TOP universitetlardan “rad javobi” keldimi? Bunga asosiy 5 sabab
Tasavvur qiling, sizni Garvard, Okford va Stendford o’z eshiklari tomon chorlamoqda. Barcha rejalaringizga erishish uchun ilk qadamni qo’ymoqchisiz va bu dargohlar hayotingizni tubdan o’zgartirib yuborishi hech gap emas. Qo’lingizdagi IELTS va SAT imtihon sertifikatlari sizga kuchli ishonch berayotgandir, axir butun umr orzu qilgan universitetingizga to’liq grant orqali qabul qilinishingiz mumkin. Endi, hayolotdan voqelikka qaytaylik. Vaqti kelganda birgina “Rad etilganlik to’g’risidagi” xabar orzularingizni tiklab bo’lmas darajada yakson qilishga qodir. Ba’zida talabalar umidini butunlay yo’qotib, o’z maqsadlaridan voz kechganliklariga guvoh bo’lamiz.
Biz quyida keltirmoqchi bo’lgan rad etilishning asosiy 5 ta sababi sizga o’z xatolaringiz ustida ishlashingiz va to’gri strategiya orqali kelajakda dunyoning nufuzli ilm dargohlariga hujjat topshirishingizga ko’maklashadi.
1. Universitet talablariga to’liq javob bermaslik.
Xalqaro nufuzli universitetlarga qabul jarayoni O’zbekistondagi test topshirish tizimidan tubdan farq qiladi. Ularning har biri o’zlari tomonidan belgilangan turli talablarga ega:
- onlayn ariza to’ldirish;
- ma’lum imtihon yoki test sinovi natijalarini taqdim etish;
- CV (rezyume) ni yuborish;
- intervyudan o’tish;
- va boshqalar.
Misol tariqasida aytsak, agarda siz dunyodagi TOP 100 talikka kiruvchi Duke universitetida o’qimoqchi bo’lsangiz, tanlagan yo’nalishingiz talablarini qondirishingiz lozim. Bakalavriyat bosqichiga kirishingizda GPA (Grade Point Average), ya’ni fanlardan o’rtacha o’zlashtirish darajangiz nisbatan pastroq bo’lsa, qabul qilinish imkoniyatlaringiz ham kamroq bo’ladi. Sababi, sizning maktabda olgan baholaringiz bilimga bo’lgan munosabatingizni aks ettiradi. Bundan tashqari, aksariyat universitetlarda rassomlik yoki dizayn sizngari amaliy sohalar bo’yicha ijodiy ishlar va portfolio so’raladi. Maxsus grantlarni yutib olishni maqsad qilganlar uchun esa alohida mezonlar ham mavjud. Ammo ba’zida yoshlar til bilish sertifikatining o’zi yetarli deb o’ylab, baholar tarjimasidek (transcript) oddiy narsalarni e’tibordan chetdan qoldirishlari mumkin. Barcha maqbullik shartlariga to’liq amal qilmas ekansiz, universitet maxsus komissiyasi sizning arizangizni rad etishga majbur bo’ladi.
Yechim: Ko’proq izlaning. Qaysi universitetlarni mo’ljallasangiz, rasmiy elektron saytiga kirib, barcha ma’lumotlarni o’rganing. Shuni ham unutmangki, arizalar qabuli uchun ma’lum muddat belgilangan bo’ladi. O’tkazib yubormang.
Bu yerda AQSHning Duke universitetida to’liq grant bilan o’qish uchun taqdim etilishi kerak hujjatlar ko’rsatilgan.
2. Kuchli xohish va harakatning yo’qligi.
“IELTSdan 8 oldim-ku, nega meni rad etishdi?”
Hozirda oramizda vaqtining katta qismini IELTS yoki SAT imtihonlariga sarflab, sohaga doir boshqa mazmunli ishlar bilan shug’ullanmayotganlar ham bor. Bakalavr bosqichiga kelganda, ko’pgina o’smirlar hali o’z qiziqishlari va maqsadlarini to’laligicha aniqlashtirmagani bois ota-onasining orzu-umidi yoki atrofdagilarning maslahati bilan ko’r-ko’rona nufuzli universitetga hujjat topshirishadi. Bu ham yetmagandek, umuman bilmagan va qiziqmagan sohalarni tanlash tendensiyasi yuqori.
Universitetlarga esa “kuchli qiziquvchanlik” ko’rsatgan nomzodlar kerak va ularni saralab olishga maxsus komissiya biriktirilgan. Ushbu komissiya a’zolari sizning tanlagan sohangizda qanchalik darajada faoliyat yurita olishingizni tekshirishadi. Birgina til bilish sertifikatingiz hech narsani ko’rsatib bermaydi va sizdagi qiziqishlar, asosan, darsdan tashqarida amalga oshirgan ishlaringizdagina namoyon bo’ladi. Bunda ular “holistic approach” deb ataluvchi standartlarga tayanishar ekan, nomzodning har tomonlama mukammal ekanligiga urg’u berilgan.
Yechim: Quyidagi savollarga javob bering va qobiliyatlaringizni baholang.
Keyin qiziqishingiz doirasida:
- volontyorlik qiling;
- tajriba orttiring;
- kitoblar o’qing;
- online va offline kurslarga yoziling;
- loyihalarda ishtirok eting;
- olimpiadalarda g’olib bo’ling;
- tanlovlar, konferensiyalarga boring;
- almashinuv dasturlarida qatnashing;
- startuplar boshlang;
- ko’proq insonlar bilan aloqa o’rnating;
- ko’nikmalarngizni oshiring;
Muhimi universitet uchun emas, o’z hayotingiz va kelajagingiz uchun o’zligingizni tanib olishingiz kerak. Yo’qsa, universitetlardan rad javobi kelishi tayin.
3. Maqsadlaringiz mos emas.
Hech e’tibor berganmisiz, Garvardga kirgan talaba, Stendforddan rad javobi olgan bo’lishi mumkin. Axir, ariza deyarli bir xil to’ldirildi-ku, qandaydir xatolik ketgandir balki? Aslida esa hech qanday xatolik yo’q. Shunchaki, talabaning qiziqishlari yoki oldiga qo’ygan maqsadlari universitet o’ziga qo’ygan ustuvorliklari bilan mos kelmaydi. Garvard Xalqaro Biznes maktabiga talabalarni qabul qilish komissiyasi sobiq a’zosi, Chioma Isiadinso, o’zining “The Best Business Schools Admissions Secrets” kitobida shu masalaga yaxshi to’xtalib o’tgan. Uning fikricha, baholashning maxsus mezonlari mavjud bo’lib, bular aqliy salohiyat, liderlik va abituriyentni boshqalardan ajratib turadigan xususiyatlardir. Bu yerda umumiylik kuzatilsa ham, har bir universitet nomzodga turlicha yondashadi. Agar Garvard liderlikni ustun qo’ysa, Stendford xilma-xillikni afzal ko’radi.
Yechim: Siz universitetdan oladigan foydani emas, ularga bera oladigan qiymatingiz haqida o’ylab ko’ring.
4. Insho bilan bog’liq muammolar.
Odatda, ariza to’ldirish bo’limida siz insholar bo’limiga duch kelasiz. Ko’pgina dasturlarda sizdan o’zingiz haqingizda motivatsion xat yozishingiz, vaziyatga doir savollarga javob berishingiz yoki boshqa turdagi professional yozma ish taqdim etishingiz so’raladi. O’zbekistondagi oddiy maktablarda o’quvchilarga bu turdagi topshiriqlar berilmagani sababli, yoshlarning ko’pgina qiyinchilikka uchrashlari tabiiy hol, albatta. Umumiy holda, esselarda kuzatiladigan xatolar quyidagilarga borib taqaladi:
- imlo;
- yozish uslubi;
- punktuatsiya qoidalari;
- so’z chegarasi.
Mazmun va mohiyatga kelsak, ikkita faktor juda katta rol o’ynaydi.
- Birinchidan, inshodagi go’yalarning original va boshqalardan ko’chirilmaganligi;
- Ikkichidan, o’zidagi bor potensialni to’laqonli ochib berganligidir.
Insho qanday yozilishi borasida umumiy tushuncha hosil qilish uchun abituriyentlarga 50 Successful Harvard Application Essays kitobi tavsiya etilgan. Lekin ko’pchilik ulardagi fikrlar-u uslubni o’zlashtirishga harakat qilib, o’z g’oyalarini chetga surib qo’yadi. Ba’zan esa erinchoqlik sababli tayyor shablonlardan yoki zamonaviy texnologiya, ChatGPT dan foydalanish fikri ham kelishi mumkin. Natijada, siz “g’oliblik kaliti” ni izlab, qanday qilib mavzudan chetga chiqib ketganingizni sezmay qolasiz va rad javobi olishga o’zingiz zamin yaratasiz.
Yechim: Insho yozishdan maqsad o’zi nima edi? Insonning intellektual ko’nikmasi, uning emotsional holati va dunyoqarashi inshoda yaqqol o’rin topadi. Bor maqsadlaringiz va intilishingizni so’zlar bilan to’g’ri ifoda eta olsangiz, qabul jarayonidan muvaffaqiyatli o’tishingiz mumkin.
5. Mas’uliyat bilan yondashmaslik.
“Asosiysi kunlik jadvalingizdagi vazifalarni birinchi o’ringa qo’yish emas, balki ustuvor vazifalarni rejalashtirishdir.” — Stiven Kovi
Hamma ham orzu qiladi, lekin uni qanday amalga orishishni bilmaydi. Muvaffaqiyatsizlikning tub ildizi esa qimmatli vaqtni keraksiz ishlarga sarflashdadir. Bir yil muddat berilsa-da, hujjat topshirishni kechiktiradigan, zaruriy imtihonlarni topshirmaydigan yoki qiziqqan yo’nalishida hech bir loyihada qatnashmagan qanchadan-qancha abiturieyentlar bor. Soat kechki 12.00 gacha arizalarni yuklash imkoni bo’lsa, 23.59 gacha saytga termulib o’tirish sindromi har kimning ham boshidan o’tgandir. Kimdir orzusidagi universitetga kirish uchun butun vujudini bersa, boshqalarda “uyg’onish davri” faqatgina rad etilganlik haqidagi xatni ochganlarida boshlanadi.
Yechim: Nufuzli universitetlar talabasiga aylanishga minglab yoshlar harakat qiladi, demak o’z-o’zidan raqobat ko’rsatkichi ham yuqori. Agar siz bir kunda hamma narsaga ulguraman, deb o’ylasangiz adashasiz. Bir betlik ma’noli tuzilgan inshoga siz oylab ter to’kishingiz, test imtihonlariga tayyorlanishga o’rtacha bir yil sarflashingiz, umumiy hisobda 1–2 yil mobaynida kuch to’plashingizga to’g’ri keladi. Osonlikcha va darrov erishish haqidagi safsatani unuting, undan ko’ra diqqatingizni bir joyga jamlab, strategiya bilan ish ko’ring. Sizga Eyzenxauer matritsasi metodi ishlaringizni tartibga solishda yordam berishi mumkin.
Xulosa
Kelajakda orzungizdagi talabalik baxtini beradigan universitetlar ro’yxatini tuzing. Rad etilish qo’rquvi sizni olg’a maqsadlar qo’yishdan chalg’itishiga yo’l qo’ymang. Yuqoridagi sanab o’tilgan xatolarni tahlil qilib, o’zingizga rejalar tuzishingizni tavsiya qilamiz. Zero, har bir rad javobining ortida o’sish va rivojlanish uchun imkoniyat yashirin.