Men buni “bilaman”! - til o‘rganishda yo‘l qo‘yiladigan katta xato yoki so‘z boyligini qanday oshirish haqida (2-qism)
O’zi aslida nima qilish kerak
Kichik birlikni o’rganish uchun, katta birlikka…
Til o’rganishda bir qoidani esdan chiqarmaslik kerak:
Kichik birlikni o’rganish uchun, doimo bir daraja katta birlikka murojaat qilish kerak.
Bu qoidani o’zim bilgan ingliz tili misolida tushuntirishga harakat qilaman. Ingliz tilida i harfi qanday talaffuz qilinishini bilasiz to’g’rimi? To’g’ri yakka holatda [ai] ko’rinishida. Lekin, interesting so’zidagi ikkala i ham qanday o’qiladi: oddiygina [i].
Aytmoqchi bo’lganim ingliz tilida (rus tilida ham) tovushlarning to’liq to’g’ri talaffuzini o’rganish uchun alifbo kamlik qiladi. Shu tovush ishtirok etgan so’zlar talaffuzini o’rganish kerak.
So’zlarni o’rganish uchun esa, uning individual holatdagi ma’nolari kamlik qiladi. Ularni to’g’ri va joyida ishlata olish uchun ular ishtirokidagi so’z birikmalari (collocations) ni o’rganish kerak.
So’z birikmalarini to’g’ri ishlatishni o’rganish uchun ular ishtirok etgan gaplarni ko’rib chiqish kerak. (Albatta, yodlash shart emas)
Hattoki, til uchun gap ham oxirgi nuqta emas. Aynan qaysidir jumlalar va gaplarni to’g’ri ishlata olish uchun ular ishtirok etgan dialoglarni o’qib ko’rish mumkin. Masalan, “You’re welcome!” iborasini qanday holatlarda ishlatish mumkinligiga qiziqib ko’ring.
Lug’at daftar tutishning konservativ usuli
Lug’at daftaringizni tutish usulingizni o’zgartiring!
Men sizga taklif etmoqchi bo’lgan uslub qiyin va u odatiy uslubdan 2–3 marta ko’p vaqt olishi mumkin. Lekin samarasi odatiy usuldan 5–6 marta ko’p bo’lishi aniq va siz bir so’zni qayta-qayta yodlashga to’g’ri kelmasligingiz ehtimoli yuqori. Bu usul so’zni shunchaki passiv so’z boyligingizga emas, aktiv
so’z boyligingizga qo’shilishiga ham yordam beradi. Demak, lug’at daftaringiz tahminan quyidagi ko’rinishda bo’lishi kerak:
Rasmni ko’rib qo’rqib ketmang. Bilaman u yerda ma’lumot juda ko’p. Lekin, odatiy lug’atda sizga so’zni eslatib turuvchi faqat bitta ko’rsatkich bo’lsa, bu yerda naqd 5ta. Bu usul men o’zim o’ylab topgan qandaydir “innovatsion” usul emas, aksincha o’ta konservativ usul. Lekin bu usulni ham Oxforddagilar va boshqa til o’rganish eksportlari tavsiya etgan.
Albatta, bu yerda ba’zi narsalarni (so’z turkumi, sinonimlar, so’z darajasi) yozish yoki yozmaslik ixtiyoriy bo’lsa ham, men ularni iloji boricha qo’shib borishni tavsiya etgan bo’lardim. Ayniqsa so’z sinonim va antonimlarini yozish orqali siz bir paytning o’zida shu so’zlar bilan ham tanish bo’lib borasiz.
So’z birikmalari va gaplarga kelsak, ular juda ham muhim. Chunki aynan ularni ko’rish, o’rganish orqali siz yangi so’zni to’liq o’rganib, vaqti kelganda ishlata olishingiz mumkin.
Albatta, “Buuuncha narsani qayerdan olamiz?” deb so’rashingiz mumkin. Shu yerda ham ustozim Abdulla Umixanovning gapini eslab o’taman:
“Eng yaxshi lug’at bu bir tilli lug’at!”
Bir tilli lug’at — bu “ingliz-ingliz”, “rus-rus” ko’rinishidagi lug’at. Ya’ni unda so’zning ma’nosi o’sha tilda izohlab beriladi. Bunday lug’atning yaxshi tarafi sizning miyangiz to’liq o’sha tilga sozlanib oladi va uyoqdan buyoqqa sakramaydi.
Albatta, bunday lug’atga boshlang’ich (beginner) darajadan to’liq o’tib ketib bo’lmaydi. Siz buning uchun bazaviy (kamida 1000–2000 ta) so’z boyligini yig’ib olishingiz kerak. Lekin, bunday lug’atdan sinonim, so’z birikmalari va misollarni topishda har doim foydalanish mumkin.
O’zim foydalanadigan lug’atlarning online variantlarini taklif qilishim mumkin: Longman Dictionary va Oxford Dictionary. Bu lug’atlardan yuqorida sanab o’tgan barcha narsani topishingiz mumkin.
Shu o’rinda yana bir qiziq joyi bor. E’tibor bergan bo’lsangiz men so’z talaffuzini qo’shmaganman. Chunki hozirda bu narsani keraksiz deb hisoblayman. To’g’ri talaffuz emas, albatta, uni yozish keraksiz. Sababi ingliz tilidagi so’zlarning transkripsiyasini to’g’ri o’qish uchun ham undagi belgilar qanday to’g’ri talaffuz qilinishini bilish kerak )). Buning o’rniga yana o’sha online lug’atlarga murojaat qiling. U yerda kichikkina karnay belgisi bor. Shundoq bossangiz so’zni chiroyli qilib o’qib beradi. Ikki uch marta eshitib o’rganib olish mumkin. Ba’zi lug’atlarda ham britancha, ham amerikancha varianti bor. Buyog’i sizning tanlovingiz.
Yuqoridagi usulga qo’shimcha tavsiyalar:
- Ingliz tilida bazaviy so’z miqdori 3000 ta. Bu IELTSdan 7 olish uchun kamlik qiladi, lekin ingliz tilini bemalol tushunib unda gapirishni boshlashga yetadi. Har holda Oxforddagilar shunday deb hisoblashadi. Men esa ularga ko’p e’tiroz bildirmoqchi emasman )). Ular bu so’zlar ro’yhatini ham tuzib qo’yishgan. O’zim ham shu ro’yhatdan boshlaganman. Lekin, “an’anaviy” usulda va ikki martalab yodlab chiqishga to’g’ri kelgan. To’g’risi o’sha vaqtda yozayotgan narsalarimni bilmaganimga afsus qilaman.
- Bir kunda koooo’p so’z yodlashga harakat qilmang. Men maksimum 20 ta yodlashni tavsiya etaman. 3000 ta so’z uchun ko’p vaqt ketadi deb o’ylaysizmi. Har kuni 20ta so’z yodlang, to’xtovsiz, HAR KUNI!. Xoh u yakshanba bo’lsin, xoh bayram, xoh tug’ilgan kuningiz bo’lsin. Unutmang “Tez — bu sekin, ammo to’xtovsiz”.
- So’z ishtirokidagi 2 ta gapni lug’atdan ko’chirishingiz mumkin. Lekin bundan tashqari hayolda yana 2 ta 3 ta gap tuzib ko’ring. Hafta davomida o’rgangan so’zlaringizdan foydalanishga harakat qiling. Bu aktiv lug’atni oshiradi.
- So’z yodlash uchun “Mana endi so’z yodlayman” deb alohida vaqt ajratib o’tirish shart emas. Kunlik so’zlaringiz yozilgan varoqni oldingizda olib yuring. Yo’ldagi, avtobusdagi, biror nimani kutayotgan vaqtingizdan unumli foydalanib ularni yodlang. Faqat yo’ldan o’tayotganda ehtiyot bo’ling )). Men o’zim ham shunday qilardim.
Kino ko’rish masalasi
Ingliz tilida kino ko’rish yoki musiqa eshitishga qarshi emasman. Bu narsalarni o’ta zerikkan vaqtingiz qilishingiz mumkin. Lekin, men samaraliroq usullar tavsiya qilmoqchiman.
- Kino emas, multfilm ko’ring. Nega? Sababi multfilmlar bolalar uchun ishlanadi va u yerda tushunarliroq til ishlatiladi, jargonlardan qochiladi. Agar multfilm ham tushunarsiz bo’lsa, uning yosh darajasini pasaytiring. Shunda til darajasi ham yana ham soddalashadi. Boshlang’ich va o’rta darajadagi o’rganuvchilar uchun ayni muddao. Keyinchalik asta-sekin darajani oshirib boraverasiz. Ha aytgancha, men kinodan ko’ra multfilm ko’rsam mazza qilaman ))
- Musiqa emas, audio kitob tinglang. Bu narsa hatto multfilm ko’rishdan ham ko’ra foydaliroq. Chunki audio kitob eshitish uchun alohida vaqt ajratish shart emas. Biror ish qilayotib ham eshitish mumkin. Muntazam audio kitob eshitish bir oy ichida sizning eshitib tushunish qobiliyatingizni sezilarli darajada oshirishiga men kafil. Har holda menda shu narsa sezilgan. Va albatta, kitob musiqadan ko’ra ma’noliroq bo’ladi.
Buning uchun lelang.ru saytini tavsiya qilaman. U yerda kitoblar Starter darajadan boshlab, Advanced darajagacha bor. 6 xil darajada. Men eng boshidan boshlaganman. Sizga ham shuni tavsiya qilaman. Ha aytgancha, bu saytda ingliz tilidagi kinolarni ham, multfilmlarni ham topishingiz mumkin, subtitrlari bilan. Hammasi tekin.
Bundan boshqa tavsiyalarim ham ko’p ekanku, hammasini aytib qo’ysam keyingi safarga hech narsa qolmay qolar ekan. ))
Yakuniy xulosa:
“Nimanidir bilaman deb hisoblashdan oldin yana bir o’ylab ko’ring. Odatiy lug’at daftar tutish uslubidan voz keching. Aktiv so’z boyligingizni passiv so’z boyligingizga yaqinlashtirishga harakat qiling. Audio kitob eshiting. Zeriksangiz multfilm ko’ring (chet tilida albatta). Shoshilmang, lekin to’xtovsiz o’sib boring.”
Manba: Musayev Blogi