IELTS yoki TOEFL: qaysi biri yaxshiroq va qaysi biri osonroq?
Mundarija
- Umumiy ma’lumot;
- IELTS yoki TOEFL: asosiy farqlar;
- IELTS yoki TOEFL: Reading;
- IELTS yoki TOEFL: Listening;
- IELTS yoki TOEFL: Writing;
- IELTS yoki TOEFL: Speaking;
- IELTS yoki TOEFL: qayerlarda qabul qilinadi?;
- IELTS yoki TOEFL: qaysi biri osonroq?
Chet elda oʻqish yoki ishlash uchun ingliz tilida ona tili sifatida soʻzlashmaydigan davlatlar aholisidan IELTS yoki TOEFL kabi turli xil til bilish darajasini koʻrsatuvchi sertifikatlar soʻraladi. IELTS va TOEFL bu borada yagona variant emasligi hamda Duoliongo kabi boshqa koʻplab alternativ variantlar chiqayotganiga qaramay, bu ikki sertifikat chet elda oʻqish yoki ishlash uchun tan olinadigan eng asosiy hujjat boʻlib qolmoqda.
Koʻplab universitetlar ikkala sertifikatni ham birdek qabul qilgani sababli test topshiruvchilar qay birini tanlash borasida ikkilanishlari mumkin. Bundan tashqari ingliz tilini mustaqil oʻrganuvchilar oʻzlariga osonroq yoʻlni tanlashga ham harakat qiladi.
Ushbu maqolamizda IELTS hamda TOEFL sertifikatlarning oʻxshash va farqli tomonlari haqida gaplashamiz.
Umumiy maʼlumot
IELTS nima?
The International English Language Testing System (IELTS) ingliz tili bilimlarini tekshiruvchi xalqaro imtihon. IELTSning ikki xil turi mavjud: Academic IELTS va General IELTS. Academic IELTS chet elda oʻqishni istovchilar uchun boʻlsa, General IELTS chet elda yashash yoki ishlashni istovchilar uchun moʻljallangan. Taʼlim nuqʼtayi nazaridan olib qarganda, IELTS dunyo boʻylab koʻplab universitetlar tomonidan qabul qilinadi, jumladan Kanada, AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Angliya kabi. Umuman olganda, dunyoning 140 dan ortiq davlatlarida 10 000 dan ortiq OTMlar IELTS balini qabul qiladi.
IELTS test topshiruvchilarning bilimlarini 4 xil koʻnikma:
- Reading — Oʻqib tushunish;
- Listening — Tinglab tushunish;
- Writing — Yozish;
- Speaking — Gapirish koʻnikmalari asosida tekshiradi.
IELTSni ikki xil formatda: qogʻoz formati yoki online topshirish mumkin. Oʻzbekistonda ikki xil muassasa: British Council yoki IDP IELTS orqali topshiriladi.
Test topshirish jarayoni 3 soatdan kamroq vaqt davom etadi.
TOEFL nima?
Test of English as a Foreign Language (TOEFL) ham xalqaro miqyosda ingliz tili bilimlarini tekshiruvchi imtihon. TOEFLning bir nechta turlari mavjud:
- TOEFL Primary: Bu 8 yosh va undan katta yoshdagi oʻquvchilar uchun moʻljallangan.
- TOEFL Junior: Ushbu test 11 yosh va undan katta yoshdagi oʻquvchilar uchun moʻljallangan.
- TOEFL ITP: Ushbu test universitet darajasidagi talabalar uchun moʻljallangan.
- TOEFL iBT: Bu test oliy taʼlim olish uchun Universitetga oʻqishga kirmoqchi boʻlgan nomzodlarning ingliz tilini bilish darajasini oʻlchash uchun moʻljallangan. (iBT Internetga asoslangan testni anglatadi).
TOEFL 160 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, AQSH, Buyuk Britaniya hamda Yevropa va Osiyodagi 11500 dan ortiq universitet va boshqa taʼlim muassasalari tomonidan qabul qilinadi.
TOEFL ham test topshiruvchilarning bilimlarini 4 xil koʻnikma:
- Reading — Oʻqib tushunish;
- Listening — Tinglab tushunish;
- Writing — Yozish;
- Speaking — Gapirish koʻnikmalari asosida tekshiradi.
TOEFL haqida batafsil maʼlumotlarni ushbu maqoladan topishingiz mumkin.
Chet elda oʻqish uchun asosan IELTS Academic va TOEFL iBT soʻralgani uchun maqolamizning davomida aynan shular haqida gaplashamiz.
IELTS yoki TOEFL: asosiy farqlar
IELTS | TOEFL | |
---|---|---|
Narxi | $175 | $190 |
Davomiyligi | 2 soat 45 daqiqa | 3 soat |
Baholash | 1-9 | 0-120 |
Tekshiriluvchi ko’nikmalar |
|
|
Qo'shimcha | IELTS standartda talaffuz to’g’ri bo’lsa, aksentlarga e’tibor qilinmaydi. | TOEFL standart Amerika ingliz tilisida olinadi.
|
IELTS yoki TOEFL: Reading/Oʻqib tushinish boʻlimi
IELTS
Oʻqib tushunish boʻlimi 3 ta matnga boʻlingan, jami 40 ta savoldan iborat. Test topshiruvchi ushbu boʻlimni 60 daqiqada yakunlashi kerak. Test savollari koʻp variantli, maʼlumotlarni moslashtirish, javoblar toʻgʻri yoki xatoligini aniqlash kabi turli xil savol turlaridan iborat. Har bir matnga nechtadan savol toʻgʻri kelishi ham aniq belgilanmagan.
TOEFL
Oʻqib tushunish boʻlimi 3-4 matndan iborat. Matnlar taqqoslash, qarama-qarshilik, sabab-natija kabi turli xil shakllarda berilishi mumkin. Boʻlimni yakunlash uchun beriladigan vaqt 54 -72 daqiqa oraligʻida boʻlishi mumkin. Bu boʻlim 0 va 30 ball oraligʻida baholanadi. Ushbu havola orqali TOEFL reading testlarini mashq qilib koʻrish mumkin.
IELTS yoki TOEFL: Listening/Tinglab tushunish boʻlimi
IELTS
Tinglab tushinish bo’limida jami 40 ta savol 4 xil vazifaga bo’lingan bo’lib, topshiriqlarni yakunlashga 30 daqiqada vaqt beriladi. Test topshiruvchi faqat bir marotaba qo’yiladigan 4 xil audio yozuvlarni tinglaydi. Yozuvlar ingliz tili ona tili bo’lgan suxandonlar tomonidan turli xil aksentlarda yozib olingan bo’lishi mumkin. Ular har qanday mavzuda, suhbat, monolog yoki dialog shaklida aks etadi. Savollar ko’p variantli, xarita yoki diagramma belgilari, xulosani to’ldirish yoki qisqa javoblardan iborat bo’lishi mumkin.
TOEFL
Ushbu bo’lim 3 tadan 4 tagacha ma’ruzalardan iborat bo’lib, ba’zi ma’ruzalar muhokamalarni o’z ichiga olishi mumkin. Ma’ruza taxminan 3-5 daqiqa davom etadi va har birining oxirida siz 6 ta savolga javob berishingiz kerak. Bu qismga oddiy, kundalik hayotdagi suhbatlar ham kiradi. Siz har biri 3 daqiqadan iborat 2-3 ta suhbatni tinglaysiz. Bundan tashqari, har bir suhbat oxirida 5 ta savolga javob berishingiz kerak bo’lishi mumkin. Tinglash bo’limida ishlatiladigan aksent Shimoliy Amerikalik suxandonlarga tegishli bo’ladi.
IELTS yoki TOEFL: Writing/Yozish boʻlimi
IELTS
Yozish boʻlimi ikki qismdan iborat boʻlib, jami 60 daqiqa vaqt beriladi.
- Birinchi qism har xil turdagi vizual maʼlumotlar: grafiklar, diagrammalardan iborat. Test topshiruvchidan vizual maʼlumotni 150 ta soʻzdan kam boʻlmagan miqdorda matn shaklida yetkazib berish kutiladi.
- Ikkinchi qismda esa test topshiruvchi berilgan mavzuni 250 tadan kam boʻlmagan soʻzlar bilan insho tarizda yoritib berishi kerak.
TOEFL
Ushbu boʻlimda 2 xil vazifa beriladi:
- Birinchi vazifa siz oʻqigan va eshitgan maʼlumotlaringizga asoslangan boʻladi. Bu vazifa uchun sizga 20 daqiqa vaqt beriladi.
- Ikkinchi vazifa berilgan mavzuni oʻz fikriga asoslanib yoritishdan iborat. Vazifa uchun 30 daqiqa vaqt ajratiladi.
Boʻlim uchun umumiy 50 daqiqa vaqt beriladi. Baholash 0 dan 5 gacha oraliqda boʻlib, keyinchalik natija 0 dan 30 gacha boʻlgan baholash tizimiga oʻzgartiriladi.
IELTS yoki TOEFL: Speaking/Gapirish boʻlimi
IELTS
Speaking boʻlimi imtihon oluvchi bilan suhbat shaklida boʻlib, 11-14 daqiqa davom etadi. Boʻlim 3 ta topshiriqdan iborat:
- Birinchi qism odatda kirish suhbati boʻlib, unda imtihon oluvchi topshiruvchidan oʻzini tanishtirish kabi shaxsiy savollar soʻraydi. Suhbat taxminan 4-5 daqiqa davom etadi.
- Ikkinchi qismda test topshiruvchiga maʼlum bir mavzu yozilgan kartochka beriladi. Eslatmalar yozib olish uchun qogʻoz, tayyorlanish uchun 1 daqiqa, gapirish uchun 1-2 daqiqa vaqt beriladi. Nomzod gapirib boʻlgandan soʻng imtihon oluvchi gapirilgan maʼlumotlar asosida bir nechta savol berishi mumkin.
- Uchinchi qism ikkinchi qism bilan bogʻliq boʻlib, unda ikkinchi qismdagi mavzu muhokama qilinadi. Bu qism 4-5 daqiqa davom etishi mumkin.
TOEFL
Boʻlim 4 ta topshiriqdan iborat. Sizga tanish boʻlgan mavzu boʻyicha oʻz fikringizni bildirish uchun 1 ta mustaqil topshiriq beriladi, tayyorlanish uchun 30 soniya vaqt. Bundan tashqari sizga oʻqish va tinglashga asoslangan 3 ta topshiriq, tayyorgarlik uchun 1 daqiqa vaqt beriladi.
Boʻlim uchun ajratilgan umumiy vaqt — 17 daqiqa. Baholash 0 dan 4 gacha oraliqda boʻlib, keyinchalik natija 0 dan 30 gacha boʻlgan baholash tizimiga oʻzgartiriladi.
IELTS yoki TOEFL: qayerlarda qabul qilinadi?
IELTS
IELTS dunyo boʻylab koʻplab universitetlar tomonidan qabul qilinadi, jumladan Kanada, AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Angliya va boshqalar.
Umuman olganda, dunyoning 140 dan ortiq davlatlarida 10 000 dan ortiq institutlar IELTS balini qabul qiladi.
TOEFL
TOEFL 160 dan ortiq mamlakatlarda, jumladan Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, AQSH, Buyuk Britaniya hamda Yevropa va Osiyodagi 11500 dan ortiq universitet va boshqa taʼlim muassasalari tomonidan qabul qilinadi.
IELTS yoki TOEFL: qaysi bir osonroq?
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlar va farqlar ikki imtihondan qay birini tanlashigizda yordam berishiga umid qilamiz. “IELTS yoki TOEFL: qay biri osonroq?” savoliga javob, anglaganingizdek, subyektiv.
Aniq bir qarorga kelganingizda esa, toʻgʻri kurs tanlashingiz, reja asosida harakat qilishingiz kerak. Ammo til oʻrganishingizdan asosiy maqsad chet elda oʻqish boʻlsa, butun vaqtingizni sertifikat olishga sarflamaganingiz maʼqul. Zero, til sertifikati sizning chet elda oʻqish va grant yutishingizni taʼminlovchi yagona sabab emas. “Chet elda oʻqish uchun nima qilish kerak?” degan savolga esa boshqa bir maqolamizda alohida toʻxtalib oʻtamiz.
Ushbu postimiz sizga IELTS va TOEFL farqlari haqida aniqroq tasavvur hosil qilishda yordam berdi degan umiddamiz.
Agar maqola foydali boʻlgan boʻlsa, uni doʻstlaringiz bilan ulashishni unutmang!
©️ GrantGO saytida eʼlon qilingan har bir maqola jamoa mualliflik ishi hisoblanib, ulardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va koʻchirish mumkin emas!