Qaysi DAAD grantiga hujjat topshirsam boʻladi?

Mundarija:

  • DAAD grant turlari;
  • Study Scholarships for All Disciplines;
  • ERP — iqtisodiyot, moliya va biznes boshqaruvi;
  • Helmut-Schmidt — davlat boshqaruvi va siyosat;
  • EPOS — rivojlanishga oid yoʻnalishlar;
  • Arxitektura;
  • Sanʼat, dizayn va vizual aloqa;
  • Doktorantura (PhD);
  • Foydali havolalar.

Manba

Manba

DAAD (Deutscher Akademischer Austauschdienst) — bu aynan bitta grant emas, balki Germaniyaning ilmiy almashinuv dasturi boʻlib bir nechta grantlarni oʻz ichiga oladi. Grantlarning xilma-xilligi talabalarda “Qaysi DAAD grantiga hujjat topshirsam boʻladi?”, “Qaysi DAAD granti men uchun mos keladi?” kabi savollar tugʻdirishi mumkin. Bugungi maqolamizda aynan shu savollarga javob topamiz.

DAAD grant turlari

“Qaysi DAAD grantiga hujjat topshirsam boʻladi?” savoliga ushbu havola orqali vizual javob olishingiz mumkin.

Yuqoridagi jadvaldan yurib borsangiz oʻzingiz topshirishingiz mumkin boʻlgan DAAD grantini topib olasiz.

Eslatma: Diagrammada asosiy eʼtibor yoʻnalishga qaratilgan. Har bir dastur talabini alohida oʻrganib chiqishingiz zarur.

Dastur talablarini alohida oʻrganib chiqishga erinsangiz, savollaringizni kimga berishga oʻylanib, hujjatlarni qanday tayyorlashga qiynalib, ularni xato toʻldirib kamida 1 yilni bekor yoʻqotishdan xavotirlansangiz, DAAD mentorlik kursi 3.0'da qatnashing!

Grant turlari haqida umumiy ma’lumotlarni esa quyida keltirib oʻtamiz:

Study Scholarships for All Disciplines

Ushbu grant dasturi bakalavr bosqichini tugatgan yoki uning soʻnggi bosqichida oʻqiyotgan barcha talabalarga Germaniya universitetlarida magistratura bosqichini iqtisod, biznes, moliya, arxitektura va sanʼat yoʻnalishlaridan tashqari barcha istalgan yoʻnalishda oʻqishni davom ettirish uchun moʻljallangan.

Dastur tanlangan kurs davomiyligiga qarab 10 oydan 2 yilgacha davom etadi. Dasturga qabul qilinganlar Germaniyada bepul oʻqish bilan birga, oylik stipendiya va turar-joy bilan ham taʼminlanadilar.

Dastur talablari:

  • Yosh chegarasi — yo'q;
  • Til sertifikati — minimum IELTS 6 yoki nemis tili B2 sertifikati. Tavsiya etilgan daraja — IELTS 6.5-7, nemis tili C1;
  • Nemis tilini bilmasa ham boʻladimi? — Ha (gʻoliblikka taʼsir qilmaydi);
  • Ish tajribasi — shart emas;
  • Bakalavrni bitirganlik chegarasi — 2018-yil yoki undan keyin;
  • Universitetga hujjat topshirish — intervyu yoki gʻolib boʻlgandan keyin;
  • Dedlayn — 31-oktabr;
  • Bir vaqtda ERP'ga topshirib boʻlmaydi.

ERP — iqtisodiyot, moliya va biznes boshqaruvi

Grant dasturi bakalavrni tamomlagan yoki uning soʻnggi bosqichida ta’lim olayotgan xorijiy talabalarga Germaniyada magistratura yoki bakalavrdan keyingi qoʻshimcha kurslarda oʻqish imkoniyatini beradi. Grant orqali Germaniyaning iqtisodiyot, moliya va biznes boshqaruvi yo’nalishi mavjud davlat universitetlarining birida magistratura bosqichida oʻqish mumkin.

Dastur davomida grant sohiblari tanlagan dasturiga qarab 18 oydan 24 oygacha oylik stipendiya, oʻquv xarajatlari uchun mablagʻ va sugʻurta pullari bilan taʼminlanadi. Safar xarajatlari ham tashkilot tomonidan qoplab beriladi. Grantni moliyalashtirish 3 yoki 4 semestr davom etishi mumkin (nomzodning akademik koʻrsatkichlariga qaraladi).

Dastur talablari:

  • Yosh chegarasi — yoʻq;
  • Til sertifikati — minimum IELTS 6 yoki nemis tili B2 sertifikati. Tavsiya etilgan daraja — IELTS 6.5-7, nemis tili C1;
  • Nemis tilini bilmasa ham boʻladimi? — Ha (gʻoliblikka taʼsir qilmaydi);
  • Ish tajribasi — shart emas;
  • Bakalavrni bitirganlik chegarasi — 2018-yil yoki undan keyin;
  • Universitetga hujjat topshirish — intervyu yoki gʻolib boʻlgandan keyin;
  • Dedlayn — 31-oktabr;
  • Bir vaqtda All Disciplinesga topshirib boʻlmaydi.

Helmut-Schmidt — davlat boshqaruvi va siyosat

Dasturdan koʻzlangan maqsad rivojlanayotgan davlatlarda boshqaruv tizimi va fuqarolik jamiyati tuzilmalarini rivojlantirishga yordam berishdan iborat. Dastur bakalavrni tamomlagan talabalarga ijtimoiy boshqaruv, iqtisodiyot, siyosat va huquq sohalariga aloqador 7 xil magistrlik kurslarida bepul oʻqish imkoniyatini taqdim etadi. 7 ta aniq belgilangan dasturdan 2 tagacha tanlash mumkin. Dasturga qabul qilingan ishtirokchilarning barcha xarajatlari toʻliq qoplab beriladi hamda ular oylik stipendiya bilan taʼminlanadilar.

Dastur talablari:

  • Yosh chegarasi — yoʻq;
  • Til sertifikati — ingliz tili shart - IELTS 6.5-7, nemis tili shart emas;
  • Nemis tilini bilmasa ham boʻladimi? — Ha, dastur davomida stipendiya ichiga kiruvchi 6 oylik nemis tili kursda qatnashish shart;
  • Ish tajribasi — sohada kamida 1-2 yillik ish tajriba boʻlishi shart;
  • Bakalavrni bitirganlik chegarasi — 2017-yil yoki undan keyin;
  • Universitetga hujjat topshirish — toʻgʻridan-toʻgʻri universitetga hujjat topshiriladi, ular nomzodni DAADga taklif qiladi;
  • Dedlayn — 31-iyul.

EPOS — rivojlanishga oid yoʻnalishlar

Ushbu grant rivojlanayotgan va yangi sanoatlashayotgan mamlakatlar talabalariga Germaniya universitetlarida  til va madaniyatshunoslik, huquq, iqtisod va ijtimoiy fanlar, matematika/tabiiy fanlar, tibbiyot, veterinariya/qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi va oziq-ovqat boʻyicha fanlar, muhandislik kabi yo'nalishlarda magistratura va doktorantura bosqichini oʻqish uchun xarajatlari toʻliq qoplanadigan datur hisoblanadi.

Dasturga bakalavr bosqichini tamomlagan talabalar ariza topshirishlari mumkin. Dastur gʻoliblarning yo’l xarajatlari, oʻqish toʻlovi, yaʼni barcha xarajatlari qoplab beriladi.

Dastur talablari:

  • Yosh chegarasi — yoʻq;
  • Til sertifikati — ingliz tili shart - IELTS 6.5-7 yoki nemis B2;
  • Nemis tilini bilmasa ham boʻladimi? — Ha, ingliz tilidagi dasturlarga topshirish mumkin;
  • Ish tajribasi — sohada bakalavrni bitirgandan keyingi kamida 2 yillik ish tajriba boʻlishi shart;
  • Bakalavrni bitirganlik chegarasi — 2018-yil yoki undan keyin;
  • Universitetga hujjat topshirish — toʻgʻridan-toʻgʻri universitetga hujjat topshiriladi, ular nomzodni DAADga taklif qiladi;
  • Dedlayn — dasturlardan kelib chiqib har-xil, asosan 31-avgust yoki 15-oktabr.

Arxitektura

Dastur arxitektura va unga aloqador yoʻnalishlar boʻyicha magistratura va undan keyingi muddatli qisqa kurslarni Germaniyada oʻqish istagida boʻlgan talabalar uchun moʻljallangan.

Dasturda ijtimoiy va akademik faol, ingliz yoki nemis tilini biluvchi, arxitektura yoʻnalishi boʻyicha yetarli bilimga ega, bakalavrni tamomlagan yoki uning soʻnggi bosqichida ta’lim olayotgan nomzodlar ishtirok etishi mumkin.

Dastur davomiyligi tanlangan universitetning oʻquv muddatiga bogʻliq. Lekin, odatda, quyidagicha davom etadi: Magistratura bosqichi — 10-24 oy. Bunda darslar odatda 1-oktyabrdan boshlanadi. 1-oʻquv yili yakunida talabalarning fanlarni oʻzlashtirish natijasi talab darajasiga javob bersagina kelgusi yilda ham stipendiya olish imkoniga ega boʻladi; Qisqa muddatli qoʻshimcha kurslar 1 akademik yil davom etadi. Bunda ham darslar 1-oktyabrdan boshlanadi. Lekin oʻqitish tili nemis tili boʻlgan kurslar ertaroq boshlanishi mumkin. Bunday kurslar hech qanday daraja yoki diplom bilan taʼminlamaydi.

Dastur talablari:

  • Yosh chegarasi — yoʻq;
  • Til sertifikati — minimum IELTS 6 yoki nemis tili B1 sertifikati. Tavsiya etilgan daraja — IELTS 6.5-7, nemis tili B2. Universitetlarning til bilish talablari yoʻnalishga qarab farq qilishi mumkin;
  • Nemis tilini bilmasa ham boʻladimi? — Ha, ingliz tilidagi dasturlarga topshirish mumkin;
  • Ish tajribasi — kerak emas;
  • Bakalavrni bitirganlik chegarasi — 2018-yil yoki undan keyin;
  • Universitetga hujjat topshirish — to'g'ri universitetga topshiriladi, ular nomzodni DAADga taklif qiladi;
  • Dedlayn — 25-oktabr.

Sanʼat, dizayn va vizual aloqa

Ushbu grant dasturi tasviriy sanʼat, dizayn, vizual aloqa va kino sohasi boʻyicha bakalavriat bosqichini tamomlagan talabalar uchun magistratura va doktorantura bosqichini yoki qisqa muddatli, daraja bermaydigan kurslarda oʻqish imkoniyatini taqdim etadi.

Dasturga qabul qilingan nomzodlarga oylik stipendiya, sayohat, sugʻurta xarajatlari va nemis tili kurs toʻlovi toʻliq toʻlab beriladi.

Grantni moliyalashtirish tanlangan oʻquv dasturining davomiyligi va nomzodning shu vaqt davomida oʻzlashtirish koʻrsatkichiga qarab 10 oydan 24 oygacha davom etadi.

Dastur talablari:

  • Yosh chegarasi — yoʻq;
  • Til sertifikati — Majburiy emas, lekin ba’zi universitetlar yoʻnalishga qarab talab qilishi mumkin;
  • Nemis tilini bilmasa ham boʻladimi? — Ha, ingliz tilidagi dasturlarga topshirish mumkin;
  • Ish tajribasi — kerak emas;
  • Bakalavrni bitirganlik chegarasi — 2018-yil yoki undan keyin;
  • Universitetga hujjat topshirish — toʻgʻridan-toʻgʻri universitetga hujjat topshiriladi, ular nomzodni DAADga taklif qiladi;
  • Dedlayn — 11-noyabr.

Doktorantura (PhD)

Ushbu dastur magistratura bosqichini tugatgan barcha talabalarga Germaniya universitetlarida til va madaniyatshunoslik, huquq, iqtisod va ijtimoiy fanlar, matematika/tabiiy fanlar, farmatsevtika, veterinariya / qishloq xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi va ozuqa ilmi, muhandislik, musiqa, sanʼat, sport sohalarida doktorantura bosqichida oʻqishni davom ettirish va tadqiqot olib borish uchun taqdim etiladi. Dastur tanlangan kurs va tadqiqot davomiyligiga qarab 4 yilgacha davom etadi. Dasturga qabul qilinganlar Germaniyada bepul oʻqish bilan birga, oylik stipendiya va turar-joy bilan ham taʼminlanadilar.

Dastur talablari:

  • Yosh chegarasi — yoʻq;
  • Til sertifikati — minimum IELTS 6, 6.5 yoki nemis tili C1 sertifikati;
  • Nemis tilini bilmasa ham boʻladimi? — Ha, ingliz tilidagi dasturlarga topshirish mumkin;
  • Ish tajribasi — shart emas;
  • Dedlayn — 31-oktabr.

Foydali havolalar

  • DAAD dasturlari haqidagi maʼlumotlar bilan GrantGO tomonidan tayyorlangan quyidagi video/ovozli chat orqali ham tanishish mumkin:

https://youtu.be/jMa0E8LbxRY

  • DAAD ERP stipendiyasining 2023/2024-oʻquv yili uchun gʻolibi, GrantGO jamoasi blogeri Anvarjon Quqonovdan olingan intervyu orqali DAAD grantini yutishning sir-asrorlari haqida bilib olasiz.
  • DAAD dasturlariga hujjat topshiruvchilar va ishtirokchilar uchun tashkil etilgan Telegram guruhi @DAAD_Communityda ham koʻplab foydali ma’lumotlarga ega boʻlishingiz mumkin.

Ushbu maqolamiz orqali “Qaysi DAAD grantiga hujjat topshirsam boʻladi?”, “Qaysi DAAD granti men uchun mos keladi?” javob topishda koʻmak beruvchi ma’lumotlar bera oldik, degan umiddamiz.

Agar maqola foydali boʻlgan boʻlsa, uni doʻstlaringiz bilan ulashishni unutmang!

©️ GrantGO saytida eʼlon qilingan har bir maqola jamoa mualliflik ishi hisoblanib, ulardan loyiha asoschilari ruxsatisiz har qanday tarzda foydalanish va koʻchirish mumkin emas!

Parolni unutdingizmi?

Parolni tiklash uchun saytdan roʻyxatdan oʻtgan emailingizni kiriting
Tizimga kirish

Sizni koʻrib turganimizdan xursandmiz!

Oʻz akkauntingizga kiring va tizim imkoniyatlaridan toʻliq foydalaning

Tanlangan imkoniyatlar