Men ham stipendiant boʻlaman yoxud Prezident va nomli davlat stipendiyasi sohibi boʻlish uchun nima qilish kerak?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi va nomli davlat stipendiyalariga sazovor boʻlishni orzu qilmagan talaba boʻlmasa kerak. Biroq koʻpchilik ishni nimadan boshlash lozimligi yoki qanday talablarga javob berish kerakligini aniq tushunib yetmagani sabab stipendiant boʻlish qiyin, deb oʻylaydi. Navbatdagi maqolamiz stipendiant boʻlishni maqsad qilgan talabalarga kichik qoʻllanma sifatida asqatadi, deb umid qilamiz. Maqolada Prezident va davlat stipendiyalari beradigan imtiyozlar, ularning talablari va maqbullik shartlari qisqacha bayon etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi va nomli davlat stipendiyalarini yutish sizga qanday imtiyozlar beradi?

Prezident stipendiyasi va va boshqa nomli davlat stipendiyalarini gʻoliblari koʻpgina imtiyoz va ragʻbatlarga ega boʻlishadi. Ular qatorida quyidagilarni sanash mumkin:

  • Oylik stipendiya — 10 oy davomida stipendiya sovrindorlari maʼlum miqdorda moddiy ragʻbatlantiriladi. (Bunda, aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi gʻoliblariga beriladigan oylik stipendiya miqdori boshqa nomli stipendiyalarga nisbatan sezilarli darajada yuqori hisoblanadi).
  • Keyingi bosqichga imtiyoz asosida oʻqish imkoniyati – Prezident stipendiyasini yoki nomli davlat stipendiyalarini yutganlar oʻqishning keyingi bosqichini 100%lik grant asosida davom ettirishlari mumkin. Yaʼni bakalavr davrida stipendiant boʻlganlar turdosh yoʻnalish boʻyicha milliy OTMlar tarkibidagi magistratura, magistratura bosqichi stipendiantlari esa doktoranturaga imtihonsiz, grant asosida qabul qilinadilar.
  • CV/Rezyumeni boyitishga xizmat qiladi. Albatta, talabalar kelajakdagi professional faoliyatlarini yuqori pallada davom ettirishni, karyeralarini bunyod etishda asqatadigan rezyume yoki CVʼlarida koʻp yutuqlari aks etishini xohlashadi. Prezident stipendiyasi yoki nomdor davlat stipendiyalari sovrindori boʻlish rezyumengizda koʻzga tashlanadigan yutuqlardan biri boʻlib joy olishi mumkin.
  • Stipendiant boʻlish jarayonida siz erishadigan yutuqlardan yana biri bu sizda kelajakda ixtisoslashmoqchi boʻlgan yoʻnalishingizni qolganlarga nisbatan ancha erta aniqlab olish imkoniyati paydo boʻlishidir. Tanlov uchun tayyorgarlik koʻrish vaqtida nimani ayan istashingiz va qiziqishlaringiz yanada aniqlashadi. Shunga mos ravishda akademik va ijtimoiy tomonlama oʻsib, rivojlanib borasiz. Bundan tashqari, atrofdagilar uchun kichik oʻrnakka aylanasiz va yirik davlat tadbirlarida ishtirok etish uchun taklif qilinishingiz mumkin.

Ayni vaqtda respublikamizda talabalarga taqdim etiladigan stipendiya turlari va sovrindorlarga beriladigan guvohnomalar nomlari:

  • “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi sohibi”;
  • “Beruniy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Ibn Sino nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Navoiy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Ulugʻbek nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Islom Karimov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Toʻlepbergen Qaipbergenov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
  • “Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyasining sohibi”.

Shuni aytish kerakki, har bir stipendiya uchun ajratiladigan kvotalar miqdori (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasidan tashqari) talaba tahsil olayotgan OTMdagi talabalar qamrovi soniga bogʻliq. Talabalar soni qancha yuqori boʻlsa, oʻsha OTM uchun ajratiladigan muayyan stipendiya kvotasi ham ortib boradi. Bu yerda, stipendiyalar haqidagi qarorda, batafsil maʼlumotlarni topishingiz mumkin.

Prezident va nomli davlat stipendiyalarini yutishda foydali “lifehack”lar

  • Imkon qadar aʼlo baholarga oʻqishga harakat qiling.

Baho uchun oʻqish talaba yoʻl qoʻyishi mumkin boʻlgan eng katta xatolardan biri boʻlishi mumkin. Bilimni moddiy ragʻbat bilan oʻlchash uning qadrsizlanishiga olib keladi. Ammo oʻqish davrida astoydil harakat qilib, chin maʼnoda ustozlar va talabalar eʼtirofini qozonishga harakat qilish, baholarni yuqori koʻrsatkichda ushlash kelajakdagi faoliyatingizga foydali boʻladi. Tasdiqlangan nizomga koʻra, Prezident stipendiyasining eng birinchi talablaridan biri barcha fanlardan aʼlo baholarga oʻqish hisoblanadi. Nomli davlat stipendiyalari sohibi boʻlish uchun ham deyarli barcha fanlarda aʼlo baholar olingan boʻlishi kerak (shu paytgacha oʻzlashtirilgan barcha fanlardan olingan baholarda umumiy “4 baho”lar miqdori 25%dan oshmasligi lozim).

