Qaysi davlatda tahsil olish kerak: Buyuk Britaniya yoki AQSh?

Tasavvur qiling: bir tomonda qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻlgan gavjum Oksford universiteti, boshqa tomonda esa tadbirkorlik ishtiyoqi bilan yonayotgan Kaliforniya kampusi. Tanlovda qiynalib qoldingizmi? Ularning ikkalasi ham oʻqishning qaynoq muhitini aks ettirsa-da, talabalar oʻzlari uchun baʼzi farqli jihatlarini bilib qoʻyganlari durust. Avvalgi maqolamizda “Chet elda oʻqish uchun top 10 ta davlat” roʻyxatini keltirgandik, quyidagi maqolada esa biz Buyuk Britaniya va Amerika Qoʻshma Shtatlari universitetlari orasidagi farqlar haqida suhbatlashamiz.

Hujjat topshirish jarayoni

Buyuk Britaniya:

  1. Markazlashtirilgan tizim (UCAS) orqali beshtagacha dasturga ariza topshirish mumkin. Bunda siz bir yoki turli xil universitetlarni tanlay olasiz.
  2. Sohaga ixtisoslashgan: Tanlagan oʻquv dasturingiz arizada aniq koʻrsatilishi kerak.
  3. Tibbiyot, stomatologiya yoki veterinariya kurslariga abituriyentlar beshinchi variant sifatida mutaxassis bo’lmagan kursni tanlashlari kerak.

AQSh:

  1. Agar bakalavriat bosqichi uchun toʻgʻridan-toʻgʻri universitetlarning oʻziga hujjat topshirsangiz, uning soni chegaralanmagan. Biroq, Common Appdan foydalanmoqchi boʻlsangiz, jami 20 ta universitetga ariza topshirish imkoningiz bor.
  2. Moslashuvchan oʻquv dasturi: Arizangizda aniq bir mutaxassislikni tanlamasdan, kengroq mavzularni kiritishingiz ham mumkin.
  3. AQShda boshqa davlatlarga qaraganda koʻproq universitetlarda Liberal sanʼat (Liberal arts) taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Akakemik talablar

Buyuk Britaniya:

  1. Aksariyat dasturlar bakalavriat bosqichi uchun GSCE imtihon natijalari, A-daraja (Advanced level) yoki bilim darajasini koʻrsatuvchi boshqa ekvivalent hujjatlarni talab qiladi.
  2. Dastur va universitetga qarab, ular xalqaro talabalardan IELTS yoki TOEFL kabi standartlashtirilgan testlarni ham soʻrashadi. Talabalarni qabul qilishda koʻproq akademik natijalar va fanga oid talablarga e’tibor qaratilishi mumkin.

AQSh:

  1. Oʻrta maktab GPA, SAT yoki ACT kabi standartlashtirilgan testlar va darsdan tashqari mashgʻulotlar — bakalavriat bosqichi qabulida muhim omillardir.
  2. Magistratura bosqichida tahsil olmoqchi boʻlganlardan, odatda, GRE yoki GMAT sertifikatlari talab etiladi. Qabul jarayonida baholar, darsdan tashqari tadbirlar, insholar, ilmiy ish va tavsiyanomalar kabi bir qator omillar hisobga olinadi.

Qabul jarayoni

Buyuk Britaniya:

  1. Abituriyentlarni qabul qilish to‘g‘risida shu universitet akademiklari fikri inobatga olinadi, yaʼni arizangiz siz hujjat topshirayotgan bo‘limning professor-o‘qituvchilari tomonidan baholanadi.
  2. Talaba arizasining akademik tomoniga katta e’tibor beriladi. Volontyorlik, tadbir, loyiha va boshqa darsdan tashqari mashg‘ulotlar arizangizda boʻlgani yaxshi, chunki ular sizning ishtiyoqingizni va qiyinchiliklarga dosh bera olingizni ko’rsatadi; lekin ular arizaning eng muhim jihati yoki qarorni talaba foydasiga hal qiluvchi omil emas.

AQSh:

  1. Talabalarni qabul qilish ishlariga masʼul maxsus komissiya mavjud.
  2. Darsdan tashqari ishtirok etgan tadbirlar, loyihalar, tanlovlar va sohaga boʻlgan qiziqishini koʻrsatuvchi barcha mashgʻulotlar inobatga olinadi. Fanlardan olingan baholar va til bilish sertifikatining oʻzi esa kamlik qiladi.

Dasturning davomiyligi

Buyuk Britaniya:

  • Bakalavriat: 3–4 yil
  • Magistratura: 1 yil
  • PhD: 3–4 yil+

AQSH:

  • Bakalavriat: 4 yil
  • Magistratura: 2 yil
  • PhD: 5–7 yil+

Dars jarayoni

Buyuk Britaniya:

Mustaqil taʼlim tamoyiliga koʻra, treninglar ma’ruza shaklida, muntazam seminarlar va alohida darslar orqali olib boriladi. Soha mutaxassisligiga chuqurroq yondashilgani sababli, siz umumiy ta’lim kurslariga kamroq eʼtiboringizni qaratasiz. Baholashda esa yakuniy imtihonlar hamda loyihalardagi ishtirokingiz hisobga olinadi.

AQSh:

Treninglar koʻproq amaliy va interaktiv boʻlib, unda guruh loyihalari, muhohakamalar va taqdimotlar oʻtkaziladi. Tanqidiy fikrlashga, ayniqsa, urgʻu berilgani bois, talabalarning oʻz fikrini bayon etish qobiliyati rivojlantiriladi. Baholar koʻpincha kichik topshiriqlar, imtihonlar va talabaning darsdagi ishtirokiga asoslanadi.

Universitetdagi ijtimoiy muhit

Buyuk Britaniya:

Talabalar oʻzlarining qiziqishlari doirasida turli mashgʻulotlar bilan shugʻullanishadi.  Ammo koʻpgina sport klublari boʻlishiga qaramay, jismoniy tarbiya asosiy oʻrinda emas. Koʻpgina universitetlarda tashkiliy ishlar bilan shugʻullanuvchi talabalar uyushmalari ham mavjud. Buyuk Britaniya butun dunyodan talabalarni oʻziga jalb etadi va bu turli madaniyatlarni oʻrganish uchun ajoyib imkoniyatdir.

AQSh:

Talabalar shaharchasi jonli: turli tashkilotlar, sport jamoalari, madaniy hayot va ijtimoiy tadbirlarga ega. Eng qizigʻi, universitetlarda tadbirkorlik ruhi ham kuchli boʻlib, ular startap gʻoyalar, biznes va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlashadi. AQSh inklyuziv hamjamiyatlarni yaratishga intiladi va turli millat-elatlar orasida birodarlikni targʻib qiladi.

Madaniyat va turmush tarzi

Buyuk Britaniya:

Koʻpgina universitetlar kichik shaharlar yoki qishloqlarga integratsiyalashgan boʻlgani sababli, hayot sur’ati nisbatan sekinroq va jamoat transportida oson harakatlanish mumkin. Ammo, London, Manchester va Edinburg kabi gavjum shaharlar oʻzida turli diqqatga sazovor joylar, tarixiy binolar va tabiat goʻzalligini jamlagan boʻlib, yashash tarzi ham turfalikni taqozo etadi.

AQSh:

Nyu-York, Los-Anjeles yoki Chikago kabi gavjum megapolislar jahon darajasidagi muzeylar, xilma-xil oshxonalar va joʻshqin tungi hayotga kirish imkoni bilan dinamik va tezkor muhitni taklif etadi. Biroq, bunday shaharlarda tahsil olish va yashash narxi ancha qimmatga tushishi mumkin. Togʻ yoki oʻrmonli tabiiy landshaftlar orasida joylashgan qishloq universitetlari esa tabiatni sevuvchilar va ochiq havo ishqibozlari uchun ideal. Faqat, talabalar yashash sharoitlari va tadbirlarda ishtirok etish borasida uchraydigan baʼzi noqulayliklarga tayyor boʻlishlari kerak.

Xarajatlar

Buyuk Britaniya:

Oʻqish toʻlovlari odatda AQShga qaraganda arzonroq, ammo katta shaharlarda yashash narxi yuqori bo’lishi mumkin. Xalqaro talabalar bakalavriat bosqichi uchun universitet va dasturga qarab £11,400 – £38,000, yiliga oʻrtacha £22,200 boʻlgan toʻlovlarni amalga oshiradilar. Magistraturada o‘qish narxi esa yiliga oʻrtacha £17,109 atrofida baholanadi. Boshqa xarajatlar poytaxt shahar — Londonda oyiga £1300 - £1400 miqdorida yoki Buyuk Britaniyaning qolgan qismida £900-£1300 atrofida aylanadi. 

