Chet elda oʻqish uchun davlat grantlari

Mundarija:

  • AQSh davlat grantlari;
  • Buyuk Britaniya davlat grantlari;
  • Yevropa davlatlari grantlari;
  • Osiyo davlatlari grantlari.

Rasm manbasi

Chet elda ta’lim olish ko‘plab talabalarning orzusidir. Biroq chet elda oʻqish bilan birga vujudga keladigan moliyaviy qiyinchiliklar bu yoʻlda toʻsiq boʻlishi mumkin. Bu muammoga yechim sifatida koʻplab davlatlar tomonidan iqtidorli talabalarning xalqaro universitetlarda taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilgan grantlarni misol qilib keltirish mumkin. Avvalgi sondagi maqolamizda chet elda oʻqish uchun grantlar, ularning turlari va talablari haqida ma’lumot bergan boʻlsak, ushbu maqolamizda chet elda oʻqish uchun bir qancha nufuzli davlat grantlari va ularning afzalliklari haqida ma’lumot beramiz.

 

AQSh davlat grantlari

Rasm manbasi

  • Fulbrayt xalqaro talabalar dasturi: Fulbrayt dasturi dunyoning 155 mamlakatidan kelgan va AQShda magistratura yoki PhD (doktorlik) darajasini olishni xohlovchi xalqaro talabalar uchun toʻliq moliyalashtiruvchi grant hisoblanadi. Grant oʻquv toʻlovi, darsliklar, aviachiptalar, yashash uchun stipendiya va tibbiy sugʻurtani o'z ichiga oladi. Har yili taxminan 1 800 talabaga grant ajratiladi.
  • Global UGRAD xalqaro talabalar almashinuvi dasturi: AQSh Davlat departamenti Taʼlim va madaniyat masalalari byurosining Yevrosiyo va Markaziy Osiyodagi Talabalar almashish bo‘yicha global dasturi koʻplab davlatlar, shu jumladan O‘zbekistonda bakalavriat bosqichining 1-, 2-, 3- kurs talabalari uchun AQShda bir semestr to‘liq, hech qanday ilmiy daraja berilmaydigan o‘qish imkoniyatini taklif qiladi. Barcha talabalar bir semestr davomida to‘rt yillik universitet va kollejlarda o‘qiydilar va kampus turar-joylarida (yotoqxonalar) yashaydilar.
  • FLEX (Kelajak Liderlari Almashinuv Dasturi): FLEX dasturi AQSh Davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladi. Dastur maktabning yuqori sinf va kollej/litsey oʻquvchilarining 1 yil davomida AQShda bepul yashash va taʼlim olishini taʼminlaydi. Gʻolib nomzodlar koʻngilli sifatida ishtirok etayotgan AQShdagi mezbon oilada dastur mobaynida bepul yashash va mahalliy maktabda oʻqish imkoniga ega boʻladilar.

 

Buyuk Britaniya davlat grantlari

Rasm manbasi

  • Chevening grantlari: Ushbu grant dasturi Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va xorijiy talabalarga Buyuk Britaniyadagi universitetlarda magistraturada oʻqish imkoniyatini taqdim etadi. Dastur gʻoliblariga barcha xarajatlar: oʻquv toʻlovi, Britaniyaga borish-kelish xarajatlari, oylik stipendiya va sugʻurta qoplab beriladi. Shuningdek, grant doirasida oʻtkaziladigan barcha tanlovlarga qatnashish xarajatlari ham qoplab beriladi. Dunyo boʻylab har yili 1 500 ga yaqin talabaga grant ajratiladi.

 

Yevropa davlatlari grantlari

EU Students in UK - Numbers Continue Declining Post-Brexit

Rasm manbasi

Germaniya

  • DAAD: DAAD grant dasturi bakalavr bosqichini tugatgan yoki uning soʻnggi bosqichida oʻqiyotgan talabalarga Germaniya universitetlarida magistratura va doktorantura bosqichida oʻqishni davom ettirish uchun moʻljallangan. DAAD dasturi turli xil toʻliq yoki qisman qoplanuvchi grant turlarini taqdim etadi. Grantlar odatda oʻqish toʻlovlarini va yashash xarajatlari qoplash uchun beriladigan oylik stipendiyani oʻz ichiga oladi.

Shveysariya

  • Shveysariya mukammallik davlat grantlari: Shveysariya davlat granti 180 ga yaqin mamlakatdan kelgan bakalavriyat bosqichi bitiruvchilariga Shveysariyadagi davlat tomonidan moliyalashtiriladigan universitet yoki tan olingan ta’lim muassasalardan birida istalgan akademik sohada doktorlik yoki doktoranturadan keyingi tadqiqotlar olib borish imkoniyatini beradi. Grant oylik stipendiya, oʻqish toʻlovlari, tibbiy sugʻurta, turar-joy uchun toʻlovni oʻz ichiga oladi.

 

Osiyo davlatlari grantlari

Rasm manbasi

Rasm manbasi

Turkiya

  • Turkiya Burslari: Turkiya Burslari grant dasturi barcha bosqichda: bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichida toʻliq moliyalashtirilgan holda oʻqish imkoniyatini beradi. Dasturga barcha davlatlar fuqarolari ariza topshirishlari mumkin, turk tilini avvaldan bilish talab etilmaydi. Agar nomzod turk tilini bilmasa, bir yil qoʻshimcha til kursida oʻqishi va C1 darajaga ega boʻlishi kerak, kurs toʻlovi ham dastur tomonidan qoplanadi. Agar nomzod turk tilini mukammal akademik darajada bilsa, til kursida qoʻshimcha 1 yil oʻqishi talab etilmaydi.

Yaponiya

  • MEXT (Monbukagakusho) grant dasturi: MEXT granti Yaponiya Taʼlim, Madaniyat, Sport, Fan va Texnologiya Vazirligi tomonidan taqdim etiladigan nufuzli grant dasturidir. U Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan xalqaro talabalarga Yaponiyada bakalavriat, magistratura va ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirish uchun moliyaviy yordam koʻrsatadi. Grant odatda oʻqish to’lovini toʻliq qoplaydi. Grant gʻoliblari turar joy, oziq-ovqat va transport kabi yashash xarajatlarini qoplash uchun oylik stipendiya oladilar. MEXT grant dasturining bakalavriat bosqichi maqbullik shartlari, foydali tomonlari va hujjat topshirish jarayoni haqida ushbu havoladan, magistratura va doktorantura bosqichi haqida esa ushbu havola orqali ma’lumot olishingiz mumkin.

Janubiy Koreya

  • GKS: Global Korea Scholarship grant dasturi xalqaro talabalarga Koreyadagi oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida oʻqish imkoniyatini taqdim etadi. Ushbu grant xalqaro taʼlim almashinuvini kuchaytirish, Koreya va ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga qaratilgan. Grant oʻqish toʻlovlarini toʻliq qoplaydi, turar-joy, oziq-ovqat va transport kabi yashash xarajatlarini qoplashda yordam berish uchun oylik stipendiya ajratadi. Stipendiya miqdori talabaning akademik darajasi (bakalavriat yoki magistratura) va yashash joyi (metropoliya yoki shahar boʻlmagan hudud) qarab farq qilishi mumkin.

Oʻzbekiston

  • “El-yurt umidi” jamgʻarmasi granti: “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekiston fuqarolariga ilgʻor xorijiy davlatlar nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichida taʼlim olish uchun grant ajratadi. Jamgʻarma tarkibidagi grantlar xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda malaka oshirish - 2 oygacha; xorijiy ilmiy, ta’lim, ijod muassasalari, davlat idoralari, korxona va boshqa tashkilotlarda amaliyot oʻtash - 6 oygacha; yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalarda bakalavriat - 3-4 yil; magistratura dasturi asosida ta’lim olish - 1–2 yil; doktorantura dasturi boʻyicha - 1–4 yil ta’lim olish uchun taqdim etiladi.

 

Ushbu maqolamiz orqali sizga chet elda oʻqish uchun bir qancha nufuzli davlat grantlari, ularning afzalliklari haqida ma’lumot bera oldik degan umiddamiz.

Agar maqola foydali boʻlgan boʻlsa, uni doʻstlaringiz bilan ulashishni unutmang!

©️ GrantGO saytida eʼlon qilingan har bir maqola jamoa mualliflik ishi hisoblanib, ulardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va koʻchirish mumkin emas!

 

 

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar