DAADni qanday yutdim?
DAAD ERP stipendiyasining 2023/2024-yillar uchun g'olibi, GrantGO jamoasi blogeri Anvarjon Quqonov bilan eksklyuziv intervyu
GrantGO muxbiri: Assalomu alaykum, Anvar. Yutug‘ingiz bilan butun jamoamiz nomidan tabriklaymiz. Obunachilamiz uchun o‘zingizni yaqindan tanishtirsangiz.
Anvar: Assalomu alaykum. Men, Anvarjon Quqonov, hozirda Toshkent moliya instituti 4-kurs talabasiman, Iqtisodiyot yoʻnalishida oʻqiyman. Yaqinda Germaniyada magistratura bosqichida oʻqish uchun barcha xarajatlari qoplanadigan DAAD stipendiyasi sohibi boʻldim. Bundan avval Slovakiya milliy almashinuv dasturi stipendiyasi gʻolibi boʻlib, bir semestr davomida Bratislava shahrida Iqtisodiyot universitetda oʻqib qaytdim. Slovakiyaga ketishdan avval Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Banki stipendiyasi gʻolibi boʻlgan edim va ayni vaqtda shu stipendiya dasturi boʻyicha Markaziy bankda amaliyot oʻtayapman. Shu bilan birga, GrantGO.uz jamoasida faoliyat olib boraman, saytimiz uchun turli mavzularda maqolalar yozib turaman.
GrantGO muxbiri: Anvar, siz gʻolib boʻlgan grant va uning imtiyozlari haqida qisqacha aytib oʻtsangiz.
Anvar: DAAD Germaniyada magistraturada o’qish uchun toʻliq moliyalashtiriluvchi (“fully funded”) stipendiya turi bo’lib, bu grantni yutganlarga DAAD tomonidan barcha xarajatlar (aviachipta, sug’urta va o’qish xarajatlari) qoplab beriladi va oyiga 934 yevrodan 2 yil davomida stipendiya beriladi. Bundan tashqari, nemis tilini bilmagan stipendiantlar uchun 2 oylik bepul til kurslari tashkil qilib, til kursi davomida turar joy va 460 eurodan (2 oy) stipendiya bilan ta’minlashadi. Germaniyada ko’pchilik universitetlar bepul, shu sababdan DAAD kontrakt to’lovini toʻlab berishni boʻyniga olmaydi. Odatda, Germaniyada oʻqish uchun yiliga 11 ming yevrolik blokshot ochishingiz kerak bo’ladi va bu Germaniyaga ketish uchun eng yirik to’siq. DAAD sizni bu toʻsiqdan ozod qiladi.
DAAD - bu grantlar bazasi, qisqa qilib aytganda. Unda 180ga yaqin grantlar bor. Ular orasida DAAD All Disciplines (barcha sohalar uchun) va DAAD ERP (Iqtisodiyot va bisnes sohalari uchun) eng mashhuri. Men iqtisodiyot sohasida o’qiganim uchun DAAD ERP bo’yicha qatnashdim.
GrantGO muxbiri: Grantga ariza topshirish uchun qanday hujjatlar kerak?
Anvar: DAAD stipendiya tanlovi 2 bosqichdan iborat. 1-bosqich - hujjatlar, 2-bosqich esa suhbat. 1-bosqichga hujjat topshirish har yili oktyabr oyida boʻladi (oxirgi muddat 29-oktyabr). 1-bosqichda sizdan DAAD portalida profil ochish va kerakli hujjatlarni joylash soʻraladi. Portalga joylanadigan hujjatlar:
– CV (3 sahifadan oshmagan boʻlishi lozim);
– Motivatsiya xati, nega ushbu dasturga ariza topshirayotgani haqida batafsil maʼlumot berilgan xat (2 sahifadan oshmagani maʼqul);
– Tanlamoqchi boʻlgan kurs haqida maʼlumotnoma shakli;
– Bakalavr diplomi va ilovasi (dasturga bitiruvchi kurslar ham topshira oladi, bunda diplom majburiy emas);
– Universitet baholari tarjimasi bilan;
– Til sertifikati (nemis yoki ingliz);
– Maktab yoki kollej/litseyni tamomlaganligini tasdiqlovchi hujjat va uning baholari tarjimasi bilan;
– Sohasiga tegishli boʻlgan sertifikatlar (ishlagan joyidan maʼlumotnoma va boshqalar).
GrantGO muxbiri: Grantga ariza topshirish jarayoni sizda qanday kechdi?
Anvar: Ariza topshirishni biroz kech boshladim. Avval GratGO.uz (Qudratxoʻja Musayev) tomonidan tashkil etilgan kursda qatnashdim va bunda barcha kerakli hujjatlarni qanday mezonlar asosida tayyorlash kerakligini oʻrgandim. Lekin hamma asosiy hujjatlarni soʻnggi haftada tayyorladim. Shunday boʻlsa-da, doim motivatsion xat, tavsiyanomalarning taxminiy rejasini xayolimda oʻylab yurardim. Bu hujjatlarni tayyorlayotganda asosiy qilgan ishim oʻylaganlarimni tartiblab yozib, soʻng mentorlarimning fikrlarini eshitib kamchiliklarini toʻgʻrilab hujjatni portalga joylash boʻlgan. Boshqa oʻquvchilarga har qanday grantlarga topshirishda hujjat topshirishni oxirgi sanagacha surmasliklarini maslahat berardim.
DAAD stipendiyasini yutishda motivatsion xat juda muhim deb oʻylayman. Mening motivatsion xat yozishdagi eng katta yutugʻim — xatimni bitta odamga emas, bir necha odamga oʻqitib, fikrlarini olganligim deb oʻylayman. Chunki motivatsion xatimni avval shu grantni yutgan GrantGO.uz jamoasi aʼzolari (Qudratxoʻja Musayev, Mohiyaxon Uzoqova) va boshqa menga mentorlik qilgan tajribali talabalar (Ozodbek Ozodov)ga koʻrsatib, ularning tanqidiy fikrlari tufayli yaxshi holga keltirganman.
DAAD men topshirgan birinchi grant boʻlmagan, shuning uchun bundan oldin Slovakiya hukumati granti va OSCE akademiyasi grantlariga topshirishda olgan tajribalarim ham qoʻl kelgan.
GrantGO muxbiri: Intervyudan keyingi taassurotlaringiz bilan ham oʻrtoqlashsangiz.
Anvar: Oktyabrning oxirida portalga kerakli hujjatlarni joylaganingizdan keyin 1-bosqich natijalari yanvar oyida e’lon qilinadi. Bu bosqichdan o’tgan nomzodlar fevral-mart oylarida intervyuga taklif qilinadi. Intervyuda kelajakdagi rejalaringiz, maqsadlaringiz va akademik sohangizga oid savollar beriladi. O’z sohangiz haqida bilimingiz bo’lishi va aniq maqsadlaringiz bo’lishi muhim.
Men suhbatga kirganimdan soʻng oʻzimdan unchalik qoniqmaganman, sababi ayrim savollarga biroz chalkashib javob bergan edim. Shunday boʻlsa-da, intervyu umumiy olganda yaxshi boʻlgandi deb ayta olaman, chunki meni suhbat qilgan professorlar deyarli barcha savollariga javob ola olishgandi.
Odatda intervyu bosqichi natijalari aprel oyida eʼlon qilinadi va suhbatdan oʻtgan boʻlsangiz, Germaniya universitetlaridan qabul xati olishingiz kerak. Boshqa jarayonlar tugagach, 1-avgustda boshlanadigan nemis tili kurslari uchun Germaniyaga joʻnab ketasiz.
GrantGO muxbiri: Grant yutishda eng muhim omillar sizningcha qaysi?
Anvar: Avvalo, oldingizdan qandaydir grant chiqqanda u rostdan sizga mosmi, oʻz sohangizni yanayam chuqur oʻrganishga yordam beradimi, deb oʻylab koʻrish kerak. Har qanday dasturga ariza topshirib tashlayvermasdan, oʻzingizga keraklilarini tanlab olib alohida tayyorgarlik bilan ariza topshirish kerak, menimcha. Masalan, oʻzim qatnashgan va yutgan grant dasturlarimning barchasi oʻz sohamga oid va mening bu boradagi bilimimni mustahkamlashga xizmat qilgan.
Bundan tashqari, sizning profilingiz har qanday grantga ariza topshirishda muhim. Profil sizning oʻqish va oʻqishdan tashqari faoliyatingizni, jumladan, sohangizga oid ish tajribasi, xalqaro konferensiya va anjumanlarda qatnashganligingiz va boshqa xalqaro dasturlar ishtirokchisi boʻlganligingizni oʻz ichiga oladi. Profilingiz qanchalik “kuchli” boʻlsa, yutish ehtimoli shuncha oshadi. Motivatsion xatni ham tartibli va oʻzgacha qilib yozish ham muhim.
GrantGO muxbiri: Demak, sizning grant yutishdagi “sirli masalligʻingiz” kuchli profil va aniq maqsadmi?
Anvar: Rostini aytsam, oʻsha mashhur multfilmda aytilganidek, sirli masalliqning oʻzi yoʻq. Hamma gap oʻzingizda! Yuqorida aytganimdek, tanlagan grantingiz sizga rostdan kerakmi, javobingiz ha boʻlsa, unda qaysi yoʻl bilan harakat qilish kerak — shularni aniqlab oling. Tanlagan sohangizga mos kattami yo kichik turli tanlovlar, uchrashuvlarda qatnashib CVʼingizni boyitib boring. Kichik qadamlar sekin yiriklashib boradi. Turli davralarda yurganingiz sari fikringiz tiniqlashib, kengayib boradi. Bu, oʻz navbatida, motivatsion xatingizda ham aks etadi. Eng asosiysi, grant beruvchilar mendan nima kutyapti? degan savolni doim yodda tuting.
GrantGO muxbiri: Grantga ariza topshirish arafasida turganlarga tavsiyalaringiz.
Anvar: Eng asosiy tavsiyam shuki, oʻzingiz egallamoqchi boʻlgan sohada ekspert boʻlishni maqsad qiling. Grant sizning oxirgi maqsadingiz emas, maqsadingizga olib boruvchi yoʻl boʻlsin. DAADʼda nemis tili majburiy emas, ingliz tilini oʻzi bilish orqali yutishingiz mumkin (men kabi). Hatto yuqori IELTS bali ham grant yutishingizni kafolatlamaydi, berilgan talabni qondiradigan natijangiz boʻlsa, yetarli. Tajribasi borlardan kerakli savollar (albatta, Googledan topish qiyinlari)ni soʻrashdan tortinmaslik kerak. Hozirdan maqsadlaringizni juda aniq qiling. Masalan, iqtisodiyot emas, iqtisodiyotning aynan qaysi sohasini oʻqimoqchiligingizni aniq qiling. Shu boʻyicha kitoblar oʻqing va izlaning. Barchaga omad!
GrantGO muxbiri: Maroqli suhbat uchun rahmat, Anvar. Tavsiyalaringizdan, albatta, unumli foydalanishadi, degan umiddamiz.
Anvar: Salomat boʻling.