Men buni “bilaman”! - til o‘rganishda yo‘l qo‘yiladigan katta xato yoki so‘z boyligini qanday oshirish haqida
Til o‘rganishning ilk bosqichlarida uchraydigan xato haqida hikoyacha
Ingliz tilini o‘rganishni boshlagan paytimdagi birinchi qo‘shimcha dars esimda. Birinchi darsda bizga ustozim, Abdulla Umixanov, “To be” mavzusini tushuntirishni boshlagan. Tabiiyki, guruhdagi ko‘pchilikning bundan ensasi qotgan. Chunki ko‘pchiligimizga bu mavzu tanish edi. Yaʼni, biz bu mavzuni “bilar” edik. Ustozim ham buni sezib bizga qarab shunday degan:
“Bilaman, ko‘pchiligingiz “Obbo, yana shu “To be” ni o‘tamizmi?! Bu mavzuni bilamizku, boshqa narsa o‘tsak bo‘lmasmikan?!” deb o‘ylayapsizlar. Lekin “bilish” bu biror narsani o‘rganishning eng birinchi bosqichi, yaʼni piramidaning eng tagi” deb, doskaga mana bu rasmni chizgan:
“Sizlarning “bilaman” deganingiz bu hali endi boshlang‘ich payt. Sizlar faqat “am, is, are” nima ekanligini bilasizlar. Lekin, testda shu mavzuda xato qilmasligingizga ishonasizlarmi? Yoki gapirayotganda, o‘ylanmasdan shu 3 tasidan birini tanlay olasizlarmi? Bular “tushunish” bilan “ishlata olish” bosqichlari. Xo‘p, endi kim “To be” mavzusini bilaman desa qo‘l ko‘tarsin” deb ustozim o‘z gapini tugatdi. Tabiiyki, hamma jim va biz boshida nazarimizga ilmagan mavzumizni astoydil o‘rganishga kirishganmiz.
O‘sha kuni men o‘zim uchun darsdan katta saboq olganman “Biror narsani bilaman deb nazarga ilmaslik, bu shu narsani hech qachon to‘liq o‘rganmaslikga va uni ishlata olmaslikka eng asosiy sababchi bo‘lar ekan”.
Qisqa hikoyam ham yaxshigina cho‘zilib ketdi. Endi asosiy qismga o‘tamiz. Men bugun sizlarga til o‘rganishdagi, aniqrog‘i so‘z boyligini oshirishdagi baʼzi bir xatolar haqida va ularga o‘zim to‘g‘ri deb bilgan maqbul yechimlar haqida aytib bermoqchiman.
Undan oldin esa sizlarga Passiv va Aktiv so‘z boyligi nima ekanligi haqida ozgina tushuntirib o‘tsam. Busiz mening gaplarimni yaxshi tushunmasligingiz mumkin.
Passiv va Aktiv soʻz boyligi nima?
Inson biladigan har qanday tildagi (oʻz ona tilida ham, xorijiy tilda ham) soʻz boyligi ikki turga boʻlinadi: passiv va aktiv.
Passiv soʻz boyligi — bu biror tildagi siz maʼnosini biladigan, lekin amalda (soʻzlashishda va yozishda) kam qoʻllaydigan yoki umuman qoʻllay olmaydigan soʻzlaringiz.
Aktiv soʻz boyligi esa — bu shu tildagi siz kundalik hayotda (soʻzlashishda) va yozishda bemalol qoʻllay oladigan soʻzlaringiz.
Qisqa qilib aytadigan boʻlsak, passiv soʻzlar — bu oʻqish va eshitishda (reading and listening) tushuna oladigan soʻzlaringiz boʻlsa, aktiv soʻzlar yozish va soʻzlashishdagi (writing and speaking) soʻz boyligingizdir.
Har doim aktiv soʻz boyligi passiv soʻz boyligining bir qismi boʻladi. Xuddi quyidagi rasmda tasvirlangandek
Yuqorida aytganimdek bu narsa, hatto, odamning oʻz ona tiliga ham tegishli. Oʻrganilgan xorijiy tildan yagona farq odamning oʻz ona tilidagi aktiv soʻz boyligi bilan passiv soʻz boyiligining orasidagi farq minimal holatda boʻladi. Yuqoridagi va pastdagi rasmlar kabi deb tasavvur qilishingiz mumkin:
Passiv va aktiv soʻz boyligi orasida doimo farq boʻlishi bu tabiiy holat. Lekin,
Xorijiy tilni bilish darajangiz qanchalik koʻp soʻz bilishingiz bilan emas, balki aynan passiv va aktiv soʻz boyligingiz orasidagi farqni qay darajada minimallashtira olganingizga qarab belgilanadi!
Xorijiy tildagi kino koʻrgan bilan u tilda gapirib qolmaysiz!
Yuqoridagi gapimdan keyin menga eʼtirozlar bilan hujum qilishdan oldin, iltimos, maqolani oxirigacha oʻqib chiqing.
Juda koʻp holatlarda til oʻrganayotgan odamlar faqatgina passiv soʻz boyligini oshirishga eʼtibor qaratadi. Buni atayin qilishmasa ham, ular qoʻllaydigan “anʼanaviy” usullarning koʻpchiligi shunga xizmat qiladi. Natijada esa, yillab biror tilni oʻrgangan bilan uni qoʻllashda doimo ikkilanish va toʻxtalish kuzatiladi. Hozir shu usullar va ularning baʼzi salbiy jihatlari haqida gapirib oʻtmoqchiman.
Tillarga emas, daftardagi usulga eʼtibor qarating: faqat soʻz — uning tarjimasi. Bu deyarli hammamiz ishlatadigan usul (shu qatori qachonlardir men ham). Soʻzni yozib, uning yoniga tarjimasini yozib, shu bilan uni yodlab yuraveramiz. Bu usulning bir nechta salbiy taraflari bor:
1. Birinchi navbatda, biz soʻz yodlash uchun tutadigan “anʼanaviy” lugʻat daftarlarga eʼtibor bering
- Birinchidan, bunda siz bitta soʻzni bir necha marta yodlashingizga toʻgʻri kelishi mumkin. Sababi sizga soʻzni koʻrganingizda uni esga soluvchi faqat bir narsa — uning tarjimasi bor xolos. Agar siz soʻz tarjimasini eslay olmasangiz, butunlay soʻz haqida maʼlumot yoʻq degani. Vaqt oʻtishi bilan esa bu bitta-yu bitta koʻrsatkichning ham esdan chiqish ehtimoli yuqori.
- Ikkinchidan, bu usul sizni maqolam boshida aytib oʻtgan “bilaman” deb ataluvchi boshi berk koʻchaga olib kirib qoʻyadi. Yaʼni siz biror soʻzni yodlaysiz, uni koʻrganda maʼnosini ham eslay olasiz, lekin ishlata olmaysiz, yoki xato ishlatasiz. Bundan ham yomoni siz oʻsha soʻzni qaytarib chiqishni istamaysiz. Bu soʻzni koʻrganingizda miyangizda “Bu soʻzni bilaman-ku” degan xayol sizni toʻxtatib qolaveradi. Oxir oqibat yakuniy natija yaxshilanmay qolaveradi.
- Bu usuldagi uchinchi muammoni misol bilan tushuntiraman. Ingliz tilida tish soʻzining tarjimasini bilasizmi? Ha toʻgʻri tooth. Olmoq soʻzining-chi? Ha topdingiz, take. Xoʻsh endi savol: tish oldirmoq ingliz tilida qanday boʻlishini bilasizmi? Take tooth? Get tooth? Yoki sal grammatik jihatdan toʻgʻrilab Get a tooth taken mi? Aslida tish oldirmoq ingliz tilida have a tooth out boʻladi. Menimcha muammoni tushundingiz. Siz yuqoridagi holatda xorijiy tildagi soʻzlarni individual holatda oʻrganasiz. Lekin, soʻzlar tilda hech qachon yolgʻiz ishlatilmaydi. Ular doimo qandaydir birikmalar yoki gaplar ichida ishlatiladi.
2. Xorijiy tilda kino koʻrish yoki musiqa eshitishga kelsak. Bu narsalarni foydasiz deyishdan yiroqman. Bular sizning eshitib tushunish, talaffuz qobiliyatlaringizni shubhasiz oshiradi. Lekin, bular ham, asosan, sizning passiv soʻz boyligingiz oshishiga xizmat qiladi. Endigina til oʻrganishni boshlagan, hali bazaviy soʻz boyligi ham kam boʻlgan odamga esa bu narsalardan oladigan foydasi juda ham kam boʻladi. Har holda bu darajadagi oʻrganuvchilar alohida oʻtirib kino koʻrish uchun sarflangan 2 soatni foydaliroq va samaraliroq usullarga sarflashlari mumkin.
Yaxshi “anʼanaviy” usullar va ulardagi muammolarni bilib oldik. Endi men sizlarga til oʻrganishda oʻz tajribamdan kelib chiqqan tavsiyalarimni bermoqchiman.
Oʻzi aslida nima qilish kerak
Maqola uzun boʻlib ketgani va qolgan qismi bundan ham uzun boʻlishi kutilgani uchun uni ikki qismga boʻlishga qaror qildim. Shuning uchun 2–qismda koʻrishamiz ))
Ungacha maqolani boshqalar bilan ulashing va telegramdagi kichikkina blogchamga ham aʼzo boʻlib qoʻyishni unutmang
Manba: Musayev Blogi Telegram kanali — https://t.me/musayev_blogi
Ilk chop etilgan manba: Qudratxoʻja Musayev Medium blogi