Chet elda o'qishning afzalliklari va kamchiliklari
Mundarija
- Chet elda oʻqishing afzalliklari:
- Xalqaro darajadagi sifatli taʼlim;
- Til darajangizni oshirish;
- Mustaqil boʻlish va oʻzingizga boʻlgan ishonchni orttirish;
- Yangi odamlar bilan tanishish;
- Kengroq va yaxshiroq karyera imkoniyatlari.
- Xorijda oʻqishning ehtimoliy kamchiliklari:
- Doʻstlaringiz va oilangizdan uzoqda boʻlish;
- Doimiy moliyaviy stress;
- Madaniyatlardagi qarama-qarshiliklar — doimiy “begona” his qilish;
- Yolgʻiz paytda kasal boʻlish va qimmat tibbiy koʻrik va muolajalar;
- Yurtga qaytgandan keyin sodir boʻladigan “reverse culture shock”.
Chet elda oʻqish talaba uchun xalqaro sifatdagi taʼlim olish, tajriba orttirish, turli mamlakat va xalqlar madaniyati bilan tanishish va albatta unutilmas tajriba orttirish imkoniyatlarni taqdim etishi shubhasiz. Biroq, har qanday muhim hayotiy qaror singari, chet elda oʻqishdan oldin uning qanday afzalliklari va kamchiliklari borligini hisobga olish muhim hisoblanadi. Shu sababli ushbu blog postimizda siz qadrli oʻquvchilarga chet elda oʻqishning 5 ta afzalliklari va qiyinchiliklari haqida aytib oʻtmoqchimiz.
Chet elda oʻqishning afzalliklari
1. Xalqaro darajadagi sifatli taʼlim.
Qayerda oʻqishga qaror qilishingizda eng muhim omil u yerdagi taʼlim tizimi va sifati boʻlishi shubhasiz. Chet elda oʻqish esa sizga oʻzingiz kutgan va xalqaro sifat darajasiga javob bera oladigan taʼlimni taqdim etishi mumkin.
Albatta, turli davlatlarda taʼlim darajalari turlicha va barcha kabi siz ham bu borada eng top davlatlarda oʻqishni xohlashingiz shubhasiz. Ammo juda koʻp rivojlangan davlatlardagi universitetlar taʼlim tizimi, ular top 300 yoki 500 talik universitetlar orasida boʻlmasa ham sizga xalqaro darajadagi sifatni taqdim eta olish imkoniyatiga ega boʻladi.
2. Til darajangizni oshirish.
Istalgan yangi tilni oʻrganishda turlicha usullarni sinab koʻrishingiz mumkin. Masalan, ingliz tilini oʻrganish uchun turli xil foydali ilovalardan yoki rus tilini oʻrganishda mustaqil internetdagi manbalardan foydalanishingiz mumkin.
Ammo barchamizga maʼlumki, til oʻrganishda eng samarali va tezkor usul — bu oʻsha til muhiti ichida boʻlish va “native speaker”lar bilan muloqot qilish hisoblanadi. Oʻrganayotgan tilingizda gaplashadigan davlatda oʻqish esa sizga bu tilni bir necha oylar ichida yuqori darajada egallash imkoniyatini beradi. U yerdagi mahalliy aholi bilan suhbatlashish — soʻz boyligingizni yaxshilash va yangi mamlakatdagi odamlar kundalik muloqotda qanday soʻz va jumlalardan foydalanishini oʻrganishning eng ajoyib usuli.
Koʻpgina xalqaro oʻquv dasturlariga qabul qilinish uchun sizga kuchli ingliz tili koʻnikmalari va IELTS va TOEFL kabi sertifikatlar (1.6) kerak boʻlishi mumkin. Biroq dastur davomida ingliz tilida boʻluvchi maʼruzalarga qatnashish, vazifalar tayyorlash va taqdimotlar qilish sizning til koʻnikmalaringizni yanada yaxshilashga yordam beradi.
Til koʻnikmalaringizni oshirish nafaqat chet elda oʻqish vaqtidan unumli foydalanishga yordam beradi, balki sizning CVyingizda muhim oʻringa ega boʻladi va kelajakdagi kasbingizda ham doimiy yordam berib boradi.