  • Fursatni boy bermay, tezroq yoʻnalish tanlang va ilmiy rahbar toping.

Oʻqishga kirgach aksariyat talabalarning yangi shaharga, yangi hayotga moslashish jarayonida ayrim qiyinchiliklarga duch kelishlari, turli psixologik jarayonlarni boshdan kechirishlari tabiiy. Bu, oʻz navbatida, ularning oʻqish jarayonlariga ham taʼsir etmay qolmaydi. Ammo fursatni boy boy bermay, imkon qadar qiziqishlaringizni ertaroq aniqlashga va shu yoʻnalishda ilmiy-pedagogik faoliyatini olib borayotgan ustozlar, yosh izlanuvchilar bilan aloqa bogʻlashga harakat qiling. Umumiy yoʻnalishingizning aniq boʻlishi sizning vazifangizning katta qismini bajarganingizni anglatadi.

  • Kompyuteringizda “Stipendiya” yoki shunga oʻxshash fayl yoki telegramda kanal oching.

Stipendiant boʻlish uchun, avvalo, sizga tartib-intizom kerak. Buning uchun oʻzingiz xohlayotgan stipendiyaga bagʻishlangan fayl yoki telegramda kanal oching. Har bir yutugʻingiz va yozgan maqolalaringizni nomi bilan saqlab boring. Hujjatlaringizning oldindan tayyor turishi kelajakda vaqtingizni tejashga hamda oʻzingizni doimiy nazorat qilishga yordam beradi. Shu tariqa aniq reja asosida sizga qiyindek tuyulgan vazifani oson hal qilishingiz mumkin boʻladi.

Hujjat topshirish va saralash jarayonlari qanday amalga oshiriladi?

Prezident va nomli davlat stipendiyalariga hujjat topshirish stipendiya.edu.uz saytida amalga oshiriladi. Siz u yerda stipendiyalar va ularning talablari haqida batafsil maʼlumotlarni ham topishingiz mumkin.

Oʻtish bosqichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash uchun nomzodlarni koʻrsatish oliy taʼlim muassasalari kengashlari tomonidan, talabgorlarning oʻquv va ilmiy faoliyatini ommaviy muhokama qilish asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlar dastlabki koʻrib chiqish uchun oliy taʼlim muassasasi kengashiga quyidagilarni taqdim qiladilar:

  • sinov (reyting) daftarchasidan koʻchirma;
  • dekanat va kafedraning tavsiyanomasi;
  • ilmiy (ijodiy) ish rahbarining tavsiyanomasi;
  • ilmiy ishlar roʻyxati va ularning bosma nusxalari;
  • tillar kafedrasi, tarix kafedrasining suhbat natijalari haqidagi maʼlumotnomalari.

Barcha hujjatlar jildga (papkaga) joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki nomli davlat stipendiyasi nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, kursi, guruhi koʻrsatiladi.

Stipendiyalarni tayinlashda saralash bosqichlari:

  1. Universitet miqyosida (nomli stipendiyalar uchun):

Tanlov jarayoni:

  • Hujjatlar baholanadi.
  • Oʻzbekiston tarixi va siyosatshunoslik, shuningdek xorijiy til va axborot texnologiyalarini bilish talab etiladi. Nomzodlar ular boʻyicha yozma yoki ogʻzaki imtihon topshiradi.

2. Respublika miqyosida (Prezident stipendiyasi uchun):

  • Bakalavr bosqichidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga talabgorlar chet tillari, axborot texnologiyalari, Oʻzbekiston tarixi fanlari boʻyicha bilim darajasini aniqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida (hududlar boʻyicha) maxsus test sinovlari topshiradilar. Davlat test markazi test sinovlari natijalari qaydnomalarini Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga taqdim etadi.
  • Bakalavr bosqichi uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq, Prezident stipendiyasi har bitta OTM 1 tadan talabgorga belgilanadi.
  • Magistratura va PhD talabalari DTM testi va ogʻzaki savol-javob bosqichlari oʻtkaziladi. Bu bosqichdagilar uchun esa har bir yoʻnalish boʻyicha jami 22 ta stipendiya oʻrini ajratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari talabgorlarning ilmiy ishlari, erishgan yutuqlari hamda oʻtkazilgan test sinovlari natijalariga koʻra Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida tanlov yoʻnalishlari boʻyicha tashkil etilgan tanlov komissiyalari qaroriga asosan aniqlanadi.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, eng avval oʻz yoʻnalishingizni aniqlab oling, ustoz tanlang va shu yoʻnalishda maqola hamda tezislar yozib, konferensiyalarda ishtirok eting. Shu bilan bir qatorda, universitetdagi baholaringizga ham befarq boʻlmagan holda aniq reja asosida harakat qiling. Yuqoridagi umumiy tavsiyalarga amal qilsangiz, albatta, oʻzingiz orzu qilgan Prezident yoki nomli stipendiantlar qatoridan joy olishingiz mumkin. 

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar