Germaniyada o'qish uchun 5 sabab

Bugungi kunda Germaniya o'zining top universitetlari, yashash uchun qulay mamlakat bo'lganligi va o'ziga xos madaniyati sababli ko'pgina talabalarni o'ziga jalb qilmoqda. Biz ushbu maqolamiz orqali Germaniyada o'qishning 5 ta eng muhim sabablarini keltirib o'tmoqchimiz.

  1. Bepul taʼlim yoki arzon kontrakt.

Germaniyada taʼlim boshqa mamlakatlarga qaraganda hayratlanarli darajada arzon ekanligi hech kimga sir emas. 2014-yil oktyabr oyida chiqarilgan qarorga binoan, xalqaro talabalar mamlakat hududidagi davlat universitetlarida oʻqish uchun hech qanday kontrakt toʻlamasa ham boʻladi. Faqat baʼzi administrativ toʻlovlar toʻlashi kerak boʻladi. Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish kerakki, davlat universitetlarida oʻqish uchun ingliz tilida oʻqitiladigan kurslar sanoqli boʻlganligi uchun koʻp hollarda eng kamida B1 darajadagi nemis tilini bilish talab etiladi.

2. Top universitetlarda oʻqish. 

Germaniya hududi boʻylab taxminan 380 ta rasmiy tasdiqlangan universitetlar va ular taklif qiladigan 17 000 dan oshiq oʻqish dasturlariga ega. Universitetlardan bir qanchasi dunyoning eng zoʻr universitetlari qatoridan joy olgan va bu roʻyxat yildan yilga uzayib bormoqda. Ushbu top universitetlar oʻziga xos taʼlim sifati, malakali xodimlari, tadqiqot va akademik oʻsish imkoniyatlari, tajribaga asoslangan va intiluvchan muhiti bilan yildan yilga koʻplab talabalarni jalb qilmoqda.

 

Rasmda QS World University Rankings tomonidan tuzib chiqilgan roʻyxatdan joy olgan top universitetlarning baʼzilari aks etgan (2023)

Germaniyadagi top universitetlar haqida koʻproq maʼlumot ushbu maqolada koʻrib chiqishingiz mumkin.

3. Yevropa boʻylab sayohat.

Germaniyada oʻqiyotgan talabalar Yevropa Erkin Savdo assotsiyasi (EFTA)/Yevropa Ittifoqi (EU) va nemis fuqarolari kabi ishlash va oʻqish uchun qoʻshimcha ruxsatsiz boshqa Yevropa mamlakatlariga erkin kirish huquqini qoʻlga kiritishadi. Bu degani agar talaba Yevropa fuqarosi boʻlmasa ham talaba vizasi orqali butun Shengen hududlariga va bir qancha Yevropa mamlakatlariga sayohat qilishi mumkin degani. Buning uchun talabalar Germaniya universitetlaridan tasdiqlash xatini olishganidan keyin ketish muddatidan eng kamida 3 oy oldin vizaga hujjat topshirishi kerak boʻladi.

Talaba vizasini olish jarayonida bank hisob raqami kerak boʻladi. Bank hisob raqami qanday ochilishi va nima maqsadda foydalanish kerakligi boʻyicha batafsil ushbu maqolamiz orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

4. Oʻqish davomida ishlash.

Germaniyada talabalar haftasiga maksimum 20 soat yoki yiliga 120 kun yarim stavkada ishlashi mumkin boʻladi. Fakt oʻrnida aytib oʻtish joizki, talaba sifatida 520 yevrogacha soliq toʻlamasdan ishlasa boʻladi, bu miqdordan oshib ketsa har oy maoshdan soliq uchun ushlab qolinadi. Har qanday sohada ish imkoniyatlari mavjud boʻlib talabalar oʻzining yashash xarajatlarini qoplabgina qolmay, oʻqiyotgan sohalari boʻyicha amaliyotda tajriba orttirish imkoniyatiga ham ega boʻladilar. Xalqaro talaba sifatida ishlashdan oldin barcha qonun- qoidalardan xabardor boʻlishingiz tavsiya etiladi. Ushbu maqola orqali talaba sifatida ishlash boʻyicha barcha savollarga javob olish mumkin.

5. Turli xildagi toʻliq qoplanuvchi grantlarning mavjudligi.

Germaniyada barcha xarajatlarni qoplab beruvchi bir qancha mashhur grant dasturlari bilan tanishtirib chiqishga harakat qilamiz.

  1. DAAD grant dasturlari Germaniyada magistraturada oʻqish uchun toʻliq moliyalashtiriluvchi (“fully funded”) stipendiya turi boʻlib, bu grantni yutganlarga DAAD tomonidan barcha xarajatlar (aviachipta, sugʻurta va oʻqish xarajatlari) qoplab beriladi va oyiga 934 yevrodan 2 yil davomida stipendiya beriladi.

Germaniyada oʻqish uchun DAAD stipendiyalari:

1) DAAD: All disciplines — magistratura bosqichini istalgan yoʻnalishda oʻqish;

2) DAAD: ERP — iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohasi boʻyicha magistratura bosqichida oʻqish;

3) DAAD: arxitektura yoʻnalishida magistratura va qisqa kurslarda oʻqish;

4) DAAD: Development-Related Postgraduate Courses (EPOS) — rivojlanayotgan mamlakatlar fuqarolari uchun 10 dan ortiq yoʻnalish doirasida magistratura va doktaranturada oʻqish;

5) DAAD: musiqa yoʻnalishi boʻyicha magistraturada oʻqish;

6) DAAD: tasviriy sanʼat, dizayn, vizual aloqa va kino sohasi boʻyicha magistratura va qisqa muddatli kurslarda oʻqish;

7) DAAD: ijro sanʼati boʻyicha magistratura bosqichida oʻqish yoki qisqa muddatli taʼlim olish.

DAAD grant dasturlari haqida batafsil ushbu maqolamiz orqali bilib olishingiz mumkin.

Jamoamiz aʼzosi, DAAD ERP stipendiyasi gʻolibi Anvarjon Qoʻqonov bilan “DAAD Stipendiyasini qanday yutdim?” mavzusida tashkil qilgan suhbat bilan ham tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

2.  Germaniyadagi Heinrich Böll Foundation grant dasturi shijoatli bakalavr, magistratura va PHD talabalariga yiliga taxminan 1200 ta grant ajratadi. Yevropadan boʻlmagan talabalarga magistraturada oʻqishlari uchun oyiga 850 yevro beriladi. PhD talabalariga barcha xarajatlari qoplanishidan tashqari 1200 yevro beriladi.

3. Germaniyadagi xalqaro talabalar uchun Konrad-Adenauer-Stiftung grant dasturi magistratura, doktorantura va tadqiqot dasturlarida oʻqiydigan va siyosatga qiziqishi boʻlgan talabalar uchun. Magistratura talabalari 2 yil davomida oylik 850 yevro stipendiya bilan taʼminlanadilar.

Bulardan tashqari, Germaniya haqidagi koʻproq maʼlumotlarni mustaqil izlanib ham topishingizni tavsiya qilamiz.

Xorijda grant yutish uchun nimalarga eʼtibor berish kerakligi va nimalar talab qilinishi haqida ushbu maqolamiz bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Postimiz orqali Germaniyada oʻqishning afzalliklari haqida yetarlicha maʼlumot oldingiz degan umiddamiz. Postni doʻstlaringiz bilan ulashishni unutmang. Loyihamizni kuzatib borishda davom eting!

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar