Top universitetlar reyting tizimlari - QS va THE o'rtasidagi farq
Chet el universitetlariga hujjat topshirishdan oldin talabalar bir qarorga kelishga qiynalishadi. Sababi ular ko‘pgina omillarni hisobga olishlari, imkoniyatlarini to‘g‘ri baholashlari va o‘z qiziqishlaridan kelib chiqqan holda bir universitetni tanlashlari zarur.
Hech kimga sir emaski, bu qarorlarni qabul qilish jarayonida universitetlar reytingi muhim o‘rin tutadi. Qanday reytinglar mavjud? QS va THE reytinglari bir-biridan qaysi jihatlari bilan farq qiladi? Ushbu maqolada shular haqida suhbatlashamiz.
Reyting nimaga kerak?
Reytinglar odatda “ideal” universitetni topish uchun qo‘llaniladi. Birinchidan, siz biror mamlakatni tanlagan bo‘lsangiz, o‘sha joydagi oliygohlar ro‘yxatini yaratishingiz va kengroq tadqiqot olib borishingiz mumkin. Bunda qidiruv jarayoni sodda, tez va oson tarzda kechadi. Ikkinchidan, siz ma’lum bir ta’lim muassasasining obro‘si va global mavqeini o‘rganib chiqasiz. Shuningdek, ular orqali siz ilgari bilmagan universitetlarga duch kelasiz va bu kelajakda o‘zingizga mos joyni tanlashingizga zamin yaratadi. Yana bir yaxshi tomoni shundaki, tanlagan muassasangiz ish beruvchilar tomonidan qay darajada tan olinishini va o‘qitish tizimi haqida bilib olasiz.
Dunyo universitetlarining ko‘plab reytinglari mavjud — eng mashhurlari QS World University Rankings®, Times Higher Education World University Rankings va Jahon universitetlarining akademik reytingi (ARWU) — va har biri turlicha mezonlardan foydalanadi.
QS — Quacquarelli Symonds
QS World University Rankings — bu Quacquarelli Symonds oliy ta’lim tahlil kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan reyting. Uning birinchi va eng dastlabki nashri Times Higher Education (THE) jurnali bilan birgalikda Times Higher Education-QS World University Rankings nomi bilan nashr etilgan. U 2004-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u 2009-yilda alohida ajralib chiqadi.
QS reytingi universitetlarni tadqiqot, o‘qitish, ishga joylashish va xalqarolashtirish bilan bog‘liq 9 ta samaradorlik ko‘rsatkichi bo‘yicha baholaydi.
● Ilmiy obro‘ — 30%
● Har bir fakultet uchun iqtiboslar — 20%
● Ish beruvchining obro‘si — 15%
● Fakultet talabalari — 10%
● Xalqaro talabalar — 5%
● Xalqaro fakultet — 5%
● Xalqaro tadqiqot tarmog‘i 5% (2023-yilda qo‘shilgan)
● Bandlik natijalari 5% (2023-yilda qo‘shilgan)
● Barqarorlik 5% (2023-yilda qo‘shilgan)
Scopus — ma’lumotlar yig‘ish
QS turli manbalardan ma’lumotlarni to‘playdi, jumladan, akademiklar, ish beruvchilar va universitetlarning o‘zlari o‘rtasida so‘rovnomalar. Bundan tashqari, ular tadqiqot ta’sirini va fakultet iqtiboslarini baholash uchun Scopus kabi manbalardan foydalanadilar.
QS reytingi har yili dunyo miqyosida minglab universitetlar faoliyati toʻgʻrisida ma’lumot natijalarini eʼlon qiladi. U, shuningdek, talabalar va tadqiqotchilar uchun batafsil ma’lumotni taqdim etish uchun mavzularga oid reytinglarni va mintaqaviy reytinglarni ham nashr etadi.
Reytingda ko‘rib chiqilishi uchun universitet bakalavriat va aspirantura darajasida dars berishi va beshta fakultet yo‘nalishlaridan kamida ikkitasida ish olib borishi kerak: san’at va gumanitar fanlar; muhandislik va texnologiya; ijtimoiy fanlar va menejment; tabiiy fanlar hamda hayot fanlari va tibbiyot.
Ahamiyati:
Oliy ta’limda ustuvorliklar o‘zgarib borishi bilan ushbu reyting ham shunga moslashadi. QS butun dunyo bo‘ylab millionlab talabalar, yuz minglab akademiklar, ish beruvchilar va minglab ta’lim muassasalari bilan bog‘langan oliy ta’lim sektoridagi markaz sifatida imtiyozli mavqega ega.
So‘nggi natijalar 17,5 million akademik maqolalar tahlili va 240 000 dan ortiq akademik o‘qituvchilar va ish beruvchilarning ekspert xulosalariga asoslangan. Massachusets texnologiya instituti 1-o‘rinni nishonlaydi, Kembrij universiteti 2-o‘rinni saqlab qoldi, Oksford universiteti (3-o‘rin) esa bir pog‘onaga ko‘tarildi.
THE = Times Higher Education
Times Higher Education reytingi universitetlarning jahon miqyosidagi faoliyatini baholash va talabalarga oliy ta’lim muassasalarining turli vazifalari hamda yutuqlari haqida tushuncha berish uchun tuzilgan. U 93 ta mamlakat va u yerdagi 2500 ta muassasadan olingan tahliliy ma’lumotlarni o‘zida aks ettiradi.
Times Higher Education reytingi besh toifaga ajratilgan 13 ta samaradorlik ko‘rsatkichlaridan foydalanadi. Bunda bakalavriat darajasida dars bermaydigan yoki ilmiy natijalari ma’lum chegaradan past bo‘lgan universitetlar hisobga olinmaydi.
● O‘qitish tizimi — bilim olish muhiti 29.5%
a) Obro‘si (15%), b) xodimlar-talabalar nisbati (4,5%), d) doktor-bakalavr nisbati (2%), e) doktor-o‘qituvchilar nisbati (5.5%) va daromad (2,5%) asosida.
● Tadqiqot 29%
a) Obro‘-e’tibor (18%), tadqiqot daromadlari (5.5%) va har bir professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan nashr etilgan ilmiy maqolalar (5.5%) bo‘yicha so‘rovnoma asosida.
● Ilmiy ishlarga havola — ta’sir ko‘lami 30%
Universitetda olib borilgan tadqiqotga iqtiboslar soni hisoblanib, fan sohasi asosida chiqariladi. a) Ilmiy ishlarning kuchli tomonlari (5%), mukammalligi (5%) va ta’siri (5%).
● Sanoat daromadi 4%
Tadqiqotning real hayotda qo‘llanilishi va universitetning mahalliy va milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash majburiyatini hisobga olgan holda sanoat daromadi ko‘rsatkichi fundamental ahamiyatga ega.
● Xalqaro martabasi 7,5%
Chet ellik talabalar ulushi (2,5%), xorijiy xodimlar soni (2,5%) va xalqaro ilmiy hamkorlik (2,5%) soniga nisbati asosida.
Times Higher Education reytingi 11 ta fan boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beradi: Sanʼat va gumanitar fanlar; klinik va sog‘liqni saqlash fanlari; muhandislik va texnologiya; hayot haqidagi fanlar; fizika fanlari; itimoiy fanlar; huquq; psixologiya; ta’lim; kompyuter texnologiyalari; biznes va iqtisodiyot.
U ham ma’lumotlar yig‘ishda, so‘rovnomalar, akademik ma’lumotlar bazalari, sanoat hamkorliklari va Scopus kabi manbalardan ma’lumotlarni to‘playdi.
Ahamiyati
Natijalar har yili bir marta chop etiladi. 2023-yilgi natijalarga ko‘ra Oksford universiteti 1-o‘rinni, Garvard universiteti 2-o‘rinni va Kembridj va Stenford universitetlari 3-o‘rinni egalladi. Reytingdagi har bir universitet batafsil profilga ega bo‘lib, reyting bo‘yicha umumiy ballari va talabalarga yordam berish uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha ma’lumotlarga ega.
QS va THE
QS reyting tizimi: Ilmiy tadqiqot talab qiladigan universitetlarga qiziqqan talabalar uchun ko‘proq mos bo‘lishi mumkin, chunki u akademik obro‘ga va tadqiqot ta’siriga katta e’tibor beradi. O‘zining ilg‘or tadqiqotlari bilan tanilgan xalqaro miqyosda tan olingan universitetlarni qidirayotgan talabalar QS reytingini foydaliroq deb topishlari mumkin.
THE reyting tizimi: Ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik va sanoatni jalb qilishga e’tibor qaratgan talabalar tomonidan afzal ko‘rilishi mumkin. O‘qitish sifati, xalqaro istiqbollar va sanoat hamkorliklariga urg‘u beradigan har tomonlama ta’limga qiziqqan talabalar THE reytingini yanada mos deb topishlari mumkin.
Xulosa
Aniqlik va ishonchlilikka kelsak, hech qanday reyting tizimi mukammal emas va har birining o‘ziga xos tomonlari yoki cheklovlari bo‘lishi mumkin.
Chet elda oʻqish istagida boʻlgan talabalarga QS va THE reytinglarining ikkalasini ham hisobga olishlari tavsiya etiladi. Bundan tashqari, ular o‘zlarining akademik maqsadlariga mos keladigan maxsus mezonlarni, masalan, dasturning kuchli tomonlari, o‘qituvchilar malakasi, mavjud resurslar, joylashuv va kampus madaniyatini o‘rganishlari kerak.
Talabalar universitet tanlashda bir nechta manbalardan olingan reytinglarni solishtirishlari va reytinglardan tashqari boshqa muhim omillarni solishtirishlari zarur. Oxir oqibat, “eng yaxshi” reyting yoki eng ishonchli tanlov talabaning xohishi, rejalashtirilgan o‘quv kursi, rejalari va shaxsiy sharoitlariga bog‘liq.
©️ GrantGO saytida eʼlon qilingan har bir maqola jamoa mualliflik ishi hisoblanib, ulardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va koʻchirish mumkin emas!