Volontyorlik faoliyati va uning foydalari
Chet el grantlari komissiyalari nomzodlarning volontyorlik tajribasida alohida e'tibor berishadi. Sababi volontyorlik bilan shug'ullanish inson, ayniqsa yoshlar hayotida juda foydali va qimmatli tajriba bo'lishi aniq. Bugungi blog postimizda Sizlar bilan volontyorlik nimaligi, uning turlari hamda volontyorlik faoliyati bilan shug'ullanish yoshlar uchun qanday foydali bo'lishi haqida gaplashib o'tmoqchimiz.
Volontyorlik o'zi nima?
Hozirgi paytda volontyorlik nimaligini ko'pchilik yaxshi tushunsada, unga qisqacha ta'rif berib o'tmoqchiman.
Volontyorlik (faoliyati) - bu biror inson o'z xohishi bilan vaqti va mehnatini qandaydir jamoat ishiga, ko'p hollarda hech moddiy foydasiz yordam berishi. Ya'ni volontyorlik faoliyati bilan shug'ullanishda Siz ko'ngilli ravishda o'z vaqtingiz va kuchingizni qandaydir ijtimoiy ishlarni amalga oshirishga sarflaysiz.
Volontyorlik qanday qilib foydali bo'lishi mumkin?
Bunday faoliyatning jamiyat uchun qay darajada foydali bo'lishi haqida ko'p gapirish shart emas, albatta. Ko'ngillilar juda katta kuch va energiya hisoblanadi va to'g'ri tashkil qilinganda jamiyat uchun katta foyda keltirishini tushunish unchalik qiyin emas. Shuning uchun ko'proq volontyorlik u bilan shug'ullanuvchi odamga qanday foydalar keltirishi haqida aytib o'tmoqchimiz.
1. Qimmatli ish tajribasi va kerakli ko'nikmalar
Volontyorlik faoliyati bilan shug'ullanuvchilarning katta qismini yoshlar, asosan, universitet va kollej talabalari tashkil etadi. Ular volontyorlik yo'nalishlarini tanlashda o'z sohalariga yaqin yoki kelajakdagi rejalari bilan bog'liq yo'nalishlarni tanlashga e'tibor berishi mumkin. Albatta, keyinchalik bunday faoliyat ularda kerakli ko'nikmalarni rivojlantirishda yordam beradi. Hattoki, faoliyat turi ko'ngilli mutaxassisligi bilan bog'liq bo'lmagan taqdirda ham unda liderlik, muloqot qilish, ochiq fikrlash kabi har qanday soha uchun kerakli ko'nikmalarni hosil qilishga zamin yaratadi.
Chet ellarda, ish beruvchilar xodimlarni ishga olishda ularning oldingi volontyorlik faoliyatiga alohida e'tibor berib, yuqori baho beradilar. Statistik ma'lumotlarga ko'ra 51% bitiruvchilar ish o'rniga ega bo'lishda volontyorlik faoliyati ularga katta yordam berganini ta'kidlashgan ekan.
2. Yangi tanish va do'stlar orttirish
Ko'ngilli bo'lib ishlashda, ko'pincha, boshqa ko'plab ko'ngillilardan tashkil topgan jamoalar ichida bo'linadi. Buning ustiga faoliyat boshqa ko'plab odamlar bilan muloqot qilishni ham o'z ichiga oladi. Ko'p hollarda ko'ngillilar jamoalarini san'at, hukumat va din vakillari qo'llab turishadi. Bular esa o'z navbatida volontyorlik bilan shug'ullanayotgan odamga ko'plab tanishlar va do'stlar orttirish imkonini beradi. Eng yaxshi taraflardan biri bu do'stlar turli xil soha, faoliyat, millat vakillari hattoki, boshqa yurt fuqarolari ham bo'lishi mumkin. Natijada, uzoq yillik ko'ngillilarning, deyarli har bir sohada tanish va do'stlari bo'ladi.
3. Yangi sohalarda o'zini sinab ko'rish va yangi qirralarni ochish
Yuqorida aytib o'tganimizdek, volontyorlik bilan shug'ullanuvchi odamga faqatgina o'z sohasida ishlash cheklovi qo'yilmaydi. Bu esa unga boshqa sohalarda o'zini sinab ko'rishi va o'zidagi yangi qirralar va qiziqishlarni ochish imkonini beradi.
Misol uchun texnik sohada o'quvchi talaba o'zini bolalarga dars o'tishda yoki meditsina talabasi hayvonlarga yordam berish dasturlarida sinab ko'rish orqali o'zlari uchun bu sohalarni kashf qilishi va keyinchalik, hattoki, shu sohaning o'z karyeralarining bir qismiga aylantirish holatlari ham uchrab turadi.
4. Dunyo kezish va sayohat qilish imkoni
Volontyorlik faqat lokal miqyosda bo'lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, UNICEF va shu kabi ko'plab xalqaro tashkilotlar dunyoning turli nuqtalaridagi odamlar boshqa qit'a va davlatlarda ko'ngilli bo'lib faoliyat yuritish imkoniyatlarini taklif etishadi. Bunday hollarda bu faoliyat uchun katta miqdorda pul to'lanmasa ham, ko'ngilli bo'lish istagini bildirganlar yashash va transport xarajatlari qoplab berilishi mumkin. Albatta, bu volontyorlarga dunyoning boshqa mamlakatlariga sayohat qilish va dunyo kezish imkoniyatini beradi.
5. Eng muhimi: o'z ishidan qoniqish va ishonch hissi
Volontyorlik bilan shug'ullanishning ba'zi bir qoidalari
Ko'ngilli bo'lishning juda ham ko'plab foydali jihatlari bo'lgani bilan u bilan shug'ullanishga qaror qilishdan oldin ba'zi bir narsalarni bilish va esdan chiqarmaslik kerak.
Volontyorlik bilan shug'ullanuvchi insonlardan volontyorlikdan oladigan foydalari haqida so'ralganda ularning ko'pchiligi bu ishlarni qilish orqali o'z hayotlarida qandaydir foydali ish qilishayotganini his qilishlari va bu orqali o'zlariga bo'lgan ishonch va oldinga intilish energiyasi oshishini aytishadi.
Volontyorlik faoliyati insonga oldingilarga o'xshamagan kuchli ishonch va shukronalik hissini taqdim etadi. Ba'zi hollarda volontyorlik faoliyati insonning hayotdagi yashash maqsadini anglashga va keyingi rejalarini aniqlashtirish imkonini ham berishi mumkin.
- Volontyorlik to'liq ko'ngilli va ixtiyoriy tarzda amalga oshishi kerak. Kimning majburlashi yoki undovi bilan bu ish bilan shug'ullanish foydasi bo'lishi juda ham qiyin
- Ko'ngilli bo'lish faqatgina bo'sh vaqtda amalga oshishi shart. Bu ish bilan shug'ullanish tufayli oila, ish yoki o'qishga ketishi kerak bo'lgan vaqtni qurbon qilish noto'g'ri. Volontyorlik faoliyati hech qachon shaxsiy hayotda muammolarni keltirib chiqarmasligi kerak
- Bu ish bilan shug'ullanishdan oldin bunga odam bunga tayyor ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak. Sababi aksariyat volontyorlik faoliyati imkoniyati cheklangan odamlar va bolalar, og'ir kasallik bilan og'riyotgan insonlar va yolg'iz yoshi katta odamlar bilan muloqotda bo'lishni talab qiladi. Volontyor bunga ruhan tayyor bo'lishi va ularning oldida o'zini yo'qotib qo'ymasligi kerak. Agar ikkilanish mavjud bo'lsa, yengilroq faoliyatdan boshlagan ma'qul
- Ixtiyoriy lekin javobgarlik yo'q emas. Volontyorlik ixtiyoriy degani unga nisbatan yengil qarash mumkin degani emas. Volontyor o'z ishiga mas'uliyat bilan yondoshishi, tayinlagan vazifasini oxirgacha bajarishi va kutilmagan holatlarda doimiy qolganlarni ogohlantirishi kerak bo'ladi.
- Volontyorlar - bu tekin ishchi kuchi emas, balki katta energiya manbai. Bu narsa ko'pincha tashkilotchilar va chetdan qarovchi odamlarga tegishli. Ya'ni volontyorlar guruhiga tekin ishchi kuchi sifatida qarash juda katta xato. Aksincha, ularning qiziqishlarini tushungan va yo'lga sola olgan holdagina bu katta energiyani jamiyat uchun ham volontyorlar uchun ham foydali narsaga aylantirish mumkin.
Volontyorlik faoliyati bilan shug'ullanish istagi tug'ilganlar bilan maqolamizning keyingi qismida O'zbekistondagi volontyorlik faoliyati va bizda oddiy talaba yoki o'quvchi qanday qilib ko'ngilli bo'lishi mumkinligi haqida so'zlashamiz.
Musayev blogidan GrantGO uchun maxsus tayyorlandi.