Qanday qilib oila a'zolarini chetda o’qish uchun ko’ndirish mumkin?

Mundarija:

  • Maqsadingizni aniqlashtiring;
  • Suhbatga tayyorgarlik;
  • Ota-onangiz bilan ochiq suhbat;
  • Yechim topish;
  • Hamkor topish;
  • Manfaatdan gapiring;
  • Umumiy xavotirlar va taxminiy yechimlar;
  • Xulosa.

Rasm manbasi

Chet elda o'qish shaxsiy o'sish, akademik yetuklik va madaniy izlanishlar uchun noyob imkoniyatlarni yaratuvchi, hayotni o'zgartiruvchi tajriba bo'lishi mumkin. Chet elda o'qishning afzalliklari va kamchiliklari haqida ushbu maqolamiz orqali batafsil ma’lumotga ega bo’lishingiz mumkin. Biroq ba’zi ota-onalar bu borada farzandlari bilan hamfikr bo’lmasligi, chet elda o’qish haqidagi qarorini qo’llab-quvvatlamasligi mumkin. Ushbu maqolamizda ota-onani ko’ndirish usullari, ularning qarshiligiga sabab bo’ladigan umumiy xavotirlar va ularni qanday bartaraf etish mumkinligi haqida gaplashamiz!

Maqsadingizni aniqlashtirib oling

Avvalambor, o'zingiz nima xohlayotganingizni, nimaga xohlayotganingizni aniqlashtiring. Nima uchun u soha? Nima uchun u davlat? O'zimizda o'qib qo'ysangiz bo'lmaydimi? shu kabi savollarga aniq javob toping. Shunchaki "bolalikdagi orzuyim" deyish yaramaydi. Ota-onangizni ko'ndirish jarayoniga o’qishga kirish bosqichining eng oxirgi va eng qiyin intervyusi deb qarash mumkin.

Suhbatga tayyorgarlik

Ota-onangiz nima uchun sizni chet elda o'qishingizga qarshi bo'lishi mumkin ekanini o'zingiz yaxshilab o'ylang. Qanday xavotir va xavflar bor? Barchasini yozib chiqing. Chetda o'qiyotganlardan ham bu haqida so'rang.

Ota-onangiz bilan ochiq suhbat

Ota-onangiz nimadan xavotir olayotgani haqida ochiq suhbat quring. Fikr bildirishga shoshilmang. Shunchaki eshiting. Ular aytmagan xavotirli holatlarni ham o'zingiz ularga ayting. Va hech qanday qo'shimcha qarshiliklarsiz, xavotirlariga javob topishga harakat qilishingizni aytib suhbatni yakunlang.

Yechim topish

Bu eng muhim bosqich. Yuqoridagi xavotirlarni bartaraf etish uchun sizda yechim bormi? Shu holatlar rostdan sodir bo’lsa nima qilishni aniq bilasizmi? Bunga o’zingiz ruhan tayyormisiz? O'zingiz topgan va ota-onangiz aytgan barcha xavotirlarni bartaraf etish yo’llarini izlang.

Hamkor topish

Oila a'zolaringiz yoki yaqin qarindoshlaringiz ichidan sizni qo'llab-quvvatlashi mumkin bo’lgan odam toping. Avvalambor u bilan gaplashib ko'ring. Ota-onangizni ko’ndirishda sizning tarafingizni oladigan odam bo’lishi yaxshi, agar ushbu hamkoringiz o’qimishli, ota-onangizning hurmatiga ega bo’lsa, bu undan ham yaxshi.

Chet elda o'qish orqali nafaqat siz, balki oilangiz ham oladigan manfaatlarini bayon qiling

Istalgan odamni nimagadir ko'ndirish yoki ishontirishning eng sinalgan usuli – bu birinchi navbatda aynan o'sha odam ushbu ish sodir bo'lishidan qanday foyda olishini gapirish hisoblanadi. Shu sababli chet elda o'qishingizdan faqat o'zingiz emas, oila a'zolaringiz, xususan ota-onangiz ham qanday manfaatdor bo'lishi, vaziyat qanday yaxshilinashi haqida o'ylab ko'ring va ularga shu narsalarni tushuntirishga ham harakat qiling. Bunda sizga ustoz Aziz Rahimov tomonidan tayyorlangan quyidagi video ham yordam beradi degan umiddamiz. 

Video manbasi

Umumiy xavotirlar va taxminiy yechimlar

Eslatma: quyida keltirilgan xavotirlar ham yechimlar ham ehtimoliydir. Chunki har bir inson, har bir oila o’ziga xosliklarga ega, kim uchundir ish bergan usullar boshqa birovga ish bermasligi mumkin.

Xavfsizlik

Ota-onalar o'z farzandlarining xavfsizligi haqida tashvishlanishlari - tabiiy hol. Ular begona davlatning jinoyatchilik darajasi, siyosiy barqarorligi yoki farzandlarining dunyoqarashiga ta'sir qilishi mumkin bo'lgan madaniy farqlar haqida tashvishlanishlari mumkin.

Rasm manbasi

Rasm manbasi

Yechim: Avvalo o’z xavfsizlik nuqtayi nazaringizdan va ota-onangiz xotirjamligi uchun o’qish uchun davlat tanlayotganda nisbatan jinoyatchilik darajasi past, siyosiy barqarorlikka ega bo’lgan davlat tanlang. Ushbu davlatda favqulodda vaziyatlarda nima qilish mumkinligini aniqlang. Bu ma’lumotlarni ota-onangiz bilan bo’lishing. Bu ularning xavfsizligingiz borasidagi xavotirlarini bartaraf etishga yordam beradi. Ushbu davlatning madaniyati, uning ijobiy tomonlari, o’z madaniyatingiz bilan o’xshash tomonlari haqida o’rganing va bular haqida ota-onangizni ham xabardor qiling. Bu esa ularning begona madaniyatning dunyoqarashingizga bo’lgan ta’siri borasidagi xavotirlarni kamaytirishga yordam beradi.

Moliyaviy masalalar

Chet elda o'qish qimmat bo'lishi mumkin va ba'zi ota-onalar xalqaro o'qish bilan bog'liq qo'shimcha xarajatlar, jumladan, o'qish to'lovlari, yashash xarajatlari, sayohat va sog'liqni saqlash xizmatlaridan xavotirda bo'lishi mumkin.

Rasm manbasi

Rasm manbasi

Yechim: Bu muammoga eng maqbul yechimlardan biri - grant yutish. Bugungi kunda har bir ta’lim sohasida turli xil xalqaro va davlat grantlari mavjud. Bu sizga o’qish pulining to’liq yoki qisman qoplanishi, stipendiya olish kabi afzalliklar bilan birga ota-onangizning sizga va maqsadingiz jiddiyligiga bo’lgan ishonchining ortishiga sabab bo’ladi. Agar zarurat tug’ilsa, yaqinlaringiz yoki qarindoshlaringiz orasida sizga homiylik qila oladigan odam topishingiz ham mumkin. Vaqt topib o’qishga tayyorlanish jarayoniga ta’sir qilmagan holatda ishlab mablag’ to’plab qo’ysangiz ham nur ustiga a’lo nur bo’ladi. Bundan tashqari, chet elda ham ko’pgina holatlarda talabalar o’qishdan tashqari vaqtlarda yoki hafta oxirida qo’shimcha ishlash imkoniga ham ega bo’ladilar.

Akademik tashvishlar

Ota-onalar farzandi chet elda oladigan ta'lim sifati va bu ta'lim o'z mamlakatidagi muassasalar bilan teng bo'lishi yoki ular tomonidan tan olinishi haqida tashvishlanishlari mumkin.

Rasm manbasi

Rasm manbasi

Yechim: Bu muammoga yechim sifatida ota-onangizga tanlagan davlatingiz ta’limi tizimi afzalliklari, tanlagan ta’lim muassasangizning darajasi, u yerni tugatgan talabalarning yutuqlari haqida ma’lumotlar berishingiz mumkin. Agar yurtdoshlaringiz orasida ushbu davlatda o’qigan yoki o’qiyotgan talabalar bo’lsa, ular haqida ota-onangizga aytishingiz, imkoni bo’lsa ular bilan (video qo’ng’iroq orqali bo’lsa ham) suhbat uyushtirishingiz mumkin.

Masofa

Ota-onalar farzandini shunchaki sog'inib, uzoq vaqt davomida ulardan uzoqda qolishdan tashvishlanishlari mumkin. Bu, ayniqsa, oiladagi yagona yoki eng katta farzand bilan sodir bo’lishi mumkin. Umuman olganda, ota-onalarning bu tashvishi farzandiga nimadir sodir bo’lgan vaqtda ularning yonida bo’lolmasliklari, yordam berolmasliklari haqidagi xavotirdan kelib chiqishi mumkin.

Rasm manbasi

Rasm manbasi

Yechim: Yuqoridagi xavfsizlik borasidagi xavotirlarga barham berish bu muammoga ham qisman yechim bo’la oladi. Eng asosiy masalalardan biri esa ota-onangiz sizning mustaqil hayot kechira olishingizga ishonch hosil qilishlari kerak. Bu ishonchga esa siz turli xil yutuqlaringiz, mas’uliyatli bo’lishingiz, kundalik hayotda o’zingizni tutishingiz: ertalab vaqtida turish, vaqtida ovqatlanish va shu kabilar orqali erishishingiz mumkin. Va albatta chetda o'qish motivlaringiz va u sizga qanday ijobiy ta'sir qilishini, ikki, uch yoki to’rt yilgina uydan uzoqda bo’lish evaziga qo’lga kiritadigan imkoniyatlaringizni ota-onangizga tushuntirishingiz bu muammoga yechim bo’lishi mumkin. Shuningdek, har yili dam olishda uyga qaytish va doimiy tarzda ota-onangiz bilan telefon orqali qaplashib turishingizni aytib o’tishni ham unutmang.

Mavhumlik

Ba'zi ota-onalar chet elda o'qish bo'yicha ma’lumotga ega bo'lmasliklari mumkin. Ular noto'g'ri tushunchalar yoki tajribalar haqida cheklangan bilimga asoslangan tashvish yoki qo'rquvga ega bo'lishlari mumkin.

Rasm manbasi

Rasm manbasi

Yechim: Ota-onangiz bilan ochiq suhbatlar qurishingiz va suhbatlarda faqat ular aytgan xavotirlar emas, balki o’zingiz topgan, yuqorida keltirib o’tilgan xavotirlarni ham muhokama qilishingiz va ularga yechim berishingiz ota-onangizning mavhumlik asosidagi xavotirlarini bartaraf etishga yordam berishi mumkin.

Xulosa

Har qanday holatda ham, ota-onangiz chet elda o’qish qaroringizni qo’llasa ham, qo’llamasa ham ulardan ranjimang! Ular sizga doimo yaxshilikni ravo ko’rishadi, sizga qulaylik yaratishni, doimo yonlarida bo’lib sog’-salomat yurishingizni istashadi. Yuqorida ta’kidlanganidek, ota-onangizni ko’ndirish uchun ularga maqsadingiz jiddiyligini, o’zingizni eplab keta olishingizni isbotlang. Communication is a key, ya’ni muloqot bu - yechim deganlaridek, ota-onangizni ko’ndirishda qarshiliklar, ranjishlarsiz, ochiq suhbat, murosa yo’lidan foydalaning!

Agar maqola foydali bo’lgan bo’lsa, uni do’stlaringiz bilan ulashishni ham unutmang!

©️ GrantGO saytida e’lon qilingan har bir maqola jamoa mualliflik ishi hisoblanib, ulardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va ko’chirish mumkin emas!

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar