Chet elda o'qish uchun grantlar va ularning turlari
Mundarija:
- Qobiliyatga asoslangan grant;
- Qobiliyatga asoslangan grantlarga misollar;
- Ehtiyojga asoslangan grantlar;
- Ehtiyojga asoslangan grantlarga misollar;
- Xalqaro talabalar uchun qobiliyatga asoslangan va ehtiyojga asoslangan grantlar.
Grant — bu davlat, universitet yoki boshqa tashkilotlar tomonidan oʻqish xarajatlarining maʼlum bir qismini yoki butunlay qoplash uchun beriladigan pul mablagʻi hisoblanadi. Grant yutish imkoniyatlarini maksimal darajada oshirish uchun grant turlarini tushunish juda muhimdir. Grantlar asosan nima uchun berilishiga qarab ikkita turga boʻlinadi:
- Qobiliyatga asoslangan (merit-based) grantlar;
- Ehtiyojga asoslangan (need-based) grantlar.
Ushbu maqolada biz qobiliyatga va ehtiyojga asoslangan grantlar, ularga misollar va ular oʻrtasidagi asosiy farqni koʻrib chiqamiz.
Qobiliyatga asoslangan grant
Qobiliyatga asoslangan grantining asosiy talablari:
1.Akademik yutuqlar:
- Maktab, kollej yoki universitetda olingan baholar (GPA);
- Ilmiy mukofatlar;
- SAT, GRE yoki GMAT kabi standatrlashtirilgan testlar (soha uchun zarur bo’lsa);
- Til sertifikatlari;
- Sohaga doir maqolalar, ilmiy ishlar.
2. Ish tajribasi:
- Asosan magistratura va aspirantura uchun so’raladi.
3. Volontyorlik ishlari:
- Soha rivoji uchun amalga oshirilgan ijtimoiy ishlar.
4. Sportdagi yutuqlar:
- Sport musobaqalari, olimpiyadalardagi yuqori o’rinlar.
Qobiliyatga asoslangan grantlar odatda yutuqlar asosida berilsa-da, baʼzil holatlarda moliyaviy ehtiyoj ham hisobga olinadi.
Qobiliyatga asoslangan grantlar notijorat tashkilotlari, xususiy korxonalar, kollej, universitetlar yoki hukumat tomonidan moliyalashtirilishi mumkin.
Koʻplab kollej va universitetlarda qobiliyatga asoslangan grantlar ajratiladi, ammo ba’zilari, shu jumladan Ivy League maktablari tarkibiga kiruvchi universitetlarda bu grant turi mavjud emas. Ivy League maktablari universitetlarida qobiliyatga asoslangan grantlar berilmasa ham, ular eng kuchli moliyaviy yordam dasturlariga ega hisoblanadi.
Qobiliyatga asoslangan grantlarga misollar
- Fulbrayt chet ellik talabalar dasturi: AQSh Davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu nufuzli dastur AQSh universitetlari va ta’lim muassasalarida magistraturada oʻqish va tadqiqot olib borish uchun grantlar taqdim etadi. G’oliblar akademik ko’rsatkichlar, yetakchilik salohiyati va boshqa yutuqlar asosida aniqlanadi.
- Chevening grantlari: Ushbu grant dasturi Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va xorijiy talabalarga Buyuk Britaniyadagi universitetlarda magistratura va aspiranturada oʻqishi uchun beriladi. Akademik yutuqlar, yetakchilik salohiyati ushbu grant g’oliblarini belgilovchi omillardan hisoblanadi.
- Geyts Kembrij grantlari: Ushbu grant Buyuk Britaniyalik bo’lmagan iqtidorli talabalarga Kembrij universitetida magistratura va aspiranturada oʻqish uchun beriladi. Grant egalari intellektual qobiliyat, yetakchilik salohiyati va boshqa yutuqlar asosida tanlanadi.
Ehtiyojga asoslangan grantlar
Ehtiyojga asoslangan grantlar uchun asosiy talablar quyidagilardan iborat:
- Molivaiy muhtojlik: Bunda talabalar o’qish xarajatlarini to’lash uchun moliyaviy yordamga muhtoj ekanliklarini isbotlashlari kerak.
- Oilaviy daromad: Oilaviy daromad talaba moliyaviy yordamga muhtojligini tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
- Nomzod yashaydigan mamlakatning iqtisodiy holati: Ko’p hollarda bu grant turi rivojlanayotgan yoki rivojlanmagan davlatlardan kelgan talablarga beriladi.
Moliyaviy ehtiyoj asosiy saralash omili hisoblansa-da, koʻp hollarda talabalarga grant berishda qoʻshimcha omillar, jumladan, akademik, badiiy yoki sportdagi yutuqlari ham hisobga olinadi.
Ehtiyojga asoslangan grantlarga misollar
- AQSh Taʼlim Imkoniyati Fondlari: Fonddagi mablagʻlar AQSh Davlat departamenti tomonidan ajratiladi. Ushbu fond va hamkor tashkilotlar tomonidan beriladigan grantlar dunyo boʻylab kam taʼminlangan jamiyatlardagi iqtidorli talabalarga akkreditatsiyadan oʻtgan AQSh taʼlim muassasalarida bakalavriat dasturlarini oʻqish imkoniyatini beradi. O’zbekistonlik talabalar ham ushbu grantlarni yutib olish imkoniyatiga egalar.
- Ogʻa Xon jamgʻarmasi xalqaro grant dasturi: Ushbu jamgʻarmada munosiblik grantlari bilan birgalikda ehtiyojga asoslangan grant turlarini mavjud boʻlib, rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtidorli talabalariga butun dunyo universitetlarida magistratura hamda aspiranturada oʻqish uchun grantlar taqdim etadi.
- Shotlandiya Hukumatining Saltire grantlari: Ushbu grantlar Shotlandiyada magistratura va aspiranturada oʻqishni davom ettirish uchun muayyan mamlakatlar talabalariga beriladi. Bu mamlakatlar ro’yxatidan Oʻzbekiston ham joy olgan. Grantlar orasida munosiblik grantlari bilan birgalikda ehtiyojga asoslangan grant turlari ham mavjud.
Qobiliyatga asoslangan va ehtiyojga asoslangan grantlar oʻrtasidagi farq
Yuqorida taʼkidlanganidek, ushbu grantlar oʻrtasidagi farq shundaki, qobiliyatga asoslangan grantlar yutuqlarga asoslansa, ehtiyojga asoslangan grantlarda talabaning oilaviy daromadi va moliyaviy ahvoli inobatga olinadi. Shuningdek, ehtiyojga asoslangan grantlar ham akademik yutuqlarini hisobga olishi mumkin.
Talabalar bir vaqtning o’zida ikkala grantga ham hujjat topshirish imkoniyatiga ega. Topshirish mumkin boʻlgan grantlar soniga cheklov yoʻq. Ammo grantga hujjat topshirishdan oldin grantning muvofiqlik talablarini tekshirib, keyin harakat boshlash ma'qul.
Xalqaro talabalar uchun munosiblik va ehtiyojga asoslangan grantlar
Xalqaro talabalar uchun ham qobiliyatga asoslangan va ehtiyojga asoslangan ko’plab grantlar mavjud.
Fulbrayt komissiyasining maʼlumotlariga koʻra 600 dan ortiq Amerika universitetlari xalqaro talabalarga $20,000 yoki undan koʻproq miqdorda grant ajratadi. Bunga xalqaro talabalarga grantlar taklif qiladigan NYU Wagner tashkilotini misol qilib keltirish mumkin. Dyuk universiteti va Shimoliy Karolina Chapel Xill universitetida taqdim etiladigan Robertson grant dasturi yetakchilik qobiliyatini namoyish etgan talabalar, shu jumladan xalqaro talabalar uchun ham beriladi.
Ushbu maqolamiz orqali sizga, qobiliyatga asoslangan va ehtiyojga asoslangan grantlar, misollar va ular oʻrtasidagi asosiy farq haqida maʼlumot bera oldik degan umiddamiz. Agar maqola foydali bo’lgan bo’lsa, uni do’stlaringiz bilan ulashishni ham unutmang!
©️ GrantGO saytida e’lon qilingan har bir maqola jamoa mualliflik ishi hisoblanib, ulardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va ko’chirish mumkin emas!