Umumiy xarajatlar (shaharlar koʻlamida)

Shaharlar Narxi (oy hisobida oʻrtacha)
London £1300 - £1400
Glasgo £1,073 - £1,133 
Manchester £1,456 - £1,644

Oʻqish toʻlovlari

Bosqich Narxi (yil hisobida oʻrtacha)
Bakalavriat £11,400 - £67,892 
Magistratura  £16,081
Magistratura (labaratoriya amaliyotiga asoslangan) £18,613
MBA (biznes yoʻnalishi) £21,754
Phd (STEM yoʻnalishlari qimmatroq) £16,000 - £25,000  

Shaxsiy xarajatlar (shaharlar boʻyicha farq qiladi)

Turi Narxi (oy hisobida oʻrtacha)
Universitet kampusidan tashqarida yashash £408
Universitet yotoqxonasidan foydalanish £472
Transport £65
Oziq-ovqat £360
Texnika vositalari £189
Meva-sabzavotlar £28
Koʻngilochar mashgʻulotlar £40
Kiyim-kechak £64
Jami: universitetdan tashqarida yashash £1,154
Jami: universitet yotoqxonasidan foydalanish £1,218

 

AQSh:

Oʻqish toʻlovlari universitet va dasturga qarab sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Davlat universitetlari odatda xususiy universitetlarga qaraganda arzonroq. Koʻproq stipendiya imkoniyatlari mavjud, ammo raqobat juda yuqori. Xalqaro talabalar xususiy universitetlarda yiliga $30,000 - $100,000 dollargacha boʻlgan sezilarli darajada yuqori toʻlovlarni amalga oshiradilar. Yashash narxi esa joylashuvga qarab farq qiladi, masalan, Nyu-York yoki Los-Anjeles kabi yirik shaharlar kichikroq shaharlar va qishloq joylarga qaraganda ancha qimmatroq. Oʻrtacha, siz AQShda yashash xarajatlariga oyiga $1,500 - $10,000 sarflashingiz mumkin. Ushbu xarajatlar turar joy, ovqatlanish, transport, oʻquv materiallari, kiyim-kechak va dam olish kabi xarajatlarni oʻz ichiga oladi.

Umumiy xarajatlar (shtatlar koʻlamida)

Shtatlar Narxi (oy hisobida oʻrtacha)
Nyu York $2500 - $3500
Kaliforniya $3500 - $4500
Boston $2900 - $3500
Dallas  $1800 - $2500

Oʻqish toʻlovlari

Universitet turi Oʻquv mashgʻulotlari narxi (yil hisobida oʻrtacha)
Bakalavriat

 Davlat: $39,000 - $72,762 

 Xususiy: $52,000 - $66,500 

Magistratura

 Davlat: $32,000 - $47,974 

 Xususiy: $57,000 - $99,982 

Phd $20,600 (qoʻshimcha xarajatlar bilan $40,900 atrofida)

Shaxsiy xarajatlar (shtatlar boʻyicha farq qiladi)

Xarajat turi Narxi (oy hisobida oʻrtacha)
Universitet kampusidan tashqarida yashash $525
Universitet yotoqxonasidan foydalanish $871
Transport $70
Oziq-ovqat $527
Texnika vositalari $180
Koʻngilochar mashgʻulotlar $48
Meva-sabzavotlar $52
Kiyim-kechak $102
Jami: universitet kampusidan tashqarida  $1,504
Jami: universitet yotoqxonasida $1,850

 

Moliyaviy yordam (grantlar bilan bu yerda tanishing)

Buyuk Britaniya:

Buyuk Britaniya hukumati xalqaro talabalar uchun cheklangan stipendiyalar va grantlar taklif qiladi. Biroq moliyaviy yordamning aksariyati talaba kreditlari shaklida bo’ladi, siz uni bitirganingizdan keyin to’lashingiz kerak.

1. Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan stipendiyalar:

— Chevening scholarship: Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo’stlik va taraqqiyot idorasi tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu nufuzli stipendiyalar Buyuk Britaniyaning istalgan universitetida istalgan fan bo’yicha magistratura bosqichida oʻqishingiz uchun to’liq to’lov va yashash xarajatlaringizni qoplab beradi. Ular Buyuk Britaniyada oʻqishni va jamiyatga ijobiy ta’sir koʻrsatish niyatida oʻz vataniga qaytishni istagan yetakchilik salohiyatiga ega va yuqori natijalarga erishgan talabalarga beriladi.

— GREAT scholarships: Ushbu stipendiyalar Britaniya Kengashi tomonidan Buyuk Britaniyaning turli universitetlari va korxonalari bilan hamkorlikda taklif etiladi. Ular fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) kabi muayyan fanlar boʻyicha magistratura uchun qisman oʻqish toʻlovlarini qoplaydi.

— Commonwealth scholarships: Buyuk Britaniya Ta’lim Departamenti tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu stipendiyalar rivojlanayotgan Hamdo’stlik mamlakatlari talabalari uchun tanlangan Buyuk Britaniya universitetlarida magistratura bosqichida o’qish uchun toʻliq toʻlov va yashash xarajatlarini ta’minlaydi.

2. Universitet tomonidan moliyalashtiriladigan stipendiyalar:

Buyuk Britaniyaning ko’plab universitetlari xalqaro talabalar uchun bakalavriat va magistratura bosqichida oʻzlarining stipendiyalarini taklif qilishadi. Ushbu stipendiyalar qiymat va muvofiqlik mezonlari bo’yicha farq qilishi mumkin, lekin ular koʻpincha qisman yoki toʻliq oʻqish toʻlovlarini qoplaydi. Siz tanlagan universitet tomonidan taqdim etiladigan stipendiyalarni oʻrganishingiz va ularga qanchalik munosibligingizni oldindan bilish muhimdir.

3. Sohaga oid stipendiyalar:

Tibbiyot, huquq yoki muhandislik kabi muayyan fanlarda tahsil olayotgan xalqaro talabalar uchun bir qator stipendiyalar ham mavjud. Ushbu stipendiyalar ko’pincha professional organlar yoki xayriya tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladi.

4. Moliyalashtirishning boshqa yoʻllari:

— Grantlar: Stipendiyalardan tashqari, Buyuk Britaniyada xalqaro talabalar uchun bir qator grantlar ham mavjud. Grantlar odatda akademik yutuqlarga emas, balki moliyaviy ehtiyojga qarab beriladi. Ba’zi misollar orasida tibbiyot talabalari uchun NHS stipendiyasi va nogiron talabalar uchun nafaqalar mavjud.

— Talaba kreditlari: Xalqaro talabalar oʻqish toʻlovlari va yashash xarajatlarini qoplash uchun Buyuk Britaniya hukumatidan talaba kreditiga ariza berishlari mumkin.

️AQSh:

AQSh mahalliy va xalqaro talabalar uchun moliyaviy yordamning kengroq koʻrinishlarini taklif etadi, jumladan, stipendiyalar, ehtiyojga asoslangan grantlar va talaba kreditlari. Yordamning mavjudligi va miqdori sizning ilmiy darajangiz, moliyaviy ehtiyojingiz va tanlagan universitetingizga bogʻliq.

1. Iqtidorga asoslangan stipendiyalar (Merit-based):

Akademik mukammallik, namoyish etilgan yetakchilik qobiliyati yoki badiiy iste’dod asosida taqdirlanadi. Misollar: Fulbright Scholarship, Presidential Scholarships va National Merit Scholarship Program.

2. Ehtiyojga asoslangan stipendiyalar va grantlar (Need-based):

Moliyaviy ehtiyojga qarab, koʻpincha akademik yutuqlar bilan birgalikda taqdirlanadi. Misollar: Pell Grant, Federal Supplemental Educational Opportunity Grant (FSEOG), universitetlar taqdim etuvchi grantlar va boshqalar.

3. Sohaga oid stipendiyalar:

Aniq fanlar, muhandislik yoki sog’liqni saqlash kabi ma’lum bir sohada oʻqiyotgan talabalarga beriladi. Misollar: National Institutes of Health (NIH) Scholarships, American Chemical Society Scholarships va Society of Automotive Engineers (SAE) Scholarships.

4. Turfa xillik uchun taqdim etiladigan stipendiyalar (Diversity):

Kampusda kamchilikni tashkil etuvchi guruh talabalariga beriladi. Misollar: Gates Millennium Scholars Program, Hispanic Scholarship Fund, Asian American va Native American Pacific Islander-Serving Institutions (AANAPISI) Scholarships.

5. Universitetlar uchun maxsus stipendiyalar:

Iqtidorli talabalarni jalb qilish uchun bevosita kollej va universitetlar tomonidan taklif etiladi. Har bir universitetda o’ziga xos stipendiya dasturlari mavjud bo’lib, ular turli xil talablarga javob beradilar.

Quyidagi “Amerikada grant asosida oʻqish: almashinuv dasturlari, magistratura va tadqiqot” maqolamizda oʻzbekistonlik talabalar uchun taqdim etilgan bir qancha grantlarni koʻrib chiqishingiz mumkin.

Ishlash imkoniyati

Buyuk Britaniya:

Agar siz kunduzgi bakalavriat yoki magistraturada oʻqiyotgan xalqaro talaba boʻlsangiz, sizga yarim kunlik muddat davomida haftasiga 20 soatgacha ishlashga ruxsat beriladi. Agar siz bakalavr darajasidan past boʻlgan yoʻnalishda malakangizni oshirayotgan boʻlsangiz, haftasiga 10 soatgacha boʻlgan muddat davomida yarim kunlik ish vaqtida ishlay olasiz. Hech qayerda faoliyat yuritmasangiz, bayram kunlarida ishlashingiz mumkin. 

AQSh:

Xalqaro talabalar yarim kunlik ishlarda ishlash orqali yashash xarajatlarini yaxshiroq boshqarishlari mumkin. AQSh talabalarga haftasiga 20 soatgacha ishlashga ruxsat beradi. 

 

Bilib qoʻygan yaxshi:

— Aloqalar: Britaniyaliklar suhbat davomida masofa saqlashadi va xushmuomalalikni qadrlashadi, hatto yaqin tanishlari bilan ham chegaradan chiqib ketishmaydi. Amerikaliklar esa koʻproq ochiqko’ngil va doʻstona boʻlib, notanish odamlar bilan ham suhbatlashishni yoqtirishadi.

— Ovqatlanish: Buyuk Britaniya oshxonasida mazali va parhezbop taomlar mavjud, Amerikada esa rang-barang, mintaqaviy va tez tayyorlanadigan taomlarga katta e’tibor beriladi.

— Ijtimoiy muhit: Pub madaniyati Britaniya ijtimoiy hayotida markaziy oʻrinni egallaydi, u ichimliklar va suhbatlar uchun qulay joyni taklif qiladi. Amerikaliklar esa turli sharoitlarda muloqot qilishadi, lekin barlar va restoranlar keng tarqalgan tanlovdir.

— Individualizmga qarshi kollektivizm: Buyuk Britaniyada jamoa va ijtimoiy mas’uliyat kuchli boʻlsa, AQSh jamiyati shaxsiy yutuqlar va oʻziga ishonishga urgʻu beradi.

Siz yana “Chet el universitetini qanday tanlash kerak” maqolamizni oʻqib, oʻzingizga batafsil maʼlumotlarni olishingiz mumkin.

❔Qaror qabul qilishingizda taʼsir koʻrsatuvchi boshqa omillar:

— Til: Ikkala davlatda ham aholi ingliz tilida soʻzlashsa-da, lugʻat, talaffuz va imloda farqlar mavjud.

— Mutaxassisligingiz: Ba’zi fanlar bir mamlakatda boshqasiga qaraganda yaxshiroq oʻqitilishi mumkin.

— Rejalaringiz: Qaysi mamlakatning ta’lim tizimi va malakasi sizning maqsadlaringizga mos kelishini koʻrib chiqing.

— Shaxsiy qarashlaringiz: Qaysi iqlim, madaniyat va turmush tarzini afzal koʻrishingiz haqida oʻylab koʻring.

Bundan tashqari, immigratsiya va viza jarayonlari har xil boʻlishi mumkin, shuning uchun chet elda oʻqishni rejalashtirishda ushbu jihatlarni tushunish juda muhimdir.

Oxir-oqibat, siz uchun eng yaxshi tanlov shaxsiy ustuvorliklaringiz va sharoitingizga bogʻliq boʻladi. Har ikki mamlakatdagi muayyan universitetlar va dasturlarni oʻrganish sizga eng yaxshi variantni topishingizga yordam beradi.

Eslatma!

Ushbu maqolamiz orqali sizga Buyuk Britaniya va Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi universitetlar haqida ma’lumot bera oldik degan umiddamiz!

Agar maqola foydali bo’lgan bo’lsa, uni do’stlaringiz bilan ulashishni ham unutmang!

©️ GrantGO saytida e’lon qilingan har bir maqola jamoa mualliflik ishi hisoblanib, ulardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va ko’chirish mumkin emas!

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar