Duolingo English Test haqida – Duolingo testi IELTS va TOEFLʼning oʻrnini bosa oladimi?
Soʻnggi vaqtlarda ommalashib borayotgan Duolingo testi bugungi kunda dunyoning 3000 dan ortiq nufuzli universitetlari bilan bir qatorda Oʻzbekistondagi bir qancha universitetlar tomonidan ham til sertifikatlari (IELTS va boshqa sertifikatlar) oʻrnida muqobil sifatida qabul qilinmoqda. Koʻpchilik test topshiruvchilar tomonidan IELTSʼga nisbatan oson va arzon ($49)deb taʼriflanayotgan mazkur test haqida bu galgi maqolamizda batafsil bilib olasiz.
Ayni vaqtda Duolingo English test sertifikatini qabul qilayotgan AQSHning Yale, Arizona va Kaliforniya (Northridge), Kanadaning Algoma, Alberta va Kalgari, Buyuk Britaniyaning Bristol, Glazgo va Birmengem universitetlari bilan bir qatorda yurtimizdagi nufuzli Webster, Inha va Akfa universitetlarini ham sanash mumkin.
“Duolingo” nomi barchamizga xorijiy tillarni oʻrganishga yordam beruvchi ilova sifatida maʼlum boʻlib, u 2012-yilda yaratilgan. 2014-yilda esa Duolingo IELTS/TOEFL kabi boshqa ingliz tili imtihonlariga muqobil sifatida onlayn imtihon tizimini ishga tushirdi. Duolingo testi butkul "online" formatda boʻlgani uchun ancha qulay va bu, ayniqsa, pandemiya paytida qoʻl keldi. 2020 — 2021-yillarda koʻplab imtihon markazlari yopilganligi tufayli aksariyat xorijiy universitetlar IELTS va TOEFLʼga alternativ sifatida Duolingo testini ham qabul qila boshlashdi. Ayni vaqtda ham dunyo boʻylab mazkur testni ingliz tilini bilish talabi sifatida qabul qiladigan OTMlar soni ortib bormoqda.
Duolingo imtihoni haqida
Boshqa til imtihonlari singari, Duolingo ham nomzodlarni reading (oʻqish), writing (yozish), listening (tinglash) va speaking (gapirish) kabi toʻrtta mezon boʻyicha baholaydi.
Duolingo tomonidan taqdim etilgan test “adaptive” (moslashuvchan) test boʻlib, testga toʻgʻri javob berganingiz sari savollar darajasi qiyinlashib boradi. Xato javob bersangiz, aksincha, osonlashadi. Imtihon balingizning yuqori bo'lishi murakkab savollarga adashmay javob berishingizga bog'liq.
Duolingo testi nomzodning ingliz tilidagi malaka darajasini 4 xil koʻrsatkich boʻyicha tekshiradi:
Literacy: Ability to read and write (oʻqish va yozish qobiliyati)
Comprehension: Ability to listen and read (tinglash va oʻqish qobiliyati)
Conversation: Ability to speak and listen (gapirish va tinglash qobiliyati)
Production: Ability to write and speak (yozish va gapirish qobiliyati).
Test jarayoni
Test davomida sizga quyidagi koʻrinishda savollar beriladi:
- Matn qismidagi yetishmayotgan harflarni toʻldirish (Completing missing letters from section of a text)
- Haqiqiy inglizcha soʻzlarni soxta soʻzlardan farqlash (Finding out real English words from the fake ones). Bunda sizga 2 xil yozma va audio koʻrinishdagi soʻzlar beriladi va siz ular orasidan ingliz tilida mavjud soʻzlarni tanlashingiz kerak.
- Eshitib yozish (Typing the statement which the candidates hear). Bunda sizga ingliz tilida bitta gap eshittiriladi va sizning vazifangiz uni toʻliq yozishdir.
- Rasmni tavsiflash (Describing an image). Bunda siz berilgan rasmni bitta yoki bir nechta gaplarda tasvirlab berishingiz kerak.
- Berilgan gapni o'qib berish. Bunda sizga inglizcha gap beriladi va siz gapni o'qib, ovozingizni yozishingiz kerak bo'ladi.
Kompyuterda siz yuqoridagi “adaptive” testlarni 45 daqiqa davomida ishlaganingizdan keyin ikkita mavzudan biri boʻyicha “conversation” qismi uchun video intervyu topshiriladi. Xuddi shu jarayon writing uchun ham bir xil – siz berilgan ikkita mavzudan biriga qisqa fikringizni yozasiz.
Test ballari imtihon tugaganidan keyin 2 kun ichida chiqadi. Baholash esa 10-160 ball oraligʻida amalga oshiriladi. Quyidagi rasmda Duolingo va IELTS ballari taqqoslamasini koʻrishingiz mumkin:
Duolingo ingliz tili testining afzalliklari
Duolingo testini topshirishning turli afzalliklari bor. Maʻlumot uchun ularni quyida sanab oʻtamiz:
Topshirishga qulayligi (accessibility) – Duolingo English Test imtihonining eng katta afzalligi shundaki, uni uyimizdan turib topshirish mumkin.
Narx – hozirgi narx-navo bilan o'lchaganda boshqa ingliz tili imtihonlari taxminan 200 dollar atrofida yoki undan yuqori turadi. Duolingo esa atigi 49 dollar.
Tezkor natijalar – test natijalari 24-48 soat ichida chiqadi.
Vaqt davomiyligining kamligi – IELTS imtihoni 2 soatu 45 daqiqa davom etsa, Duolingo'ning davomiyligi 45-60 daqiqa.
Moslashuvchanlik – bu Duolingo testini boshqa testlardan ajratib turadigan yana bir omil. Duolingo testini istalgan joyda, istalgan vaqtda topshirish mumkin va sizga faqat ishonchli internet kerak boʻladi.
Bepul “practice” testlar – Bu test, shuningdek, talabalarga yakuniy test boʻyicha barcha tegishli bilimlarni sinaydigan haqiqiy testni topshirishdan oldin bir nechta “practice” testlarni oʻtkazish imkoniyatini taklif qiladi.
Duolingo testiga registratsiya jarayoni
Duolingo English testiga roʻyxatdan oʻtish jarayoni juda oddiy. Barcha talabalar rasmiy veb-saytda akkaunt yaratishlari, elektron pochta identifikatori, yoshni tasdiqlash kabi oddiy maʼlumotlarni taqdim etishlari va parol yaratishlari kerak. Shuningdek, siz Google akkaunt bilan ham roʻyxatdan oʻtishingiz mumkin.
Akkauntga ega boʻlganingizdan soʻng, testni 49 dollarga sotib olishingiz mumkin va imtihon topshirishingiz uchun 21 kun vaqt beriladi, yaʼni shu vaqt davomida xohlagan payt testni yechish imkoniyatingiz mavjud. Shuningdek, sinovni topshirishdan 15 daqiqa oldin tekin “practice” (amaliy) test topshirishingiz ham mumkin.
Duolingo English Test imtihoniga rasmiy sayt orqali roʻyxatdan oʻtasiz: https://englishtest.duolingo.com/home
Duolingo'da bepul “practice” test topshirish uchun: https://englishtest.duolingo.com/quick.
Dunyo boʻyicha Duolingo sertifikatini qabul qiladigan universitetlar roʻyxatini koʻrish uchun: https://englishtest.duolingo.com/institutions
Quyida esa Oʻzbekistondagi Duolingo English Test sertifikatini qabul qiladigan universitetlar va muassasalar roʻyxatini taqdim etamiz:
Duolingo Testini topshirishdan oldin siz o'zingizda quyidagi narsalar mavjudligiga ishonch hosil qiling:
- Pasportingiz, haydovchilik guvohnomangiz yoki davlat guvohnomangiz
- Tinch, yaxshi yoritilgan xona
- 60 daqiqa bo'sh vaqt
- Ishonchli internet aloqasi
- kompyuter
Sizning kompyuteringizda bo'lishi kerak:
- Windows yoki macOS
- Old kamera
- Mikrofon
- Spikerlar (ovoz chiqargich)
Eslatib o'tish joiz: mazkur testni smartfon yoki planshet orqali topshirib bo'lmaydi. Agarda sizda yuqoridagi sharoitlar mavjud bo'lmasa, o'quv markazlari yoki boshqa muassasalar o'z binosida taqdim etadigan xizmatlardan foydalanib testni topshirishingiz mumkin.