Bank hisob raqami (schyot) nima? Chetda o‘qish uchun nega bank hisob raqami talab qilinadi?
Mundarija
- Bank hisob raqami (schyot) o‘zi nima?
- Bank hisob raqami (schyot)ni kim va nima uchun talab qiladi?
- Bank hisob raqamining talablar bo'yicha turlari:
- Moliyaviy hisobot (Finansial statement)
- Yopiq bank hisob raqami (blocked account)
- Yana qanday yo‘llar bor?
- Qaysi davlatlar bank schyot talab qilmaydi?
- Hisob raqamdan tashqari yana qanday xarajatli hujjatlar talab qilinadi?
- Sug‘urta.
- Kontrakt to‘lovi tasdig‘i.
Chet elda o‘qishni istaganlar ulardan “bank schyot” talab qilinishi haqida eshitgan bo‘lishlari aniq. Bugungi maqolamizda “bank schyot” o‘zi nima, nima uchun talab qilinishi va undan tashqari viza olishning qanday yo‘llari borligi haqida gaplashamiz.
Bank hisob raqami (schyot) o‘zi nima?
Xalq tilida “bank schyot” deb yuritiluvchi bank hisob raqami — bu istalgan bankdan ochilgan siz uchun maxsus bo‘lgan raqam bo‘lib, uni shunchaki aynan o‘sha bankdagi sizning raqamli hamyoningiz deyish mumkin. Odatiy hamyon kabi bank hisob raqami asosiy vazifasi — bu sizning pulingizni saqlash hisoblandi. Bundan tashqari banklar pul aylanmasida pul qaysi “hamyon”dan chiqib qaysi biriga borib tushayotganini doimiy saqlab boradi.
Shu sababli hisobida pul yo‘q bo‘lgan hisob raqami huddi bo‘sh hamyon kabi egasidan boshqa hech kimga kerak ham, qiziq ham emas )
Buni yaxshi tushunib olgandan keyin endi chetda o‘qish uchun nima uchun “bank schyot” talab qilishi haqida gaplashsak bo‘ladi.
Bank hisob raqamini kim va nima uchun talab qiladi?
Bank hisob raqami, aniqroq aytadigan bo‘lsak bank hisob raqamida maʼlum miqdorda pul mavjud bo‘lishi o‘sha davlatga viza olish talabi hisoblanadi va bu talabni viza olayotgan davlatingiz elchixonasi nazorat qiladi. Shu sababli bu talab va summa davlatdan-davlatga qarab farq qiladi.
Odatda universitetlar bu narsa bilan qiziqmaydi va deyarli ishi ham bo‘lmaydi. Universitetlarni asosiy qiziqtiruvchi narsa — bu kontrakt to‘lovini to‘lashingiz yoki siz uchun kimdir bu ishni qilishi. Odatda ular viza ololmay qolgan taqdiringizda siz to‘lagan kontrakt to‘lovini to‘liq qaytarib beradi. Albatta, bu narsa ham har bir universitet va davlat o‘z qonun-qoidalaridan kelib chiqadi.
Eng muhim joyi elchixona uchun hisob raqamingizdagi pullardan zarracha foyda yoki zarar yo‘q. Ular rasmiy belgilab qo‘yilgan viza to‘lovidan boshqa sizdan hech qanday pul olishga haqqi yo‘q va bunday qilishmaydi ham.
Bu talab qo‘yilishidan asosiy maqsad — bu o‘sha davlatga borgandan keyin reja qilingan muddat ichida o‘zingizni taʼminlay olishingizni tekshirish hisoblanadi. Oddiy qilib tushuntirsak, ular chetga borganingizdan keyin ko‘chada, och qolib ketishingizdan xavotir olishadi. Albatta, bu holat yuz bergan taqdirda ham ular va O‘zbekiston elchixonasi sizni katta ehtimol bilan tashlab qo‘yishmaydi. Lekin bu ularga ortiqcha ish bo‘ladi va buni xohlashmaydi.
Shu sababli bank hisob raqamida talab qilinadigan summa shunchaki osmondan olinmaydi, aksincha o‘sha davlatda bitta odamning o‘rtacha bir yillik xarajatlariga to‘g‘ri keladi.
Qisqa qilib aytsak, chetga o‘qishga ketishdan oldin bank hisob raqamingizda haqiqatdan ham yetarli pul bo‘lishi faqat sizning foydangiz uchun ishlaydi.
Bank hisob raqamidagi pullar nima uchun talab qilinishi tushunib olgandan keyin, talablar turlari haqida gaplashishimiz mumkin.
Bank hisob raqamining talablar bo'yicha turlari
Turli xil davlatlar o‘z qonun-qoidalaridan kelib chiqib bu davlatda o‘qimoqchi bo‘lgan talabaning moliyaviy holatini (bank hisob raqamida yetarli mablag‘ borligini) turli yo‘llar bilan tekshirishi mumkin.
Talablarning asosiy 2 ta turi mavjud:
- Talaba o‘zining yoki ota-onasi nomidagi bank hisob raqamida yetarlicha pul mavjudligi to‘g‘risida moliyaviy hisobot (Finansial/Bank statement).
- O‘sha davlat bankida ochilgan yopiq hisob raqamida belgilangan summa bo‘lishi.
Eʼtiborli jihati, elchixonalar bu ikkisini bir vaqtda talab qilmaydi. Yaʼni sizga talabga qarab yoki unisi yoki bunisi kerak bo‘ladi.
Odatda ko‘p davlatlar talabadan viza uchun moliyaviy hisobot va Germaniya kabi baʼzi davlatlar yopiq bank hisob raqami talab qiladi.
Moliyaviy hisobot (Financial statement)
Moliyaviy hisobot talabini tushuntirishda biz Koreya davlatini misol qilib olamiz. Koreya Universiteti saytida berilgan maʼlumotga ko‘ra Koreya davlatida o‘qish uchun 21 ta davlat fuqarolaridan (O‘zbekiston ham ular ichida) moliyaviy hisobot talab qilinadi. Ushbu talab bo‘yicha potensial talabalar bank hisob raqamida kamida $20,000 (kontrakt to‘lovi ham shuning ichida) bor ekanini oxirgi 3–4 oy ichida olingan hisobot (statement) orqali ko‘rsatishlari kerak.
Ko‘pchilik xabari borligi sir emas, talabalar bu kabi hisobotni boshqa odamlardan pul olib vaqtinchalik o‘z hisoblariga qo‘yish orqali olishlari mumkin. Lekin bu usul qonuniy tomondan ham 2-qismda aytib o‘tilgan sababga ko‘ra ham tavsiya etilmaydi!
Yana bir bor eslatib o‘tishimiz kerak, yuqoridagi son va talablar turli davlatlar uchun turlicha bo‘lishi mumkin. Bu talablarni aniqlashda elchixona yoki o‘sha davlatdagi universitetlar berib boradigan maʼlumotlardan foydalanishingiz mumkin.
Yopiq bank hisob raqami (blocked bank assount)
Germaniyadagi ko‘p universitetlarda kontrakt yo‘q yoki nisbatan ancha past bo‘lishiga qaramay, ular viza uchun maxsus talab qo‘yishgan.
Har yili Germaniya xalqaro talabalar bu davlatda o‘qish uchun bir oyda o‘rtacha qancha mablag‘ ketishini hisoblab chiqadi va ushbu summani 12 oyga ko‘paytirgan holda talab etilgan minimum mablag‘ni belgilaydi. 2023-yil 1-yanvar uchun ushbu mablag‘ bir oy uchun €934 va bir yil uchun €11,208 etib belgilangan.
Talaba Germaniya banklaridan birida yopiq hisob raqami ochishi va yuqoridagi bir yillik minimum summa bilan to‘ldirishi kerak. Talaba Germaniyaga borgandan keyin esa unga har oy bu summadan maksimum bir oylik miqdor olishga ruxsat beriladi.
Aynan shu sabab, bu talabdan “aylanib” o‘tib bo‘lmaydi. Lekin boshqa tarafdan bu talabaning moliyaviy xavfsizligini juda yaxshi taʼminlaydi.
Eng muhim eslatma!
Bank hisob raqami viza uchun moliyaviy asos keltirishning yagona yo‘li emas! Quyida yana qanday usullar bor ekanini ko‘rib chiqamiz.
Boshqa yana qanday yo‘llari bor
Odatda bank hisob raqamida pul bo‘lishdan tashqari yana ikki xil usulda moliyaviy talabni bajarish mumkin:
- O‘sha davlatda doimiy yashovchi odam sizni otaliqqa olish.
- Ota-onangiz sizni taʼminlashi haqida xat/hujjat.
- To‘liq moliyalashtiriluvchi grant yutish.
O‘sha davlatda doimiy yashovchi odam sizni otaliqqa olishi
Bu usul odatda Yevropa davlatlari uchun ishlaydi. Bunda o‘qishga bormoqchi bo‘lgan davlatingizda doimiy yashovchi biror kim sizning moliyaviy xarajatlaringizga javobgar bo‘lishga rozi bo‘lib elchixona nomiga xat yozishi kerak bo‘ladi. Bu haqida to‘liqroq Germaniya vizasi misolida o‘qishingiz mumkin.
Ota-onangiz sizni taʼminlashi to‘g‘risida xat/hujjat
Bu viza olishning yana bir turi bo‘lib, afsuski bu usul boshida gaplashgan moliyaviy hisobotdan unchalik farq qilmaydi. Chunki baribir sizning ota-onangiz nomidagi bank hisob raqamida yetarlicha pul borligini ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Bu yopiq bank hisob raqami ochish uchun alternativ bo‘la oladi.
To‘liq moliyalashtiriluvchi grant yutish
Va nihoyat, eng ishonchli lekin oson bo‘lmagan usullardan biri — bu o‘sha davlatdagi o‘qishingizdagi kontrakt va xarajatlarni to‘liq qoplovchi grant yutish. Bu kabi grantlarga:
- DAAD
- Chevening
- Fulbright
- GKS
- Erasmus Mundus grantlari
- Irlandiya Hukumati granti
- Turkiya Burslari va shu kabi boshqa grantlar misol bo‘ladi.
Ko‘proq grantlar bilan ushbu havolada tanishingiz mumkin!
Qaysi davlatlar bank hisob raqami talab qilmaydi?
Qisqa qilib aytganda O‘zbekiston fuqoralari vizasiz (study visa) borib o‘qishi mumkin davlatlar uchun moliyaviy hisobot talab qilinmaydi. Bularga misol qilib Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonlarni keltirish mumkin.
Eʼtibor bering, O‘zbekiston fuqarolari baʼzi davlatlarga vizasiz sayohat qilishlari mumkin, lekin doimiy yashash va o‘qish uchun viza so‘ralishi mumkin! Bunday davlatlarga Turkiya misol bo‘la oladi.
Turkiyaga sayohat qilish uchun O‘zbekiston fuqarolariga viza talab qilinmasa ham, o‘qish uchun talab qilinadi!
Hisob raqamdan tashqari yana qanday xarajatli hujjatlar talab qilinadi?
Chet elda o‘qish vizasi olishda moliyaviy hisobotdan tashqari yana ikkita moliyaviy hujjatlar talab qilinadi.
1. Kamida bir yillik sug‘urta. Bunda kamida bir yillik sog‘lik sug‘urtasini ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Bu holatda borayotgan davlatingizdagi sug‘urta servislardan foydalanish tavsiya etiladi. Ular bizdagi sug‘urtalardan biroz qimmatroq (odatda $300–400), lekin ularning servisidan foydalanganda chet eldagi ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlardan pul to‘lamay foydalanishingiz mumkin. Sug‘urtani o‘zimizdan rasmiylashtirgan holatingizda esa, oldin o‘z yoningizdan pul to‘lab keyin chekni sug‘urta firmasiga yuborishingiz va ular shu summani hisobingizga o‘tkazib berishlari kerak bo‘ladi. Albatta bu narsa har bir sug‘urta kompaniyasidan aniqlashtirilishi kerak.
To‘liq moliyalashtiriluvchi grantlar sug‘urtani ham qoplashi mumkin (har doim emas lekin)!
2. Kontrakt to‘lovi tasdig‘iViza olish uchun yana bir kerakli hujjat bu o‘quv kontrakt miqdorining eng kamida ko‘rsatilgan miqdorini to‘lagan bo‘lishingiz kerak. Bu miqdor foizlarda yoki aniq summalarda berilishi mumkin. Ushbu talab ham davlatlarga qarab farq qiladi.
Grant yutgan taqdiringizda bu narsa tabiiy ravishda istisno qilinadi!
Postimiz orqali bank hisob raqami va u bo‘yicha qo‘yilgan viza talablari haqida kerakli maʼlumot olgan bo‘lsangiz bundan judayam xursandmiz!
Loyihamizni kuzatib borishda davom eting!
Musayev blogidan GrantGO maxsus uchun tayyorlandi.
Musayev blogi: https://t.me/musayev_blogi
Telegram: https://t.me/grantgouz
Facebook: https://www.facebook.com/grantgouz/
Instagram: https://instagram.com/grantgouz