boshqa ziyoli va mutafakkirlar bo‘lgan.
Mamlakat tanlovi insonning butun hayotini o‘zgartirib yuborishi mumkinligiga mening o‘zim yaqqol isbotman. 2008-yilda oldimda tanlov bor edi: Shvetsiyaning Lund universitetiga "Xalqaro rivojlanish" yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga ketish, yoki Yaponiyaning Tsukuba universitetida "Xalqaro mintaqashunoslik" sohasida magistratura qilish. Ko‘p o‘ylanib, oxiri Yaponiyaga ketishga qaror qilganman. Bu qaror ortida, menimcha, Diplomatiya universitetida biroz yaponcha o‘rganganimning hissasi bo‘lgan, deb o‘ylayman. O‘shanda Shvetsiyani tanlaganimda nima bo‘lardi, bilmayman, ammo katta ehtimol bilan hozir Angliyada yapon tarixidan dars bermayotgan bo‘lardim.
Sharqiy Angliya universiteti professori, Sherzod Moʻminov
Muallifning Telegram kanali: https://t.me/profsherzod
Agar maqola foydali boʻlgan boʻlsa, uni doʻstlaringiz bilan ulashishni unutmang!
©️ GrantGO saytida eʼlon qilingan har bir maqolalardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va koʻchirish mumkin emas!