3. Mustaqil bo’lish va o’zingizga bo’lgan ishonchni orttirish.
Chet elda oʻqishning boshqa koʻplab sabablaridan tashqari bu narsa sizga mustaqil boʻlishni oʻrganish va oʻzingizga boʻlgan ishonchni orttirishda juda katta yordam berishi mumkin. Albatta, bu jarayon oson boʻlmaydi va madaniyatlar qarama-qarshiliklari kabi turli qiyinchiliklarga uchrashingiz ehtimoli yoʻq emas. Lekin bu qiyinchiliklarni yengib oʻtish orqali siz asta-sekin hayotda mustaqil qadam tashlashni oʻrganasiz va bu oʻz navbatida sizning ishonch darajangizni ortishiga yordam beradi.
Masalan, chet elga oʻqishga kirgandan keyin sizning oldingizda viza olish, sugʻurta rasmiylashtirish, safar uchun chipta sotib olish, oʻsha yerga yetib bormasdan turib turar joy masalasini hal qilish, safar oldi chetda oʻqish uchun kerakli narsalarni yigʻish va albatta u yerga yetib borgandan keyingi turli xil talab etilgan rasmiy va norasmiy jarayonlardan oʻtish talab etiladi. Bularning barchasini mustaqil bajarish esa sizga yakunda juda katta tajriba boʻlib xizmat qiladi.
4. Yangi odamlar bilan tanishish.
Xorij mamlakatida oʻqish yangi va turli xil odamlar bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyat. U yerda siz turli mamlakatlardan kelgan hamfikr va umumiy qiziqishlarga ega talabalarni uchratasiz. Bu esa, oʻz navbatida, xalqaro hamdoʻstlik aloqalarini rivojlanishida katta yordam beradi. Hattoki, qadriyat va qarashlaringiz mos kelmaydigan odamlarni uchratsangiz ham, bu sizga ochiq yoki tanqidiy fikrlash qobiliyatlaringizni oʻstirishda katta yordam beradi.
Eng muhimi bu jarayon davomida sizning dunyoqarashingiz kengayib boradi va kelajakda sizga yangi loyihalar uchun ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi. Atrofingizdagi odamlardan oʻrganishdan tashqari siz ham ularga vataningiz va madaniyatingiz haqida ham aytib berishingiz mumkin boʻladi.
5. Kengroq va yaxshiroq karyera imkoniyatlari.
Chet elda va xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinda turuvchi universitetda oʻqish, shubhasiz, sizga karyera borasida kengroq va yaxshiroq imkoniyatlarni taqdim etadi. Albatta, faqat diplom bilan, u hattoki top 100 talik universitetniki boʻlsa ham, sizni hech kim ishga olmasa ham, xorijdagi muhit sizga yaxshi ish topish ehtimolini oshiruvchi qobiliyatlarni oʻrganishingizga katta yordam beradi.
Oʻqishni bitirgandan keyin bir muddat boʻlsa ham oʻsha yerda ishlash orqali esa siz dunyo tajribasini oʻrganish va moliyaviy holatingizni yaxshilab olishingiz mumkin.
Xorijda oʻqishning ehtimoliy kamchiliklari
Har bir imkoniyatning oʻziga yarasha toʻlovi va kamchiliklari boʻlgani kabi chet elda oʻqish ham bu jihatlardan holi emas. Shu sababli sizga chet elda xorijiy talaba sifatida duch kelishingiz mumkin boʻlgan 5 ta kamchilik va qiyinchilik haqida aytib oʻtmoqchimiz.
1. Doʻstlaringiz va oilangizdan uzoqda boʻlish.
Chet elda oʻqish sizga mustaqil boʻlishda yordam berish bilan bir qatorda, siz bilan uzoq vaqtdan beri bilan birga boʻlgan doʻstlaringiz va albatta oilangizdan uzoqda boʻlishga majbur qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, boshqa qiyinchilik va juda katta miqdordagi yangiliklar bilan qoʻshilib sizni dastlabki oylarda uyni qattiq sogʻinishingizga sabab boʻlishi mumkin.
Albatta, bunday holatda siz ruhiy sogʻligʻingiz haqida qattiq qaygʻurishingiz va mahalliy muhit hamda yangi odamlarga tezroq moslashib ketishga harakat qilishingiz kerak.
2. Doimiy moliyaviy stress.
Xorijda oʻqish koʻpincha katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Oʻquv toʻlovlari, turar joy, yashash xarajatlari va sayohat nafaqat xorijlik talabalarga, balki mahalliy aholining oʻziga ham qiyinchilik tugʻdiradi. Ayniqsa rivojlanayotgan davlatlardan talabalar rivojlangan davlatlarga borib oʻqigan paytda bu narsa juda qattiq sezilishi aniq.
Doimiy moliyaviy stressda boʻlishni va ish va oʻqish bilan “koʻmilib” qolmaslikni oldini olish uchun turli xil grantlarga harakat qilib koʻrishingiz mumkin. Toʻliq qoplanuvchi davlat grantlariga raqobat juda yuqori boʻlgani bilan, siz universitetlar grantlariga harakat qilishingiz mumkin. Bu kabi grantlar sizga xarajatlarni toʻliq qoplashda yoki yuqorida eslab oʻtilgan stressni kamaytirishda katta yordam beradi.
3. Madaniyatlardagi qarama-qarshiliklar — doimiy “begona” his qilish.
Borgan joyingizda yangi madaniyatga moslashish bir vaqtning oʻzida ham hayajonli, ham stressli boʻlishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, chetga koʻchishdagi eng mashhur boʻlgan qiyinchiliklardan boʻlgan madaniy zarbani (culture shock) keltirib chiqarishi mumkin.
Agar bunday madaniy qarama-qarshiliklarga tez moslashib keta olmasangiz, sekin-asta odamlardan ajralib qolishingiz va doimiy tarzda oʻzingizni bu muhitga nisbatan begona his qilishingiz mumkin. Buning oldini olish uchun esa oldindan bunday qarshiliklar haqida tushunchaga ega boʻlish va ularga tayyorgarlik koʻrish talab etiladi.
4. Yolgʻiz paytda kasal boʻlish hamda qimmat tibbiy koʻrik va muolajalar.
Begona yurtlarda yolgʻiz yurgan paytda eng yoqimsiz holatlardan biri — bu betob boʻlib qolish, deyish mumkin. Bu holatda sizning atrofingizda siz haqingizda gʻamxoʻrlik qiladigan odam boʻlmasligi va tibbiy muolajalar nisbatan ancha qimmat ekani vaziyatni yana ham qiyinlashtirishi ehtimoldan holi emas.
Bu kabi yoqimsiz holatni oldini olishda birinchi navbatda oʻsha davlat oʻzidan tibbiy sugʻurta sotib olish katta yordam beradi. Tibbiy sugʻurta sizning muolaja xarajatlaringizni toʻliq yoki katta qismini qoplab beradi. Bundan tashqari, albatta vaziyatingiz haqida kimga xabar berishingiz mumkin ekanini bilishingiz kerak. Koʻplab universitetlarda talabalarga bu kabi vaziyatlarda yordam berish uchun alohida markazlar faoliyat koʻrsatadi.
5. Yurtga qaytgandan keyin sodir boʻladigan “reverse culture shock”.
Va nihoyat, chet elda oʻqish potensial salbiy tomonlari faqat u yerdagi vaqt bilan cheklanib qolmasligini aytishimiz kerak. Uzoq vaqt boshqa yurtda yurib, u yerdagi madaniyatga ancha koʻnikib, oʻzingizni endi qulay his qilayotgan vaqtda uyga qaytishga toʻgʻri kelib qolishi va bu narsa aks madaniy zarba (reverse culture shock) keltirib chiqarishi mumkin. Yaʼni siz uchun endi oʻz yurtingizdagi muhit, odamlar va boʻlayotgan voqealarga koʻnikish muammo keltirib chiqarishi ehtimoli bor.
Albatta, bu vaziyatda ham ilk “culture shock” vaqtida qilingan ishlarni qayta qilish tavsiya etiladi. Iloji boricha oʻzingizni odamlardan izolyatsiyalab qoʻymasdan, vaziyatni boricha qabul qilgan holda hayotni davom ettirishingiz kerak.
Umid qilamizki, ushbu postimizdagi maʼlumotlardan keyin sizda chetda oʻqishning ijobiy va ehtimoliy salbiy tomonlari haqida aniqroq tushuncha paydo boʻldi.
Agar maqola foydali boʻlgan boʻlsa, uni doʻstlaringiz bilan ulashishni ham unutmang!
©️ GrantGO saytida eʼlon qilingan har bir maqola jamoa mualliflik ishi hisoblanib, ulardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va koʻchirish mumkin emas!